18:04 / 15.07.2021
2 531

Xalqaro konferensiya sabab Toshkent markazi vertolyotdan nazorat qilinmoqda


Foto: «Novosti Tashkentskogo neba»
Toshkentda bugun, 15 iyul kuni «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya boshlanadi. Unda 400 dan ortiq xorijiy mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan xalqaro konferensiya o‘tkaziladigan Tashkent City majmuasi atrofidagi hudud harakatlanish uchun yopilgan, ayrim avtobus yo‘nalishlari o‘zgartirildi.

Telegram’dagi TashkentLand kanalining yozishicha, boshqa ko‘chalar ham, xususan, Nukus ko‘chasi vaqtinchalik yopiladi. Xavfsizlik choralari sifatida 15 iyul erta tongdan xalqaro konferensiya o‘tkaziladigan hudud vertolyot orqali nazorat qilinmoqda.

«Novosti Tashkentskogo neba» kanalining yozishicha, poytaxt uzra havo maydonini O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy-havo kuchlarining H-215M SuperPuma ko‘p funksiyali vertolyotlari qo‘riqlamoqda.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qilganidek, Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan konferensiya Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan.

«Ushbu konferensiya, shubhasiz, joriy haftaning eng muhim tadbiri bo‘ladi. Avval qayd etilganidek, Afg‘oniston va Pokiston prezidentlari, shuningdek, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozep Borrel, 20 dan ziyod mamlakat tashqi ishlar vazirlari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Ishtirokchilarning umumiy soni 600 dan ortiq», — degan Asadov.

Poytaxtdagi ushbu xalqaro konferensiya 2 kun — 15–16 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xalqaro konferensiya sabab Toshkent markazi vertolyotdan nazorat qilinmoqda