12:39 / 17.08.2021
2 512

«Osmon uzilib yerga tushmadi»: Mirziyoyev propiska, majburiy mehnat, «qora bozor» va boshqalar haqida

«Osmon uzilib yerga tushmadi»: Mirziyoyev propiska, majburiy mehnat, «qora bozor» va boshqalar haqida
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilk bor matbuotga – «Yangi O‘zbekiston» gazetasiga intervyu berarkan, xalq farovonligi uchun propiska, xorijga chiqish stikeri, majburiy mehnat, paxta va g‘alla kabi eski tartiblarga ham alohida to‘xtaldi.

«Ayni paytda yana bir haqiqatni unutmasligimiz lozim: bugungi O‘zbekiston – bu hali tom ma’nodagi, biz orzu qilayotgan, intilayotgan Yangi O‘zbekiston emas. Hali bu marraga yetish uchun oldimizda juda olis va mashaqqatli yo‘l turibdi. Yo‘limiz shu paytgacha oson bo‘lgani yo‘q, bundan keyin ham oson bo‘lmaydi. Lekin biz dadil oldinga borishdan, kerak bo‘lsa, kutilmagan, ammo pirovard natijasi samarali va xalqimiz manfaatlariga javob beradigan noan’anaviy qarorlar qabul qilishdan cho‘chimasligimiz zarur.

Mana, so‘nggi paytda ko‘pgina masalalarda, jumladan, “propiska”, xorijga chiqish uchun “stiker”, majburiy mehnat, paxta va g‘allaga davlat buyurtmasini belgilash kabi eski tartiblardan mutlaqo voz kechish bo‘yicha g‘oyat muhim qarorlar qabul qildik.

Sodda qilib, jaydari tilda aytadigan bo‘lsak, bu bilan osmon uzilib, yerga tushgani yo‘q. Aksincha, byurokratiya, vazifani suiiste’mol qilish, tamagirlik ko‘rinishlari kamayib, jamiyatimiz hayoti erkinlashdi, odamlar yengil nafas ola boshladi. Xalqimiz ham, dunyo jamoatchiligi ham bu qadamlarimizni ijobiy baholamoqda.

Yangi O‘zbekiston – bu, avvalo, yangicha iqtisodiy munosabatlar, yangicha iqtisodiy dunyoqarash demakdir. Shu bois mamlakatimiz iqtisodiy tizimi to‘liq qayta qurilmoqda, qanchalik og‘ir bo‘lmasin, bozor mexanizmlarini amalda joriy etishni boshladik.

Hozirgi vaqtda elektron kartochkadagi pullarni bankomatlar orqali naqd pulga aylantirish, milliy valyuta kursining “qora bozor”da – bir xil, banklarda esa boshqacha bo‘lishi, xorijiy valyutalarni sotib olish, fuqarolikka ega bo‘lish, O‘zbekistonning istalgan hududidan uy-joy va mol-mulk sotib olish hamda ularni ro‘yxatga qo‘yish bilan bog‘liq muammolar tarixda qoldi.

Islohotlar aholining barcha qatlamlari manfaatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda: tadbirkorlar o‘z biznesini rivojlantirish uchun erkinlik va yangi-yangi imkoniyatlarga ega bo‘lmoqda, dehqon va fermerlar, klaster xo‘jaliklari o‘zlari yetishtirgan hosilning haqiqiy egasiga aylanmoqda. Holbuki, sobiq mustabid tuzum davrida “tepa”dan buyruq bo‘lmasa, bir qadam bosishga ham haqqimiz yo‘q edi. Ahvol shu darajaga yetib borgan ediki, uyimizning tomigacha paxta ekdik, lekin kosamiz oqarmadi. Maktab bolalarini ham paxtaga haydadik. Sevimli shoirimiz Abdulla Oripov o‘z davrida chuqur dard va iztirob bilan “Million egatlarga sochilgan o‘zbek”, deb yozganidek, yuz yil egilib paxta terdik.

Yaqin-yaqingacha har yili taxminan 6-7 million odam paxta terimiga majburan safarbar etilardi. Mana, uch yildan buyon ular bu mashaqqatdan qutuldi. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu sohada biz bozor iqtisodiyotining sinalgan va samarali usullarini, jumladan, klaster tizimini joriy etdik. Klasterlar yordamida gektaridan paxta bo‘yicha – 50 sentner, g‘alla bo‘yicha 100 sentnerdan hosil olishni ko‘zlayapmiz va bu marralarga albatta erishamiz.

Afsuski, mamlakatimizda tezlik bilan hal etish kerak bo‘lgan o‘tkir muammolar boshqa sohalarda ham yig‘ilib qolgan edi. Hammasi joyida, degan kayfiyat bilan ularni bilib – bilmaganga, ko‘rib – ko‘rmaganga olib, g‘aflat uyqusiga botib yuraverish ham mumkin edi. Lekin bu o‘zimizga, xalqimizga, kelajakka nisbatan xiyonat bo‘lardi.

Ochiq aytmoqchiman: mening tabiatim bunday soxta hayotni mutlaqo qabul qilolmaydi. Xalqimiz menga ishonch bildirdi, ana shu yuksak ishonchni oqlash, el-yurtimizga munosib hayot sharoitini yaratib berish – men uchun hayotimning ma’no-mazmunidir. Men millionlab insonlarning taqdiri uchun mas’uliyatni zimmamga olgan ekanman, islohotlar borasida boshqacha yo‘l tutishim, hammasini avvalgidek qoldirishim aslo mumkin emas.

Takror aytaman: oldimizda turgan ishlarning barchasini o‘zimiz, o‘z kuchimiz bilan qilishimiz kerak, hech kim chetdan kelib biz uchun bironta muammoni hal qilib bermaydi», degan prezident.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Osmon uzilib yerga tushmadi»: Mirziyoyev propiska, majburiy mehnat, «qora bozor» va boshqalar haqida