14:50 / 09.08.2021
6 503

Jurnalistni obro‘sizlantirish maqsadida tarqatilgan Olmazor City’dagi videoni kim olgani aniqlandi


Feruza Najmiddinova.
Foto: Instagram / @f.najmiddinova.qalampiruz

7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist Feruza Najmiddinovani obro‘sizlantirishga qaratilgan video tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Oliy Majlisi Senati, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, «Yuksalish» umummilliy harakati rasmiy bayonot berdi, qator jurnalistlar munosabat bildirdi. O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarovning ma’lum qilishicha, Olmazor City’dagi holatni tasvirga olgan fuqaroning shaxsi aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi 7 avgustdagi rasmiy bayonotida mazkur holat yuzasidan surishtiruv boshlagan, «Qalampir.uz» sayti va Olmazor City’ga chiqib, vaziyatni to‘liq o‘rgangan. 8 avgust kuni uyushma mas’ullari nashr tahririyatida bo‘lib, sayt rahbari va jamoasi, jumladan, Feruza Najmiddinova bilan muloqotda bo‘lgan.

«Uyushma vakillari ijtimoiy tarmoqqa tarqalib ketgan ana shu nomaqbul video va foto materiallarni suratga olgan fuqaro M.P. bilan muloqotda bo‘lib, holat yuzasidan batafsil axborot olishdi. Ma’lum bo‘lishicha, Olmazor tumani Yangi Olmazor ko‘chasidagi uylardan birida yashovchi M.P. qarama-qarshi joylashgan uyning ochiq balkonida ro‘y berayotgan ishqiy munosabat holatini tasvirga olib, Olmazor City majmuasining qorovuli V.ga tashlab bergan. V. esa, o‘z navbatida, videoni profilaktika inspektoriga yuborgan», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqqa tarqalib ketgan ishqiy munosabat bilan bog‘liq foto va videomateriallar aslida axloqsizliklarni bartaraf etish uchun huquq-tartibot organlariga topshirish maqsadida tasvirga olingan. «Lekin videotasvirlar qabih kishilarning qo‘liga tushib, jurnalist ayolni obro‘sizlantirish uchun qo‘llanilgan», — deya ta’kidlaydi Olimjon O‘sarov.

Uyushma raisining hisoblashicha, montaj qilingan videotasvirlar jurnalist Feruza Najmiddinovaga qarshi qo‘llanilgani uning kasb faoliyati bilan bevosita bog‘liq.

«U so‘nggi paytlarda inson huquqlari, ayolning jamiyatdagi o‘rni, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar yo‘lidagi sun’iy to‘siqlar haqida qator tanqidiy-tahliliy materiallar e’lon qilib kelayotgan edi. Fikrimizcha, videorolik buyurtmachisi shu kabi tanqidiy materiallar ‘qahramon’laridan biri bo‘lishi mumkin.

Internet tarmog‘ida bu kabi salbiy holatlarning davom etishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun, shuningdek, so‘z erkinligi, ommaviy axborot vositalari vakillarini himoya qilish maqsadida qat’iy chora-tadbirlar ko‘rilishi maqsadga muvofiq. Asosiysi, vaziyatga tegishli huquqiy baho berilib, qilmishni sodir etgan shaxslar, albatta, javobgarlikka tortilishi shart», — deb yozadi O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jurnalistni obro‘sizlantirish maqsadida tarqatilgan Olmazor City’dagi videoni kim olgani aniqlandi