12:51 / 11.09.2021
4 276

Mirolim Qilichev Ahmadboy sabab Matiz, Captiva 2 va uch xonali uyidan ajralib, ko‘chada qolgani haqida gapirib berdi (video)

Mirolim Qilichev Ahmadboy sabab Matiz, Captiva 2 va uch xonali uyidan ajralib, ko‘chada qolgani haqida gapirib berdi (video)
Foto: «Daryo»
Aktyor Mirolim Qilichev «Daryo» internet-nashriga eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni «Daryo» muxbiri Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Suhbat davomida Mirolim Qilichev Ahmadboy sabab uch xonali uyidan ajralib, ko‘chada qolgani haqida gapirib berdi.

- "Erkak kishi hayoti davomida mana shunday vaziyatlarga ko‘p tushib qolar ekan. Sababi mening dadam ham mashina olaman deb Mustaqillikdan oldin bankda uzoq yillar pul jamg‘arib yurgan ekanlar. Keyin mustaqillik bo‘lib, pullar o‘zgargani uchun dadam bankda yig‘gan pullari ham kuyib ketgan ekan. Shu taqdir menda ham qisman takrorlandi.

O‘zi boshida Ahmadboy shov-shuv bo‘lib yurganida men ishonmay yurdim. Lekin kunlardan bir kuni teatrimizda do‘stimiz meni shu ishga ko‘ndirdi. O‘sha paytlarda Matiz rusumli avtomobilim bor edi. Men mashinamni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ahmadboyga emas, uning Rixsitilla degan shogirdiga berdim. Qarasak puli vaqtida berilyapti. Keyin yana bitta mashina bilan yig‘ib yurgan pulimizni berdik. O‘sha vaqtda Captiva-2 rusumli avtomobil endi chiqqan paytlari 30.000 AQSH dollariga sotib olgan edim. Ana shu Captiva-2 ni ham berdik.

Shunaqa biznes qilayotganimizda bir-ikkita do‘stlarimning orasiga ham kirdim. Bir-ikkita ustozlarga ham «pulingizni beraveringlar o‘rtada mana men turibman», deb yuboribman. Keyin esa Ahmadboylar qo‘lga olindi. Men esa atrofimdagilarga «men o‘rtada turibman» degan lafzim borligi uchun uch xonali uyimni sotib, bir kundayoq pulini ana shu lafz qilgan odamlarimga tarqatib chiqqanman.

Men o‘rtaga tushgan odamlarning oldiga borib, «Ahmadboyga qancha bergansiz», deganimda agar 7000 dollari berganman deyishsa, «maylimi mana shu bergan pulingizni o‘zini qaytarsam», deganimda ular ko‘nishmagan. «Yo‘q 7000 dollar berganmiz 8000 dollar qaytarishing kerak deyishgan». «Men o‘zimning yonimdan to‘layapman, ahvol mana bunaqa desam», «sen bizni to‘g‘ri tushun», deyishgan. Shundan so‘ng 7000 dollar berganlarga 8000 dollar, 5000 dollar berganlarga 6000 dollar qilib qaytarganman. Bir kunda uyning pulini tarqatib bo‘lganimdan keyin ham mayda-chuyda qarzlar qolib ketgan. U pullarni ham ishlab, to‘ylardan topib egalariga qaytarib berdim. Xullas, hech kimning oldida tilim qisiq bo‘lmadi. Lafzimga javob berib, o‘zim itdek qiynalsam ham pullarni ortig‘i bilan to‘ladim.

Oson kelgan pul oson ketar ekan. Bu o‘zi noto‘g‘ri ekaniga ichimda shubha bo‘lardi. Kimdir bu noto‘g‘ri emas, sudxo‘rlik emas derdi, o‘zim esa ichimda bu noto‘g‘ri ish derdim. Boshqalardan so‘rasam «ular yo‘q, sen foydaga sheriksan», deyishardi. «Sen pul tikyapsan va pul olyapsan», deyishardi. Xullas, shu ishlarim Xudoga xush kelmadi. Undan keyin baribir yaxshi kunlar bo‘ldi. Uy ham oldim, mashina ham oldim. Noldan oyoqqa turdim. 4-5 yil shuning ortidan qiynalganman. Yigitchilikda shunaqa ishlar bo‘ladi. Bosh omon bo‘lsa do‘ppi topiladi deyishlari bejiz emas ekan", - dedi Mirolim Qilichev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mirolim Qilichev Ahmadboy sabab Matiz, Captiva 2 va uch xonali uyidan ajralib, ko‘chada qolgani haqida gapirib berdi (video)