22:13 / 17.09.2021
868

Bojxonachilar qariyb 11,9 mlrd. so‘mlik tovarlarni almashtirib qo‘yish operatsiyasini fosh qilishdi

Bojxonachilar qariyb 11,9 mlrd. so‘mlik tovarlarni almashtirib qo‘yish operatsiyasini fosh qilishdi
Respublikamiz bojxonachilari xorijdan keltirilgan tovarlar uchun bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlash maqsadida sodir etilgan navbatdagi nayrangga chek qo‘yishdi.

Davlat bojxona qo‘mitasi va uning Farg‘ona, Navoiy, Namangan va Samarqand viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari tezkor tuzilmalari tomonidan o‘tkazilgan keng qamrovli tezkor tadbirlar davomida respublika hududiga import tarzida olib kirilgan tovar-moddiy boyliklarini bojxona rasmiylashtiruviga qadar almashtirib qo‘yishga bo‘lgan urinishlarga chek qo‘yildi.

Gap shundaki, Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan tadbirkorlik sub’ektlaridan birining nomiga xorijdan keltirilgan yuk konteyneridagi tovarlar, ya’ni kosmetika va pardoz vositalari belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun “Qo‘qon” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga yo‘naltiriladi.

Ammo, mazkur konteynerdagi tovarlar belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida esa, kosmetika va pardoz vositalari o‘rniga salkam 1,5 tonna shisha idishlar hamda 21 tonnadan ziyod kir yuvish kukunlari ortilganligi aniqlandi. Bu esa yuklar yo‘l davomida almashtirib qo‘yilganligini anglatar edi.

Mazkur konteynerdagi tovarlar dastlab poytaxtning Bektemir tumanidagi omborlardan biriga tushirib qoldirilgan va bu yerdan tovarlar boshqa transport vositasiga ortilib, olib chiqib ketilganligi ma’lum bo‘ldi.

Qarangki, yuklar Samarqand viloyati Urgut tumanidagi tadbirkorlardan birining omboriga tushirilgan ekan. Mazkur ombor belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, bu yerda 461 turdagi salkam 721 ming dona kosmetika va pardoz vositalari, shuningdek shisha idishlar va kir yuvish kukunlari saqlanayotganligi aniqlandi.

Ushbu tovarlarning umumiy qiymati esa 11 mlrd. 881 mln. 700 ming so‘mni tashkil qilmoqda. Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ta’kidlash joizki, yil boshidan buyon respublikamiz bojxonachilari tomonidan aniqlangan 7700 dan ortiq bojxona qonunbuzilishi holatlarida 547 mlrd. so‘mlik tovarlarning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Bojxonachilar qariyb 11,9 mlrd. so‘mlik tovarlarni almashtirib qo‘yish operatsiyasini fosh qilishdi
[/banner_pushhouse