21:30 / 25.07.2021
4 047

Yangi hafta o‘rtalariga borib havo salqinlashadi


Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga 27 iyuldan, respublikaning boshqa hududlariga 28-29 iyuldan sovuqroq, salqinroq havo kirib kelishi kutilmoqda.

Gidrometeorologiya ilmiy- tekshirish instituti doktoranti, falsafa doktori (PhD) Erkin Abdulahatov telegram-kanalida yozishicha, shimoli-g‘arbdan kirib kelayotgan sovuq antisiklon sohasi haroratni birmuncha pasaytiradi. Ammo bu oqimdan yog‘ingarchilik bo‘lish ehtimoli juda kam. Tog‘larda mahalliy xususiyatga ega jala yomg‘irlar yog‘ishi saqlanadi.

“Surxondaryo va Qashqadaryo viloyati hududlarida hafta o‘rtalarida ham maksimal +40 darajalik haroratlar saqlanadi. Boshqa joylarda havo harorati birmuncha pasayadi. Shimol hududlarida 29 iyul kuni maksimal havo harorati qiymatlari +32 darajagacha ko‘tarilib, salqin havoni taqdim etadi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, 27-28 iyul kunlari joylarda kuchli shamollar va chang bo‘ronlari ko‘tarilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Eron hududlaridan quruq va issiq havo oqimi kirib kelishi hisobiga O‘zbekistonda 24 iyuldan beri jazirama kuzatilmoqda. «O‘zgidromet» respublika hududida kunduz kunlari havo harorati 44 darajaga, janubiy va cho‘l zonalarida esa 45–46 darajaga yetishini prognoz qilgandi.

Toshkent shahar hokimligi aholidan zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslikni so‘ragan.
«Keskin issiq havoda barcha insonlar, ayniqsa, surunkali kasalligi bo‘lgan, dispanser nazoratida turuvchi bemorlar, yosh bolalar, homilador ayollar va keksalar o‘zlarini himoyalashlari nihoyatda muhim.

Bunday sharoitda aholimizdan zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmasliklarini, ko‘proq suyuqlik iste’mol qilishlarini so‘rab qolamiz.
Hurmatli hamshaharlar va poytaxtimiz mehmonlari, issiq va quruq havoning salbiy oqibatlaridan o‘zingizni asrang!» deyiladi xabarda.
Erkin Abdulahatov havo haroratining yuqorilashi bir paytning o‘zida havoda atmosfera bosimi keskin pasayishi bilan hamohang kechayotganini ta’kidlaydi.

“Respublikaning markaziy hamda qo‘shni Turkmaniston bilan chegaradosh cho‘l hududlari markazida bosim farqi atrofga nisbatan keskin pasayuvchi past bosimli sohani rivojlantirmoqda. Bu kabi faollik respublika hududlarida 26-27 iyul kuni ham davomli kuzatiladi.
26-27 iyul kunduz kunlari respublikaning voha hududlaridagi past bosimli soha bilan shimol Qozog‘istondagi yuqori bosimli soha to‘qnashishi natijasida shiddatli shamollar esishi uchun sharoit yuzaga kelgan.

Vaziyat chuqur tahlil qilinmoqda. Taxminiy shamol kuchiga qarab, ogohlantirish xabarlari ishlab chiqilishi mumkin”, deydi Gidrometeorologiya ilmiy- tekshirish instituti doktoranti.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yangi hafta o‘rtalariga borib havo salqinlashadi