00:14 / 17.09.2021
3 607

O‘zbeklarda millatchilik bormi?

O‘zbeklarda millatchilik bormi?
Ilgari oqpodsho davrida Toshkentda, Kaufman bog‘iga (hozirgi Amir Temur nomidagi maydon) kiraverishda, «sartlar va itlar kirishiga ruxsat yo‘q» deb yozilgan taxta bo‘lgan ekan.

O‘shandan beri yuz yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da «buyuk millatchilik» – shovinistik ruh haliyam kezib yuribdi. Haliyam Ryazanning qaysidir qishlog‘idagi piyonista «o‘zbeklar g‘irt savodsiz edi, biz ularni odam qildik», degan fikrda.

Qizig‘i, o‘shalarning kasriga Rossiyada “o‘zbeklar millatchi, ruslarni sig‘dirmayapti, ishdan haydayapti”, degan yolg‘on da’volar aytilmoqda. O‘tgan asrning oxirida ko‘pchilik ruslar va boshqa millat vakillari chet ellarga ko‘chib ketishgan edi. Barchamiz, ruslar ko‘pchilik bo‘lgan shaharda yashagan odam sifatida men ham bunga guvohman: boshqa millat vakillari O‘zbekistonda boshqa davlatlardagidan ko‘ra emin-erkin yashagan. Ularni hech kim “Rossiyangga ket” deb quvmagan. Hatto bir-ikki yil Rossiyada yashab, qayta ko‘chib kelgan qo‘shnilarimiz ham bo‘lgan. Bir qo‘shni rus ayol bolalari Piterda yashasa-da, “meni o‘zbeklar yuvib, ko‘madi”, deb haliyam O‘zbekistonda yashayapti.

Bizda jurnalistlar tugul, deputatlar ham milliy masalada gapirishga cho‘chib qolgan. Millat rivoji yo‘lida bir narsa desang, darrov “o‘zbeklarda millatchilik kuchayyapti” deb ayyyuhannos solishadi. Vaholanki O‘zbekistondagi rusiyzabonlarning o‘zlari ham bilib-bilmay millatchilik ruhidagi postlar, e’lonlar berib qo‘yishadi.

Bir uy sotayotgan ayolning reklamasida: “Sdam svoyu 1-kom kvartiru bez posrednikov semeynoy yevropeyskoy pare..” deb yozib qo‘yilibdi. To‘g‘ri o‘z mulkini xohlagan odamga sotishi, ijaraga berishi mumkin. Biroq faqat “muayyan bir millatga ijaraga beraman, qolganlari bezovta qilmasin” degani xuddi “sartlar kirmasin...” deganga o‘xshab qolmayaptimi?!

Uni-buni qo‘ying, hatto uyiga xizmatkor izlagan “oq tanli”lar ham “yevropeyskoy natsionalnosti” deb izlashadi. “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari “rus tilini kamroq o‘qitish kerak, chunki u tilni yaxshi bilmagan bola boshqa fanlarni o‘zlashtira olmaydi. Tilni katta bo‘lganda xuddi ingliz, fransuz yoki boshqa tillardek bir-ikki yilda o‘rganib oladi” degan mazmundagi gapi uchun nafaqat Rossiya matbuoti, balki uz domenli ayrim rusiyzabon saytlarda ham qoralanib, salkam millatchiga chiqarib qo‘yildi.

Yana o‘sha odam «Farzandlarimizga o‘zbek tilida ta’lim beraylik, o‘zbek tilining qadrini oshiraylik», desa ham millatchiga aylandi-qoldi. Hatto bir rus sayti “O‘zbek millatchisi prezidentlikka nomzodini qo‘ydi” sarlavhasi bilan maqola chop etdi.

O‘zbek bag‘rikeng xalq. Yurtimizda yuzdan ortiq millat vakili yashaydi. “Islom dinining quvvati” bo‘lgan Buxoroda yahudiylar minglab yillar erkin yashagan. Birortasi o‘z huquqlari buzilayotganidan shikoyat qilmaydi. O‘z tilida emin-erkin gaplashadi. Bu holat muhojirlarimiz chet ellarda, ayniqsa Rossiyaning ko‘p joylarida duch kelayotgan duch kelayotgan holatning tamoman aksi.

O‘zbekiston tinchlik, xalqlar uchun osuda hayot diyori bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi.

Yoqub Umar

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbeklarda millatchilik bormi?