22:31 / 30.07.2021
2 494

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini tabrikladi

Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Halqlar do‘stligi kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi.

Muhtaram vatandoshlar!
Qadrli do‘stlar!

Siz, azizlarni, butun O‘zbekiston xalqini mamlakatimizda birinchi bor nishonlanayotgan bayram – Xalqlar do‘stligi kuni bilan chin qalbimdan, samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining qaroriga muvofiq, 30 iyul – butun dunyoda Xalqaro do‘stlik kuni sifatida nishonlanib keladi. O‘zbekistonda shu yil 10 fevralda qabul qilingan qonunga asosan ushbu sana Xalqlar do‘stligi kuni deb belgilandi. Bu bayramning ta’sis etilishi butun respublikamiz aholisining ayni ko‘nglidagi ish bo‘ldi.

Bizning qadimiy va qutlug‘ zaminimiz ko‘p asrlar davomida Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashib, turli sivilizatsiya va madaniyatlar o‘zaro munosabatga kirishgan, nafaqat savdo, balki gumanitar aloqalar amalga oshirilgan markaz bo‘lib kelgan. Bu yerda yonma-yon yashagan turli xalqlar, madaniyat va dinlar vakillarining aynan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari mintaqamizning madaniy rivoji uchun qudratli omil bo‘lgan.

Chindan ham, bizning ajdodlarimiz og‘ir zamonlarda avvalambor ko‘pmillatli xalqimizning birligi va jipsligi, fidoyiligi, insonparvarligi va bag‘rikengligiga tayanib, barcha sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tgan.

O‘zbekiston – ulkan imkoniyat va resurslarga ega bo‘lgan mamlakat. Lekin bizning eng katta boyligimiz – turli millat va konfessiyalar vakillari o‘rtasidagi tinchlik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikdir.

Biz bunday bebaho boylik bilan haqli ravishda faxrlanamiz hamda davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini mamlakatimizdagi do‘stlik va ahillik muhitini mustahkamlashga yo‘naltiramiz.

Mustaqil O‘zbekistonda millatlar va konfessiyalararo totuvlik va o‘zaro bir-birini tushunish, yosh avlodni bag‘rikenglik, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari, millati, tili va dinidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani muhrlab qo‘yilgan. Ularga o‘z madaniyati, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Keyingi yillarda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar o‘zining sifati va ma’no-mazmuniga ko‘ra yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarildi.

Bugun biz o‘z oldimizga Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek buyuk maqsadni qo‘ydik. Hech shubhasiz, bu borada jamiyatimizda qaror topgan do‘stlik va birdamlik muhiti mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni saqlash va mustahkamlash, islohot va yangilanishlar yo‘lidan izchil ilgarilab borish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirishning mustahkam asosidir.

Hurmatli do‘stlar!
Sizlarga ma’lumki, biz Millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosati konsepsiyasini qabul qildik. Bu hujjat ushbu yo‘nalishdagi izchil ishlarimizning samaradorligini oshirishning muhim huquqiy poydevoriga aylandi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari yagona va ahil oila bo‘lib yashayotgani barchamizni quvontiradi. Ular barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilib, jonajon O‘zbekistonimizning ravnaqi va gullab-yashnashiga munosib hissa qo‘shmoqdalar.

Yurtimizda 16 ta konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar o‘z faoliyatini erkin amalga oshirmoqda. Mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni yanada uyg‘unlashtirishda 150 ta milliy madaniy markaz katta rol o‘ynamoqda. Ularning ko‘p qirrali faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi ushbu maqsadlar uchun zarur mablag‘larni yo‘naltirmoqda, turli subsidiya va grantlar ajratilmoqda.

Toshkentda Do‘stlik bog‘i tashkil etilmoqda. Poytaxtimiz va hududlarimizda barpo etilgan Do‘stlik uylari fuqarolarimizni o‘z bag‘riga chorlaydigan markazlarga aylanmoqda.

Davlat ta’lim muassasalarida o‘quv ishlari 7 tilda olib borilmoqda, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi o‘z ko‘rsatuv va eshittirishlarini 12 tilda berib bormoqda.

Biz so‘nggi yillarda chet ellarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarni kuchaytirishga alohida ahamiyat bermoqdamiz. Ushbu yo‘nalishda chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilmoqda.

Biz barchamiz mamlakatimizda yashab, Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan turli millat va elat vakillari, jumladan, milliy madaniy markazlarning rahbarlari va faollarini yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.

Bu haqda so‘z yuritganda, Viktor Pak, Margarita Filonovich, Galina Melnikova, Vladimir Boyko, Viktoriya Akilova, Rahmatulla Jabborov, Rishat Nabiullin, Gulandom Subhonova, Hanifa Solihova, Umrizoq Quvvatov, Serikbay Usenov, Kaykep Aliyeva, Temur Kapadze kabi yosh avlodimizga o‘rnak bo‘lib kelayotgan taniqli jamoat arboblarining nomlarini alohida tilga olishni istardim.

Qutlug‘ bayram – Xalqlar do‘stligi kuni arafasida turli millatga mansub fuqarolarimiz yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Fursatdan foydalanib, ularni chin dildan tabriklab, barchasiga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Muhtaram vatandoshlar!
Bugungi murakkab zamonda dunyoning turli mintaqalarida millatlar va konfessiyalar o‘rtasida keskinlik kuchayib bormoqda.

Bunday tahlikali sharoitda biz birinchi navbatda jamiyatimizdagi tinchlik, barqarorlik va fuqarolararo totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashimiz, farzandlarimizni ko‘pmillatli xalqimizning yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlari ruhida tarbiyalashimiz zarur.

Hurmatli do‘stlar, barchangizni yana bir bor Xalqlar do‘stligi kuni bilan tabriklayman.

Ishonchim komilki, ushbu bayram yurtdoshlarimiz qalbida mustahkam o‘rin egallaydi va hayotimizda ezgu an’anaga aylanadi.
Barchangizga sihat-salomatlik, yutuq va omad, oilalaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.

Go‘zal va betakror yurtimizda doimo tinchlik va osoyishtalik hukm sursin, ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqiga baxtu saodat yor bo‘lsin! — dedi Prezident.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini tabrikladi
[/banner_pushhouse