20:12 / 11.08.2021
2 465

O‘zbekistonda «Sputnik V» vaksinasi qachondan ishlab chiqarilishi ma’lum qilindi


Foto: «Daryo»
Avgust oyining o‘rtalaridan O‘zbekistonda «Sputnik V» vaksinasini ishlab chiqarish boshlanadi. Bu haqda OAV vakillari uchun Olmaliq shahridagi Jurabek Laboratories korxonasiga tashkil etilgan press-turda kompaniya vakili ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Daryo».

«Rossiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda ‘Sputnik V’ vaksinasining ilk validatsion partiyasini ishlab chiqardik. Birinchi va ikkinchi komponentlari ikki kun davomida ketma-ket ishlab chiqarildi. Jarayonda rossiyalik mutaxassislar shaxsan ishtirok etib, kuzatib bordi va ishlab chiqarish muvaffaqiyatli o‘tdi. Validatsion partiyalarning barchasi tegishli laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazish uchun Rossiyaga yuborildi. Kuni kecha tekshiruv xulosalarini oldik va bu ham muvaffaqiyatli o‘tganini aytishdi», — dedi kompaniyaning ishlab chiqarish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Aziz Sodiqov.

Uning qayd etishicha, keyingi bosqichda «Sputnik V» vaksinasini tijoriy maqsadda ishlab chiqarish jarayoni boshlanadi.
«Ishlab chiqarish jarayoni avgust oyi o‘rtalarida boshlanishi rejalashtirilmoqda. Ilk bosqichda oyiga 2 million dozadan 10 million dozagacha ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Vaksina Rossiyadan bizga tayyor holda yuboriladi, biz faqat o‘sha vaksinalarni flakonlarga quyib, muzlatamiz. Tayyor bo‘lganidan keyin ma’lum qismini muzlatilgan holatda rossiyalik mutaxassislarga laboratoriya sinovlari uchun jo‘natamiz. Ular tomonidan ruxsat berilgach, so‘ngra xalqqa yetkazamiz.

Birinchi navbatda, o‘zimizning bozorimizni ta’minlab beramiz. Undan keyin ortib qolgan qismini eksport qilamiz. Keyinchalik o‘zbek-xitoy vaksinasini ham ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda», — dedi kompaniya vakili.

Ma’lum qilinishicha, Jurabek Laboratories’da hozirgi kunda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 5 foizdan 8 foizgacha qismi Gruziya, Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Moldovaga eksport qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, may oyida Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ma’lum qilingan edi. O‘zbekiston tomoni bunday taklif bilan 2020 yilning dekabridayoq chiqqan va ishlab chiqarish maydonchasi sifatida Tashkent Pharma Park hududini taklif qilgan edi.

Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Rashid Nurgaliyev 26 iyul kuni «Rossiyskaya gazeta»ga bergan intervyusida O‘zbekiston yaqin orada Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. O‘zbekiston dori vositasi ishlab chiqariladigan hududni tanlaganini ham aytgandi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev avgust oyining dastlabki haftasidan boshlab O‘zbekistonda «Sputnik V» vaksinasini ishlab chiqarish boshlanishini ma’lum qilgani, O‘zbekistonga 1,2 mln doza Pfizer vaksinasi olib kelinishi hamda Shavkat Mirziyoyev hokimlarga vaksinatsiya bo‘yicha ishlarni qattiqqo‘llik bilan nazoratga olishni topshirgani haqida xabar berilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda «Sputnik V» vaksinasi qachondan ishlab chiqarilishi ma’lum qilindi