00:00 / 16.07.2021
2 869

«Hukumat emlanmaganlarning erkini cheklashi kerak» — Alisher Qodirov


Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov tashkilotlarda xodimlarga koronavirusga qarshi emlashni majburiy qilib qo‘yish mumkinligi haqida ta’kidladi. Bu haqda «Gazeta.uz» xabar qilmoqda.

Deputatning qayd etishiga ko‘ra, Mehnat kodeksining 212-moddasiga muvofiq ish beruvchi xodimlarning kasaba uyushmasi bilan kelishgan holda mehnat jamoasining manfaatlaridan kelib chiqib, xodimga majburiyat yuklashi mumkin.

«Tashkilot mehnat jamoasining sog‘lom mehnat faoliyatini ta’minlash maqsadida xodimlariga koronavirusga qarshi emlanishni majburiy qilib qo‘ysa bo‘ladi. Qolaversa, har birimizni bizga xizmat ko‘rsatayotgan bank xodimi, sotuvchi, haydovchi, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari, tibbiyot va ta’lim sohasi xodimlarini kasallik tarqatuvchi emasligini kafolatlanishini talab qilishga haqimiz bor», — dedi u.

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbarining ta’kidlashicha, «emlanmaganlarning erkini cheklash kerak».
«Vaksina olishga majbur emassiz. Lekin xavfsizlikni ta’minlash asosiy vazifasi bo‘lgan, bizning ishonchimiz bilan vakolatli bo‘lgan hukumat, epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadida emlanmaganlarning erkini cheklashi kerak.
Har birimiz erkin, lekin jamiyat oldida majburiyatlari bo‘lgan fuqaro ekanimizni unutmasligimiz kerak. Bugungi kunga kelib insoniyat ishonch bilan suyanayotgani — meditsina birgina virusning davosini topib berolmadi. Bu hali muhokama qilinishi va tegishli baho berilishi kerak bo‘lgan jiddiy masala, bu keyingi mavzu», — deydi Alisher Qodirov.

Deputat, shuningdek, virusni yengishning yagona yo‘li vaksinatsiya ekanini ta’kidladi.
«Hozircha virusni ihotalashning yakka-yu yolg‘iz yo‘li emlanish ekan, avvalo, o‘zimiz va yaqinlarimizning, qolaversa, atrofimizdagilar xavfsizligi uchun emlanishimiz shart», — deya qo‘shimcha qildi Alisher Qodirov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Hukumat emlanmaganlarning erkini cheklashi kerak» — Alisher Qodirov