18:30 / 06.08.2021
3 991

Alisher Qodirov: «O‘zbekiston prezidenti saylovida g‘olib bo‘lishni orzu qilyapman»


«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashining 6 avgust, juma kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari plenumida partiya yetakchisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov nomzodi prezidentlik saylovida ishtirok etish uchun tavsiya qilindi. Plenumdan keyin OAV vakillariga intervyu bergan Alisher Qodirov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

— «Milliy tiklanish» partiyasi siz, Sodiq Safoyev va Feruza Muhammadjonovani prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatgan ekan. Ayting-chi, nima uchun sizni tanlashdi?
— Menda bunaqa ma’lumot yo‘q. Partiyaning barcha fidoiylari juda uzoq muhokamadan keyin bugungi kunda partiyaning ilgari surayotgan g‘oyalari bo‘yicha menga ishonch bildirish masalasini ko‘tarishdi. Bu masalani bugungi plenumning ishonchi bilan qabul qildik. Navbatdagi qiladigan ishlarimiz — Markaziy Saylov Komissiyasi bilan ishlash va ushbu nomzod masalasini yakuniy partiyaning eng oliy organi bo‘lgan s’ezdning muhokamasiga berish. Agar s’ezd tomonidan nomzod masalasi ham yakuniy qaror sifatida ma’qullanadigan bo‘lsa, biz, albatta, saylovlarga kirishamiz.

— Nomzodingiz bugungi plenumda ma’qullandi. Saylov oldidan nimani orzu qilyapsiz?
— Yutishni, saylovda g‘olib bo‘lishni.

— Qaysi maqsadlar bilan?
— Maqsadlarimiz dasturlarimizda belgilangan. O‘zbekistonning rivojlanishi, bugungi muammolarini bartaraf etish, o‘zbek xalqining farovon va yaxshiroq yashashi uchun qilishimiz kerak bo‘lgan barcha masalalar dasturda o‘z aksini topgan. Biz dasturimizda belgilangan masalalarni amalga oshirish uchun hamma imkoniyatlarimizni sarf qilgan holatda mehnat qilishga, albatta, va’da beramiz.

— «Milliy tiklanish» partiyasi uchinchi bo‘lib nomzodini e’lon qildi. Bu ijtimoiy tarmoqlarda qanaqa kutib olinayotganini kuzatyapsizmi?
— Ijtimoiy tarmoqlar xalq degani emas.

— Lekin xalqning faol qatlami...
— Yo‘q, men bunday deb o‘ylamayman. Chunki biz ko‘chalarda, bozorlarda yurganda shaxsan o‘zim bir masalaga bir necha oylardan beri e’tibor qaratyapman. Ijtimoiy tarmoqlardagi munosabat bilan ko‘cha-ko‘y, bozorlar, mahallalardagi aholining fikri butunlay bir-biriga teskari tushyapti. Shu narsaga ishonchim komilki, ijtimoiy tarmoqlarda bugun fikrlarni manipulyatsiya qilish, oqni qora, qorani oq qilib ko‘rsatish mumkin. Shu sababli men ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarga emas, bevosita xalqimizning oddiy-oddiy qatlamlarining fikrlariga ko‘proq quloq solishni maqsadga muvofiq deb hisoblagan bo‘lardim.

— Saylovlarda qancha ovoz olishni taxmin qilyapsiz?
— O‘zbekiston yangilandi va O‘zbekistonda yangi saylovlar bo‘ladi. Hozir Yangi O‘zbekistonda butunlay erkin va haqiqiy saylovlar bo‘lishiga to‘liq ishonamiz. Bu saylovlarda yagona maqsadimiz — O‘zbekistonning taraqqiyoti uchun o‘z dasturimizni taklif qilish, yagona saylovchi bo‘lgan o‘zbek xalqining xulosasi va qaroriga bo‘ysunish. Niyatimiz — yutish, taxminlarimiz — o‘zbek saylovchisining adolatli baho berishi.

— Ikki yil avval parlament deputatligiga birinchi urinishda yetarli ovoz to‘play olmagansiz. Bu gal yetarli ovoz yig‘ishga nisbatan ishonchingiz qay darajada?
— O‘shanda parlament saylovlarida yuzaga kelgan holat bo‘yicha o‘z fikrimni aytganman. Unda biz partiya raisi sifatida barcha viloyatlarda harakatlarimizni amalga oshirganmiz. Ammo o‘z okrugimda ishlamaganman. Bunga saylovchilar haqli ravishda e’tiroz bildirgan. U yerda saylov jarayonlari bo‘yicha yangi tartib joriy qilingan edi. O‘sha paytda 50 foizdan yuqori ovoz olish uchun bizda qisqagina yetishmovchilik bo‘lgan. Biz buni ikkinchi davrada joyiga qo‘ydik va saylovchilarning to‘liq ishonchiga erishganmiz.

— Siz partiya yetakchisi sifatida doim millat, til, adabiyot kabi masalalarni ko‘tarib kelasiz. Eshitishimiz bo‘yicha farzandlaringiz rus maktablariga qatnaydi. Bunga qanaqa fikr bildirasiz?
— Farzandlarimning barchasi O‘zbekiston maktablarida o‘qiydi. O‘zbekistonda rus maktabi degan maktab yo‘q. Rus tili o‘qitiladigan maktablar bor. Bugungi kunda O‘zbekistondagi barcha maktablarda rus tili fanlari o‘qitiladi. Mening bolalarim o‘qiydigan maktablarda ham rus tili fanlari o‘qitiladi.

— Prezident bo‘lsangiz, birinchi bo‘lib qanday islohotlarni amalga oshirasiz?
— Bu dasturimizda belgilangan. Hozir bu haqda alohida gapirsam, cho‘zilib ketishi mumkin, dasturlarimizda bu aks etadi. Lekin partiya o‘z shiorlariga sodiq qolgan holda, ta’lim va tarbiya sohasini birinchi o‘rinda hamda ustuvor vazifa sifatida isloh qilishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

— Saylovlarda aholining ko‘proq qaysi qatlamining ovozini olishni niyat qilyapsiz?
— Ishonchimiz komil, agar dasturimizda belgilangan vazifalarni xalqimizning barcha qatlamlariga to‘g‘ri yetkazib bera oladigan bo‘lsak, juda keng qatlamning barchasining ishonchiga erishishimiz mumkin.

— Bahsli odamsiz. Nomzodingizni ko‘rsatganingizdan keyin sizga nisbatan tanqidlar ko‘payib ketadi. Bunga munosabatingiz qanday?
— Yuqorida aytganimdek, tanqidlarni taklif o‘rniga, maqtovlarni tanqid o‘rniga qabul qilaman. Ya’ni barcha maqtovlardan tanqidni ko‘rish kerak, lekin tanqidlardan taklif chiqarib olamiz. Mening fikrlarim ham kimlargadir yoqmasligi mumkin, kimlarningdir fikrlaridan o‘zim uchun xulosa qilaman. Bu o‘zgarish jarayoni. Tanqidlar bilan o‘samiz, o‘zgaramiz va butun O‘zbekiston ham bugungi kunda o‘zgarishi kerak, deb hisoblaymiz.

— Yaqinda bergan intervyularingizning birida «Biz bu saylovlarda amaldagi hukumatni va hokimiyatni tanqid qilamiz, ularga o‘z tanqidlarimiz bor, kamchiliklarni aytamiz», — degan edingiz. Bu qanday kamchilik va qanaqa tanqidlar?
— Bizning takliflarimiz kimlar uchundir tanqid bo‘lishi mumkin. Lekin bizning bu saylovdagi maqsadimiz kimlarnidir tanqid qilish emas. O‘z takliflarimizni saylovchilarga yetkazish. Agar saylovchilarimiz tomonidan ma’qullanadigan bo‘lsa, albatta, buni o‘z fikrlarimizni, takliflarimizni amalga oshirish uchun imkoniyat sifatida qabul qilamiz.

— Partiya yetakchilarining nomzod sifatida ko‘rsatilishiga fikringiz qanaqa?
— Bu masalada men mulohaza bildirmayman. Hamma partiya o‘z nomzodini ko‘rsatish huquqiga ega.

Mirolim Isajonov yozib oldi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Alisher Qodirov: «O‘zbekiston prezidenti saylovida g‘olib bo‘lishni orzu qilyapman»