12:14 / 13.09.2021
2 309

Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktabni aniqlash tizimi joriy etiladi

Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktabni aniqlash tizimi joriy etiladi
Vazirlar Mahkamasining “Iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida fan olimpiadalarini o‘tkazish tizimini takomillashtirish hamda xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktabni aniqlash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Quyidagilar tasdiqlandi:

Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari, akademik litsey va kasb-hunar maktablari o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadalarini tashkil etish, o‘tkazish hamda xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini saralash va g‘oliblarni rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom (1);

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun «Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab» tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Nizomga (1) asosan maktablar o‘rtasida umumta’lim fanlari bo‘yicha quyidagi olimpiada turlari tashkil etiladi: asosiy olimpiada; qo‘shimcha respublika olimpiadalari; onlayn olimpiada; nufuzli xalqaro olimpiadalar; mintaqaviy xalqaro olimpiadalar.

Asosiy olimpiadalar 4 bosqichda muayyan fanlardan ikki guruhga ajratilgan holda quyidagi muddatlarda o‘tkaziladi: I bosqich - maktab, akademik litsey va kasb-hunar maktablar miqyosida sentabr oyida; II bosqich - tuman (shahar) miqyosida oktabr oyida; III bosqich - Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida noyabr oyida; IV bosqich - respublika miqyosida barcha fanlardan aprel-may oylarida.

Barcha fanlardan nazorat turlari, shakllari, baholash mezonlari Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

4-bosqichda umumta’lim maktablarining 11-sinf, kasb-hunar maktablari, akademik litseylarning 2-bosqich o‘quvchilari ishtirok etadilar.

Har bir fan bo‘yicha to‘plangan ballarga muvofiq 1, 2, 3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar g‘olib hisoblanadi. Asosiy olimpiadalar g‘oliblari pul mukofotlari oladi.

4-bosqich g‘oliblariga ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va 3 yil muddat davomida amal qiluvchi elektron sertifikatlar beriladi.

Informatika va axborot texnologiyalari fani bo‘yicha mazkur sertifikatni olgan o‘quvchilarga ixtisoslik fan sifatida matematika fanidan davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqi beriladi.

Prezidentning sovrini uchun «Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab» tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan tanlov har yili ingliz, nemis, fransuz tillari (xorijiy tillar) o‘qitiladigan maktablar o‘rtasida o‘tkaziladi.

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan maktab har yili 20 sentabrga qadar Xalq ta’limi vazirligining axborot tizimida maktab terma jamoasini ro‘yxatdan o‘tkazadi.

Ro‘yxatdan o‘tgan maktab har yili 20 oktabrga qadar axborot tizimiga xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha belgilangan asosiy ko‘rsatkichlarini kiritadi.

Har bir maktabdan bitta til bo‘yicha bitta terma jamoa ishtirok etishi mumkin. Terma jamoa 7-9-sinflarda tahsil oladigan 5 nafar o‘quvchidan tashkil topadi. Tanlov 3 bosqichda quyidagi muddatlarda o‘tkaziladi:

I bosqich (tuman bosqichi) - har yili fevral oyida. Bunda xorijiy tillarni bilish darajasi test topshiriqlari vositasida sinovdan o‘tkaziladi;

II bosqich (hududiy bosqich) - har yili aprel oyida. Ushbu bosqichda quyidagilar baholanadi: ishtirokchilarning tinglab tushunish (listening), yozish (writing), o‘qish (reading) va leksik-grammatik ko‘nikmalari;

III bosqich (respublika bosqichi) - har yili avgust oyida. Ushbu bosqichda quyidagilar tekshiriladi: ishtirokchilarning tinglab tushunish (listening), yozish (writing), gapirish (speaking) va o‘qish (reading) ko‘nikmalari chet tilini bilishning xalqaro sertifikatsiyalangan standartlari asosida sinovdan o‘tkaziladi hamda tegishli til ona tili sifatida foydalaniladigan mamlakatlar haqidagi bilimi.

Respublika bosqichida 1-o‘rinni ko‘lga kiritgan maktab Prezident sovrini sohibi sifatida e’lon qilinadi. Tanlov g‘oliblari Prezident sovrini bilan mukofotlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktabni aniqlash tizimi joriy etiladi