12:08 / 04.09.2021
5 224

Tolibonning tabriklarida ko‘p gap bor

Tolibonning tabriklarida ko‘p gap bor
Foto: BBC
Tolibon harakati, bir emas, ikki marta O‘zbekistonni davlat mustaqilligi munosabati bilan tabriklabdi! Bu – juda yaxshi signal. Tabrikda, tolibon harakati O‘zbekistonni “birodar”, “do‘st” davlat ekanligini urg‘ulagan.

O‘zbekistonning tolibon harakati bilan diplomatik munosabatlari, O‘zbekiston ichkarisida ham, tashqarisida ham, qisman yoki ancha noqulay qabul qilinayotgani, seziladi. Lekin O‘zbekistonni tolibon harakati bilan diplomatik va siyosiy muloqotlarida, aloqalari zamirida – muhim geosiyosiy, siyosiy nuqtalar mavjud.

Keyingi ikki-uch yil davomida O‘zbekistonni tolibon harakati bilan muloqotlar olib borgani va shu yo‘l bilan, bu harakatning dunyoqarashiga, ichki va tashqi siyosat borasidagi pozitsiyalari shakllanishida rasmiy Toshkentning ohista ishtirok etayotgani – jiddiy diplomatik va siyosiy muvaffaqiyat hisoblanadi. Siyosatda muloqotlar orqali ohista ta’sir qilinadi.

Toliblar bilan to‘qnashuvlar orqali bosim qilish, ish bermasligini, vaziyat ko‘rsatdi. Bu harakat – Afg‘onistonda ob’ektiv va uzoq muddatli katta kuch bo‘lar ekan, rasmiy Toshkentning Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi bo‘lib diplomatik aloqalar o‘rnatishi – O‘zbekistonning pragmatik va ratsional siyosat olib borayotganini ko‘rsatadi.

Ikkinchidan, toliblar bilan muloqot qilish orqali, O‘zbekiston, halqaro hamjamiyatga “bu harakat bilan ishonchli aloqalarimiz bor! Shu sabab, bu harakatdan, Afg‘onistondan bizga real tahdid mavjud emas! Shu sabab, O‘zbekistonni harbiy bloklarga qo‘shilishga jiddiy ehtiyoji yo‘q!” degan geosiyosiy ohang uchun kuchli asos yaratiladi.

Ya’ni toliblar bilan diplomatik aloqalar, O‘zbekistonni geosiyosiy mustaqilligini yuqori darajada urg‘ulaydi. O‘zbekistonni ODKBga kirish uchun zarurat yo‘qligini ifodalaydi. O‘zbekistonni harbiy bloklarga qo‘shilishiga zaruratni yo‘qqa chiqaradi. RFning Markaziy Osiyodagi informatsion, siyosiy, geosiyosiy bosimlarini qadrsizlaydi.

Toliblar, diniy-siyosiy-mafkuraviy harakat sifatida, rasmiy Moskvaning maqsadi nima ekanligini yaxshi tushunishadi. Bu harakat, qanchalik rasmiy Pekin va Moskva bilan chiroyli diplomatik aloqalarda bo‘lmasin, islomiy manfaatlar, islom geosiyosati haqida gap ketganda, o‘zlarining asosiy yo‘lidan chekinmaslikka harakat qilishadi.

Ya’ni shunday imkoniyat borki, agar tolibonga rasmiy Toshkent va rasmiy Moskva, o‘z kanallari orqali, ziddiyatli pozitsiyalarni aytishsa, tolibon harakati musulmon O‘zbekistonining fikrini ko‘proq eshitishga moyil bo‘ladi. Lekin hali bu borada ishlash kerak deb o‘ylayman.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy sharhlovchi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tolibonning tabriklarida ko‘p gap bor