19:17 / 14.07.2021
2 778

«Bu provokatsiya. Pul beraman, deb qancha odamni yig‘ish mumkinligini kimlardir tekshirib ko‘rdi» — Alisher Qodirov


Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Amir Temur hiyobonida ko‘plab fuqarolar to‘planganligi aks etgan, atrofda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari yugurib yurgan holat aks etgan videolar tarqaldi.

Nima bo‘lgandi o‘zi?
IIBB ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 13 iyul kuni taxminan soat 22.30 larda Toshkent shahriga Instagram va Youtube ijtimoiy tarmoqlarida «Subo» nomi bilan tanilgan bloger – 1999 yilda tug‘ilgan Rossiya fuqarosi Mamedov Subxan Murad o‘g‘li tashrif buyurgan. Bundan oldinroq u o‘zining sahifasida tez orada Toshkentda bo‘lishini va obunachilari bilan uchrashib, ularga pul tarqatishini ma’lum qilgan. Poytaxtimizning Amir Temur hiyobonida Mamedov S.ni kutib olish uchun 150-200 ga yaqin fuqarolar yig‘ilgan.

Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan fuqarolarga karantin qoidalariga rioya etishlari hamda ommaviy ravishda to‘planmasliklari tushuntirilgan va fuqarolar tarqatilgan. Bloger Mamedov S. bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

«Bu provokatsiya»
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov bu holatni «provakatsiya» deb atadi.
«Bu provokatsiya. Pul beraman, deb qancha odamni yig‘ish mumkinligini kimlardir tekshirib ko‘rdi.
Pul uchun davlati, g‘ururi va sharafidan bilib yo bilmay kechadiganlarni taxminan qancha ekanligini biz ham bilib oldik…
Bunday «o‘yinchoqlar» avval ham bo‘lgan, bugun ham bor, bundan keyin ham bo‘ladi.
Xulosa qilish kerak!
Tarbiya va ta’lim tizimi aqli raso va tafakkuri tirik yangi avlodni tayyorlab bermas ekan, taraqqiyotimizga tahdidlar o‘zimizdan chiqaveradi!» dedi «Milliy tiklanish» DP MK raisi.

«Shahar bedarvoza emas»
Komil Allamjonov esa qonun mahalliy blogerga ham, xorijiy blogerga ham barobar bo‘lishi kerakligini aytdi.
«Kuni kecha Amir Temur xiyobonida rossiyalik bloger Subxan Mamedov o‘z obunachilari bilan ko‘rishib, ularga pul tarqatishini elon qilgan. Natijada karantin cheklovlari mavjudligiga qaramasdan minglab odam to‘planib, tartibsizliklar yuzaga kelgan. 

U bilan profilaktik suhbat emas, balki unga nisbatan yolg‘on ma’lumot tarqatib, jamoat tartibi va sog‘ligiga xavf tug‘dirgani, yig‘ilishlar o‘tkazish tartibini buzgani nuqtai nazaridan huquqiy baho berilishi kerak. Qonun mahalliy blogerga ham, xorijiy blogerga ham barobar bo‘lishi kerak. Tartibbuzarlarni bunday ehtirom ila yana kuzatib qo‘yaversak, ertaga o‘zimizga qiyin bo‘ladi», deb yozdi u.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Bu provokatsiya. Pul beraman, deb qancha odamni yig‘ish mumkinligini kimlardir tekshirib ko‘rdi» — Alisher Qodirov