19:13 / 02.09.2021
2 199

DTM izoh berishi shart! — deputat mandat kechikayotganini keskin tanqid qildi

DTM izoh berishi shart! — deputat mandat kechikayotganini keskin tanqid qildi
Shu kunlarda Mustaqilligimizning 30 yilligini katta tantanalar bilan nishonlayapmiz. Ko‘pchilik bayram kayfiyatida. Ammo abituriyentlar emas. Ular mandat qachon chiqarkin, o‘qishga kirdimmi yoki yo‘q, degan o‘yda yuragini hovuchlab yuribdi. Ko‘ngliga chiroq yoqsa, yorishmaydi.

Aslida natijalar test tugagan kundan boshlab, bir hafta muddatda chiqishi shart. Hayotimizning har bir sohasiga raqamlashtirish kirib kelgan, imtihon savollarining javoblari to‘g‘riligini kompyuter tekshirayotgan vaqtda natijalarni cho‘zish kimga kerak bo‘lib qoldi? Ijtimoiy tarmoqlarda «adolatsizlik qachon barham topadi», qabilidagi savollar bejiz ilgari surilayotgani yo‘q.

To‘g‘ri, abituriyent qancha ball olganini qisqa muddatda bilib olyapti, ammo mandatni e’lon qilishga, nahotki, bir oyga yaqin vaqt ketsa? Bizningcha, hamma soha raqamlashtirilgan davrda «bahona izlash» befoyda. Hech bo‘lmaganda Davlat test markazi mutasaddilari xalq oldida hisobdorligini anglab, o‘z harakatlariga vaqtida izoh berishlari kerak.

Aholi, ayniqsa umidvor yoshlarning talabiga javob bera olmaydigan Davlat test markazi faoliyatini butunlay qaytadan ko‘rib chiqish kerak.

Inson katta hayotga ta’lim orqali kirib keladi, oliy ta’limdagi adolatsizlik yoshlar qalbida jamiyatga, o‘z kelajagiga ishonchsizlik bilan qarashga sabab bo‘ladi.

Rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganganimizda ularda bizdagi kabi o‘qishga kirish bo‘yicha ba’zi toifalarga imtiyozlar emas,yuqori bilim uchun rag‘bat, stipendiyalar, ta’lim grantlari mavjudligini ko‘ramiz. Bu albatta, barcha uchun barobar qilib qo‘yilgan: biliming bo‘lsa, marhamat, stipendiya, grant yutib olib imkoniyatlarga ega bo‘l. Hech kimga qo‘sh qo‘llab imtiyoz taqdim etilmaydi.

Ta’limda aholining barcha qatlamlariga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida oliy o‘quv yurtlariga kirishdagi imtiyozlar tizimini jiddiy isloh etish zarur. Imtiyozlar faqat respublika va xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun (maxsus shartlar asosida, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha) qoldirilsa, mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Qolgan barcha abituriyentlar sog‘lom raqobat muhitida, adolat mezoni bo‘yicha saralanishi darkor.

To‘lov-kontrakt miqdorini belgilashda ham aholining real daromadlarini hisobga olish adolatdan bo‘lar edi. Zotan, ayrim abituriyentlar kontrakt pulini to‘lashga qurbi yetmagani bois o‘qishni tashlab ketayotganini bilamiz. Shunga muvofiq, aholining kam daromadli qatlami uchun ham maqbul keladigan ta’lim krediti liniyasini ishlab chiqish, ularga grantlar ajratish, kontrakt miqdorini qabul paytigina emas, balki o‘qish jarayonida ham differensiallashtirish maqsadga muvofiqdir. Masalan, talaba o‘quv yilini a’lo baholarga tugatsa, bu uning stipendiyasiga ham, kontrakt miqdoriga ham ta’sir ko‘rsatsin. Shunda yoshlarda ilm olishga ishitiyoq kuchayadi, ta’lim sifati ortadi. Jamiyatimiz yuqori bilimli, vatanparvar, qiziquvchan, adolat tamoyillarida tarbiya topgan o‘tyurak kadrlarga juda muhtoj.

Maqsuda Vorisova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » DTM izoh berishi shart! — deputat mandat kechikayotganini keskin tanqid qildi
[/banner_pushhouse