08:57 / 02.08.2021
2 014

Sardor Umrzoqov blogerlarga: «Tanqid qilmasalaringiz, biz amaldorlar taltayib ketamiz»


«Biznes bilan bevosita muloqot — ishlabilarmonlik muhitini yaxshilashning eng samarali vositasi» mavzusida 30- iyul, juma kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov jurnalistlarni haqoratsiz va tuhmatsiz tanqid qilishga chaqirdi. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.

Umrzoqov o‘z nutqida bir yil avval hayotida kuzatilgan holat haqida gapirarkan, odamning shaxsiy hayotidagi videoni uning ruxsatisiz tarqatishga hech kimning haqi yo‘qligini ta’kidladi.

«Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari, sizlar hozir Yangi O‘zbekistonning qurilishida juda katta rol o‘ynayapsizlar. Shu bilan birga shunday holatlar yo‘q emaski, biz nimagadir sensatsiyani qidirishga, salbiy yangilik topishga harakat qilamiz, ayrim holatlarda pashshadan fil yaratib, obunachilarimizni ko‘paytirmoqchi bo‘lamiz.

Shu o‘rinda o‘z hayotimdan bitta misol keltirmoqchiman. 2020 yilning fevralida topshiriq bo‘yicha delegatsiya bilan Turkiyaga ketyapman. Unda hali bizga pandemiya kelmagan, karantin boshlanmagan edi. Samolyot endi qo‘zg‘alyapti, yonimda Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov o‘tiribdi. Unga oddiy, yarim hazil gaplarni aytib, suhbatlashdim. Samolyot qo‘nganidan keyin telefonimni yoqsam, tanishlarimdan Telegram’imga 200 ga yaqin xabarlar kelgan, barchasi bir xil. Hurmatli blogerlarimizdan qaysidir biri samolyotda mendan ikki qator orqada o‘tirib, gaplarimni videoga olgan va ‘Qani toping-chi, bu qaysi vazir?’ deb tarqatib yuborgan. Aslida u yerda hech qanday yomon gap bo‘lmagan.

Men umrimning besh yilini Londonda o‘tkazganman. Agar bloger shu ishini o‘sha yerda qilganida, uni sudga berishardi. Chunki odamning shaxsiy hayotidagi videoni ruxsatisiz chiqarishga haqi yo‘q. Bizda sudga berib ko‘ring, shu zalda o‘tirgan jurnalistlardan uch karra ko‘prog‘i tanqid ostiga ko‘mib tashlaydi: ‘Voydod, bular so‘z erkinligiga qarshi’, deydi», — dedi hukumat vakili.

Uning qayd etishicha, jurnalist va blogerlar tanqid qilmasa, amaldorlar taltayib ketadi.
«Bizda nimaga so‘z erkinligi bir taraflama? Biz o‘zimiz o‘ylagan, xohlagan fikrni gapirishga o‘rgandik, bu bizga yoqyapti. Lekin aytgan va yozgan gapimizga javobgarlikni, mas’uliyatni sezishni xohlamayapmiz. Nima uchun bir taraflama? Hozir blogerlar, izohchilar ‘Bu g‘o‘ddaygan, o‘zidan ketgan’, deb yozishi mumkin. Ammo bu haqiqat, bu ham adolatsizlik.

Shuning uchun qars ikki qo‘ldan chiqadi. Ishlashimiz kerak, tanqid qilinglar. Tanqid qilmasalaringiz, biz amaldorlar taltayib ketamiz. Bu ham haqiqat, bu hayot qonuni. Lekin tanqid asoslangan, qonun doirasida, haqoratsiz va tuhmatsiz bo‘lishi kerak», — dedi Sardor Umrzoqov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sardor Umrzoqov blogerlarga: «Tanqid qilmasalaringiz, biz amaldorlar taltayib ketamiz»