18:55 / 05.08.2021
1 824

Namanganda shifokorni kaltaklagan aka-uka ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi


Foto: Telegram
Namanganda issig‘i ko‘tarilganidan shikoyat qilib kelgan aka-ukadan COVID-19 ga chalinmaganini bilmoqchi bo‘lgan shifokor ayovsiz kaltaklangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mushtumzo‘r aka-uka ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

4 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahridagi 10-sonli oilaviy poliklinikada fuqaro shifokorni ayamasdan do‘pposlayotgani aks etgan video tarqaldi. Keyinroq Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holatga munosabat bildirib, o‘rganishlar olib borilayotganini ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, 28 iyul kuni soat 02:30 da Namangan shahar «Objuvoz» mahallasi Tafakkur ko‘chasi 41-uyda yashovchi 22 yoshli F.J. ismli fuqaro va uning 25 yoshli akasi F.B. Namangan shahar «Yangiqurilish» mahallasida joylashgan 10-son oilaviy poliklinikaga tana haroratining ko‘tarilishi shikoyati bilan murojaat qilgan.

Shu kuni poliklinikada o‘z navbatchiligini o‘tayotgan 27 yoshli shifokor U.A. fuqarolar – F.J. va F.B.ni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ularga tana harorati me’yorda ekani va koronavirus infeksiyasiga PZR-test topshirishi kerakligini aytganida bu tashxisdan norozi bo‘lgan aka-uka shifokor U.A.ni ayovsiz do‘pposlagan va unga jiddiy tan jarohati yetkazgan.

Shundan so‘ng shifokor U.A. olgan tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialiga murojaat qilgan.

Tibbiy tekshiruv davomida shifokor U.A.ga bosh miyaning yopiq shikasti, bosh miyaning kuchli chayqalishi, o‘ng qo‘l tirsak sohasining jiddiy zararlanishi, peshona, o‘ng chakka va o‘ng yuz yuqori qovoq sohasi kuchli qontalash tashxisi qo‘yilgan.

Hozirda tibbiyot xodimiga tajovuz qilgan fuqarolar – F.J. va F.B.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, mazkur holat yuzasidan mushtumzo‘r aka-ukaga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Namanganda shifokorni kaltaklagan aka-uka ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi