08:30 / 08.07.2021
5 134

Komil Allamjonov Saida Mirziyoyevani Gulnora Karimova bilan taqqoslashlariga munosabat bildirdi


Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov «BBC O‘zbek» nashriga bergan intervyusida Prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevaning ba’zi tashabbuslarini Gulnora Karimovaning g‘oyalari va loyihalari bilan taqqoslashlariga munosabat bildirdi.

«Biz bunday tanqidlarga juda ko‘p duch kelamiz. Endi Gulnora Karimovaning ham qilmagan ishi qolmagan ekan-da. Nima ishga qo‘l ursak, o‘sha ishdan Gulnora Karimova o‘tib ketgan bo‘ladi, bir iz qoldirib ketgan bo‘ladi. Gulnora Karimova bu ishlarni qildi yoki bu ishni qilgan ekan, deb yangi loyihalar paydo bo‘lsa, o‘zimizni tiymaymiz», — deya uning so‘zlarini keltirgan «Gazeta.uz».
Uning qo‘shimcha qilishicha, Gulnora Karimova o‘tmishda qilgan xatolar aslida o‘ziga xos «ko‘rgazma»dir.

«Biz loyihalarni shunday xatolik bilan qilsak, qanday oqibatlarga olib kelishini ko‘rdik. Bu bizga saboq. Lekin jamiyat uchun, odamlar uchun biror foydali loyihalar chiqqanda shuni bir vaqtlar Gulnora Karimova qilgan ekan, deb biz o‘z yo‘limizda to‘xtamaymiz», — deb ta’kidlagan Komil Allamjonov.

Saida Mirziyoyeva 2019 yilning aprelidan buyon Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. U yerda PR-markaz faoliyatini muvofiqlashtirish, davlat va boshqaruv organlarida oshkoralikni ta’minlash masalalarini nazorat qilish bilan shug‘ullandi, Prezidentning 5 tashabbusi doirasida loyihalarni amalga oshirdi.

2020 yilning 31 yanvaridan buyon Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari sifatida ishlab kelmoqda. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Saida Mirziyoyeva Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha komissiya a’zosi bo‘lib, ayollarining huquqlarini kengaytirish g‘oyalarini ilgari suradi. U 2020 yilning aprel oyida respublika miqyosida «Xavfsiz yordam» loyihasini ishga tushirdi, uning doirasida COVID-19 pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga moddiy yordam ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, Prezidentning to‘ng‘ich qizi O‘zbekiston madaniy merosini asrash ishlarida faol qatnashadi. Uning ko‘magida 2021 yilda Parijdagi Luvr muzeyida O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmani tashkil etish rejalashtirilgan. Saida Mirziyoyeva boshchiligida ko‘rish qobiliyatida nuqsoni bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni Brayl alifbosida chop etilgan darsliklar, badiiy, ilmiy va boshqa zarur adabiyotlar bilan ta’minlashga qaratilgan «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasining faoliyat doirasi kengaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Komil Allamjonov Saida Mirziyoyevani Gulnora Karimova bilan taqqoslashlariga munosabat bildirdi