17:50 / 04.08.2021
3 929

O‘zbekiston Prezidenti saylovida ishtirok etadigan birinchi rasmiy nomzod e’lon qilindi


Foto: «Gazeta.uz»
O‘zbekiston prezidentlik saylovida Ekopartiya tomonidan partiya markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodov nomzod sifatida qatnashadigan bo‘ldi.

UzReport’ning xabar berishicha, bu haqda 4 avgust kuni Ekologik partiya markaziy kengashining navbatdan tashqari plenumida ma’lum qilindi.

Plenumda mamlakatda tobora dolzarb bo‘lib borayotgan ekologik muammolarni hal etish, jamiyatda aholining e’tiborini ekologik muammolar va ularning yechimiga qaratish, inson salomatligini asrash va sog‘lom turmush tarzini ta’minlash borasida jamiyat oldida turgan o‘ta muhim masalalarni hal etishni o‘z zimmasiga olgan holda partiyaning mazkur saylovda qatnashishi to‘g‘risida plenum qarori qabul qilindi.

Ushbu dolzarb masalalarni o‘zida aks ettirgan dastur bilan O‘zbekiston Prezidenti saylovida qatnashishi uchun partiya o‘zining bo‘lajak nomzodini sezd muhokamasiga kiritish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Ma’lumot uchun, Narzullo Oblomurodov 2019 yilda «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlangan. 2021 yilning fevralida Ekopartiya etib saylangan. Undan avval Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida rais o‘rinbosari bo‘lgan, undan ham avval esa Prezident administratsiyasi Xalq qabulxonasi faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘limini boshqargan.

Qonunchilikka ko‘ra, partiya yuqori organi uning nomzodini ma’qullashi, Respublikadagi jami saylovchilarning kamida 1 foizi nomzodni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishi kerak bo‘ladi.

O‘zbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasiga 23 iyul kuni start berildi. Mazkur saylovlarda 5 ta partiya – «Adolat» SDP, «Milliy tiklanish» DP, O‘zLiDeP, XDP va O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘z nomzodini ilgari surish huquqiga ega. Ekopartiya 2021 yilgi prezidentlik saylovida birinchi bo‘lib o‘z nomzodini ko‘rsatdi.

Prezident saylovi 24 oktabr kuni o‘tkaziladi. Saylovga jami 300 milliard so‘m, har bir nomzodga esa 3 milliard so‘mdan ajratiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston Prezidenti saylovida ishtirok etadigan birinchi rasmiy nomzod e’lon qilindi