18:28 / 03.08.2021
2 324

Shavkat Mirziyoyev: Pandemiya davrida xalqimiz 3 ta muhim shartga qat’iy amal qilishi kerak


Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirni ochar ekan, davlat rahbari pandemiyani yengib o‘tish doirasida olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi.

«Pandemiya davrida dunyo bo‘ylab koronavirus aniqlangan 200 million nafar bemorning 4,2 million nafari vafot etdi. Mamlakatimizda ham iyun oyining ikkinchi yarmi va iyul oyidan kasallanish ko‘rsatkichlari keskin o‘sib, kunlik yangi kasallanish holatlari o‘rtacha 750-800 tani, pnevmoniya esa 450-500 tani tashkil etmoqda.

Bugungi kunda 10 mingga yaqin bemor shifoxonada, 3 ming nafari uy sharoitida davolanayotgan bo‘lsa, 2,4 ming nafari og‘ir, 890 nafari o‘ta og‘ir ahvolda.

Shunday bo‘lsa-da, kasallikni davolash va uni oldini olish bo‘yicha yetarli tajriba orttirdik. Sog‘liqni saqlash tizimi shay holatga keltirilib, barcha zarur vositalar, yetarli dori-darmon va tibbiyot jihozlari bilan ta’minlandi. Ijtimoiy soha ob’ektlari va iqtisodiyot tarmoqlari keskin karantin cheklovlarisiz faoliyatini davom ettirmoqda.

Pandemiyadan imkon qadar yo‘qotishlarsiz o‘tishimiz va keyingi to‘lqinlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun, xalqimizdan 3 ta muhim shartga qat’iy amal qilish talab etiladi.

Birinchidan, virusdan himoyalanish va uni yengishning eng muhim sharti – bu, albatta, vaksinatsiya. Qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, ushbu maqsadlar uchun bugungi kunga qadar 4 turdagi 13 million doza vaksina olib keldik. Qaysi turdagi vaksina bilan emlanish bo‘yicha aholida tanlash imkoniyati paydo bo‘ldi.

Shu bois emlash tadbirlarini keng joriy etish maqsadida kuni kecha maxsus qonunni imzoladim. Ushbu qonun orqali ish beruvchilarga sog‘lig‘iga ko‘ra qarshi ko‘rsatma bo‘lmagan, lekin profilaktik emlashni rad etgan xodimlarini ish joyiga kiritmaslik huquqi berildi.

Ikkinchidan, shaxsiy gigiyena va ijtimoiy masofani saqlash talablariga rioya qilish, jamoat joylarida tibbiy niqobda yurish – kasallikdan eng samarali himoya ekanini unutmaslik lozim.

Afsuski, odamlarimiz bu talabni unutib, esdan chiqarib qo‘ygani ham, ayni haqiqat. Cheklovlarga qaramasdan, joylarda ko‘p kishilik to‘ylar, turli xil marosimlar to‘xtagani yo‘q.

Shu bilan birga, joriy haftadan oliygohlarga kirish uchun test imtihonlari boshlanadi, bu tadbirlarda respublika bo‘yicha kuniga 100 mingga yaqin abituriyent qatnashadi. Ushbu tadbirlarni ham karantin talablari asosida tashkil etish zarur.

Uchinchidan, kasallik yengil kechayotgan va uy sharoitida davolanayotgan bemorlarning o‘zboshimchalik bilan, pala-partish dori vositalarini iste’mol qilishining oldini olish zarur. Afsuski, bemorlar uy sharoitida noto‘g‘ri davolanishlari natijasida og‘ir oqibatlar kelib chiqmoqda», – dedi Prezident.

Sog‘liqni saqlash mutasaddilari oldiga uy sharoitida davolanayotgan bemorlarni tizimli nazoratini hamda to‘g‘ri davolanishni targ‘ib qilish topshirig‘i berildi. Buning uchun, maxsus tibbiyot brigadalari sonini kamida 2 baravarga oshirish, ularni zarur dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Bosh prokurorga viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari bilan birgalikda dorixonalarda koronavirusga qarshi qo‘llaniladigan dori vositalari narxining asossiz oshishi va ularning noqonuniy aylanmasi bo‘yicha kunlik nazorat tadbirlarini kuchaytirish topshirildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev: Pandemiya davrida xalqimiz 3 ta muhim shartga qat’iy amal qilishi kerak