19:30 / 30.08.2021
3 301

«O‘sha qiyin paytda meni Jizzaxga olib ketdi» — Qudratulla Rafiqov

«O‘sha qiyin paytda meni Jizzaxga olib ketdi» — Qudratulla Rafiqov
Ko‘ksaroy qarorgohida 30 avgust, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan bir guruh turli soha vakillarini taqdirlash marosimida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi Qudratulla Rafiqov so‘zga chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan birga ishlagan davrlarini esladi. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.

«Mening yoshim ham 75 ga boryapti. Salkam 60 yildan beri shu davlatga xizmat qilib kelyapman. Har xil lavozimlarda, Toshkent shahri tumanlarida turli lavozimlarda ishladim. Toshkent shahrining rivojlanishiga ozmi, ko‘pmi, o‘z hissamni qo‘shib keldim.

Mustaqilligimizga 30 yil bo‘lgan bo‘lsa, shu davrning 20 yilini Jizzax viloyatida o‘tkazdim. Nega, degan savol tug‘ilishi tabiiy, albatta. Mustaqilligimizning ilk yillarida ancha «o‘yinlar», har xil siyosiy masalalar bo‘lgan. O‘sha zamonlarda shunday vaqt bo‘lib qoldiki, hatto qadrdon do‘stlarim ham mendan sal uzoqroq yuradigan, gaplashishga ham or qiladigan bo‘lib qoldi. Hattoki, ba’zi birlari ko‘chada meni ko‘rib qolib, ko‘chaning narigi tomonidan yurgan paytlar ham bo‘ldi.

Ana shunday paytda Shavkat Miromonovich Jizzax viloyatiga hokim bo‘lib borgan. O‘sha qiyin paytda qanchalik og‘ir bo‘lmasin, Birinchi Prezident huzuriga kirib, ruxsat olib, meni Jizzax viloyatiga olib ketdi. Lavozimlar berdi, hurmat-izzatimni joyiga qo‘ydi, birga olib yurdilar, maslahatlar berdilar. «Bu yosh yigit Toshkentdan kelib, uzog‘i bir-ikki yilda qaytib ketadi», — degan gaplarni ham eshitganman. Lekin unday bo‘lmadi.

Shavkat Miromonovich Mirzo Ulug‘bek tumanida ishlab yurgan paytlaridayoq yo‘l qurardi, ko‘chalarga asfalt qilardi, bog‘chalar, maktablar qurardi va bundan bolalarcha xursand bo‘lardi. Poytaxtda orttirgan tajribalarini Jizzaxda ham qo‘lladi, viloyatlar ichida birinchi marta yoshlar markazi, Olimpiya zaxiralari kolleji, stadionlar qurildi, ilk bor Respublikada «Barkamol avlod» sport o‘yinlari musobaqasi o‘tkazildi. Qisqasi, Jizzax tez fursatlarda rivojlangan viloyatlardan biriga aylandi, paxta rejasini ham bajardi. Men uchun Jizzax viloyati — ikkinchi vatanim, eng yaqin qadrdonlarim shu viloyatda», — dedi Rafiqov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «O‘sha qiyin paytda meni Jizzaxga olib ketdi» — Qudratulla Rafiqov