09:30 / 10.08.2021
1 863

DTM: «Javob belgilanmagan test topshirig‘iga ball berilishi natija xato hisoblanganini anglatmaydi»


O‘zbekiston OTMlariga kirish imtihonlarida javoblar varaqasida belgilanmagan taqdirda unga ball berilishi natija xato ekanini anglatmaydi. Bu haqda Davlat test markazi ma’lum qildi.

Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida talabgorlarda test topshirig‘iga nisbatan biror e’tiroz mavjud bo‘lsa, o‘z e’tirozini yozib berishi uchun e’tirozlar blankasi joriy etilgan bo‘lib, mazkur blanka oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida ham qo‘llaniladi.

Bunda abituriyent unga berilgan test topshirig‘ida biror xatolik mavjud deb hisoblasa, mazkur test topshirig‘i yuzasidan o‘z e’tirozini e’tirozlar blankasiga yozib beradi.

Bildirilgan e’tirozlar fan mutaxassislari tomonidan ko‘rib chiqiladi va e’tiroz o‘rinli bo‘lsa, mazkur test topshirig‘i tushgan barcha abituriyentlarga (abituriyent e’tirozlar blankasiga yozmagan bo‘lsa ham) ushbu test topshirig‘i uchun tegishli ball beriladi.

Bunda abituriyent mazkur test topshirig‘iga javob belgilagan yoki belgilamaganligining ahamiyati yo‘q. Ya’ni, abituriyentning e’tirozi asosli bo‘lsa, u javoblar varaqasiga belgilagan bo‘lsa ham, javob variantini belgilamagan bo‘lsa ham unga mazkur test topshirig‘i uchun tegishli ball beriladi.

Agar abituriyentning e’tirozi asossiz bo‘lsa, abituriyentning e’tirozi inobatga olinmaydi va test topshiriqlari abituriyent javoblar varaqasiga belgilagan javoblar asosida tekshiriladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » DTM: «Javob belgilanmagan test topshirig‘iga ball berilishi natija xato hisoblanganini anglatmaydi»