08:44 / 15.07.2021
1 389

Rossiyalik blogerni UZB raqamli mashinalar qo‘riqlab yurdi. Uning harakatlariga nega huquqiy baho berilmadi?

Rossiyalik blogerni UZB raqamli mashinalar qo‘riqlab yurdi. Uning harakatlariga nega huquqiy baho berilmadi?

Rossiyalik bir blogerning pul tarqatish va’dasiga ishongan 200 dan ortiq yoshlar 13 iyul kuni kechqurun Toshkentdagi Amir Temur xiyoboni atrofida to‘plandi. IIV va Milliy gvardiya maxsus bo‘linmalari yig‘ilganlarni haydab soldi. Bloger bilan esa profilaktik suhbat o‘tkazildi xolos. Yana bir e’tiborli jihat, mehmonni noma’lum sabablarga ko‘ra YPX xodimlari va hatto UZB-toifa raqamli mashinalar ham qo‘riqlab yurdi, bu himoya o‘zbekistonlik soliq to‘lovchilarga qanchaga tushgani ma’lum emas.
Xo‘sh, yuzlab yoshlarni yarim kechasi, boz ustiga koronavirus yana avj ola boshlagan vaqtda bir joyga yig‘ilishga majbur qilgan bloger kim o‘zi?

Tarmoqda “Subo” taxallusi bilan faoliyat olib boruvchi 22 yoshli Subxan Mamedov o‘zining Instagram va YouTube sahifalariga pranklar, qo‘shiqlar va boshqa turli xil videolar joylab boradi. Jami obunachilari soni 4 milliondan oshadi.
“Subo”ning aytishicha, u aslida Nukusga, o‘zining obunachisi bo‘lgan bir bemorning oilasi bilan tanishib, uni Dubayga olib ketish uchun kelgan.

U Nukusdagi ishlarini tamomlagach, kech soat 23da Toshkentda bo‘lishi va Amir Temur xiyobonida muxlislari bilan qisqacha uchrashuv o‘tkazgach, ularga go‘yoki pul tarqatishi haqida Instagram stories'da yozib qoldirgan.

Qiziq tarafi, “Subo” O‘zbekiston bo‘ylab harakatlanganida Xorazmdan Nukusga ketishida va boshqa bir qancha videolarida yo‘l-patrul xizmati mashinalari va maxsus signalli, UZB toifasidagi raqamga ega avtomobillar hamrohligi, himoyasi ostida yurgan.
Bloger qaysi asoslarga ko‘ra himoyalangani, uni qo‘riqlash uchun o‘zbekistonlik soliq to‘lovchilar hisobidan qancha sarflangani noma’lum.

Toshkentga yo‘l olgan Subxan Mamedovni 200 ga yaqin yoshlar Amir Temur xiyobonida kutib turishgan. Tarmoqda tarqalgan videolarda dastlab navbatchilikda yurgan ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari to‘planganlarni ogohlantirish bilan tarqatib yubormoqchi bo‘lganini ko‘rish mumkin.

“Subo” yetib kelgach, IIV xodimlari uni o‘rab olgan odamlar orasidan olib chiqib ketishadi. To‘planganlarni tarqatish uchun qo‘shimcha kuchlar chaqiriladi. Maxsus bo‘linmalar olomonni tarqatish uchun qanday kuch vositalaridan foydalangani noma’lum. Ularda faqat rezina dubinka va kaska bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Videolardan birida organ xodimlaridan biri jarayonni videoga olayotgan shaxsga qarshilik qilganini ko‘rish mumkin.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, blogerni obunachilari o‘rab olganda xodimlar uni olib chiqishgan va bo‘limda profilaktik suhbat o‘tkazilgan. To‘plangan fuqarolar ham faqat tarqatib yuborilgan, hech kimga ma’muriy bayonnoma tuzilmagan. Shuningdek jarohatlanganlar ham bo‘lmagan.

Fuqarolarni bunday chaqiriqlarga uchmaslikka va karantin qoidalariga rioya etib, ommaviy to‘planmaslikka chaqirgan poytaxt IIBB negadir bir qancha huquqbuzarlik sodir etgan rossiyalik bloger bilan faqat profilaktik suhbat o‘tkazish bilan cheklangan xolos.

Masalan, mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat yomonlashayotgani fonida Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan ochiq maydonlar yoki yopiq majmualarda bo‘lishidan qat’i nazar, barcha turdagi ommaviy bayram tadbirlari to‘xtatilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 200-1-moddasiga ko‘ra, ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini buzish fuqarolarga 5–15 BHM, mansabdorlarga esa 15–25 BHM jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu kodeksning 54-moddasida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish fuqarolarga 20 BHM, mansabdor shaxslarga esa 30 BHM jarima solishga sabab bo‘lishi yozilgan.

Bundan tashqari, blogerning harakatlari tarkibida yig‘ilishlar va namoyishlar uyushtirish tartibini buzish va yolg‘on axborot tarqatishga doir huquqbuzarlik elementlari bor yoki yo‘qligiga ham huquqiy baho berilmagan.

Harakatlarida qator huquqbuzarlik alomatlari bo‘lgan rossiyalik blogerga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan favqulodda ehtirom va iltifot ko‘rsatilishining sabablari jamoatchilik vakillarida e’tiroz uyg‘otmoqda.

“Qonun mahalliy blogerga ham, xorijiy blogerga ham barobar bo‘lishi kerak. Tartibbuzarlarni bunday ehtirom ila yana kuzatib qo‘yaversak, ertaga o‘zimizga qiyin bo‘ladi”, – deya yozdi Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov.

Bloger Otabek Bakirov esa Rossiyada o‘zbekistonliklar shu kabi qiliqlar qilishsa, qanday chora ko‘rilishi haqidagi savolni o‘rtaga qo‘ygan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni karantin qoidalariga va cheklovlariga qat’iy rioya etishga, ommaviy to‘planmaslikka chaqirdi.
“Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida rossiyalik blogerni kutib olish uchun 150-200 nafarga yaqin yoshlar yig‘ilgan. Bu yig‘inda ishtirok etgan yoshlar tomonidan mamlakatimizda o‘rnatilgan ijtimoiy masofa saqlash, niqob taqish kabi karantin qoidalariga mutlaqo rioya etilmagan. Aytish kerakki, bu holat koronavirus infeksiyasining yanada keng tarqalishi va epidemiologik vaziyat yanada og‘irlashishiga olib kelishi mumkin”, – deyiladi SSV bayonotida.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev esa “sodda odamlarning ishonchi hisobiga boylik orttiruvchi bir shaxs”ning O‘zbekistonga kelib, ayni karantin vaqtida poytaxtning qoq markazida uyushtirgan tartibsizligini hech nima bilan oqlab bo‘lmasligi bildirdi.

“O‘zimizni oddiy fuqarolarga bitta maska taqmagani uchun maksimal jazo berilayotgani oldida bu shaxs bilan shunchaki profilaktik suhbat o‘tkazish bilan cheklanilgan bo‘lsa, men ham qoyil qolmadim. Bu nima ahvol?” – deydi deputat.
Bir necha soat avval bloger BAAga yetib olgani va O‘zbekistonda bo‘lgan hodisa yuzasidan afsusdaligini aytib chiqdi.

Manba: Kun.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Rossiyalik blogerni UZB raqamli mashinalar qo‘riqlab yurdi. Uning harakatlariga nega huquqiy baho berilmadi?