16:00 / 14.09.2021
1 430

Gazlida neft va gaz konlaridagi quvurlarni o‘g‘irlayotgan to‘rt nafar shaxs qo‘lga olindi

Gazlida neft va gaz konlaridagi quvurlarni o‘g‘irlayotgan to‘rt nafar shaxs qo‘lga olindi
Ayni paytda «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev topshirig‘i bilan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida uglevodorod xomashyosi qazib chiqarish hajmini ko‘paytirish maqsadida konlardagi ma’nan eskirgan quvurlarni yangisiga almashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Respublika aholisini tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarning qizg‘in pallasida, afsuski ayrim fuqarolar tomonidan gaz quvurlarini o‘g‘irlashga urinish holatlari uchrab turibdi.

Joriy yilning 8 sentabr kuni Buxoro viloyati, Qorako‘l tumani «Uchqir»—«Qumli» yo‘nalishida joylashgan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga, «Andaqli» koniga qarashli 7-sonli quduq oldida turgan 4 dona D89 millimetrli, 1 dona 10 metrli temir quvurlari noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan. Bu haqda boshqarma boshlig‘i Xislat Nazirov zudlik bilan Buxoro viloyati Qorako‘l tumani IIBga xabar bergan.

Ushbu o‘g‘irlik voqeasidan so‘ng, «O‘zbekneftgaz» AJga qarashli konlar va quduqlardagi talon-tarojliklar hamda o‘g‘irliklarni oldini olish uchun qo‘riqlash ishlarini olib boruvchi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga qarashli Buxoro viloyati qo‘riqlash boshqarmasi Romitan tumani bo‘limi xodimlari bilan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi mas’ul xodimlaridan iborat guruh tashkil qilinib, maxsus qo‘riqlash-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan.

Ana shu tadbir jarayonida yana bir sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘g‘irlikning oldi olindi, ya’ni «Kulbeshkak»—«Doyaxotin» yo‘nalishi hududi cho‘llarida 4 nafar fuqaro — I.O., K.H., B.H., O.T. gaz quvurlarini kesib olishayotgan vaqtida ushlanganlar.

Hodisa ro‘y bergan vaqtda gaz quvurlari ortilgan avtotransport vositasi ham borligi ma’lum bo‘lgan hamda surishtiruv davomida ular quvurlarini shaxsiy ehtiyojlari uchun kesib olishayotganliklarini bildirishgan.

Ko‘rib turganingizdek, ayrim fuqarolar tomonidan gaz quvurlarining o‘zboshimchalik bilan kesib ketilishi, aholiga yetkazib beriladigan yoki qayta ishlashga yo‘naltiriladigan tabiiy va suyultirilgan gazning yo‘qotilishiga sabab bo‘lmoqda.

Ular tomonidan kesib ketilgan nuqtalarni berkitish va ta’mirlash uchun qurilmalarning to‘xtatilishi esa ko‘p miqdorda tabiiy, suyultirilgan gaz yo‘qotilishiga sabab bo‘lishi barobarida, mamlakat iqtisodiyotiga ham sezilarli zarar yetkazmoqda.

Aniqlangan holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar va ashyoviy dalillar chora ko‘rishlik uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 13 may kuni «Qumli», «Savatli»—«Kulbeshkak» konlaridan 27 iyun kuni «Kulbeshkak» va «Uchqir» konlaridan gaz kondensati va 5 iyul kuni «Uchqir» konidagi 214-sonli tabiiy gaz qudug‘ining «uzel zadavka» qismida hamda mash’ala (fakel) quvurlarini o‘g‘irlangani hamda uni o‘g‘irlashda gumon qilinganlar aniqlangan edi.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasiga ko‘ra, o‘g‘irlik jinoyati «...neft quvurlarida, gaz quvurlarida, neft va gaz mahsulotlari quvurlarida sodir etilgan bo‘lsa», besh yildan sakkiz yilgacha muddatda ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

«O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gazlida neft va gaz konlaridagi quvurlarni o‘g‘irlayotgan to‘rt nafar shaxs qo‘lga olindi