15:25 / 18.09.2021
5 035

«Janoza o‘qiladigan xonadonda ham korrupsiyani ko‘rdim…»

«Janoza o‘qiladigan xonadonda ham korrupsiyani ko‘rdim…»
(Mutloqo shaxsiy fikr)

Bolaligim 20-asrning oxiriga to‘g‘ri kelgan. 85 yillarda 12-13 yoshdagi qizaloq edim. Rahmatli otam revmatizm kasalligidan aziyat chekardilar. Shuning uchun eng qimmat poyafzal olib kiyardilar. Chexiyada ishlab chiqarilgan poyafzalni xarid qilish uchun magazinga qayta va qayta borganlarini, onam ikkisining suhbatlaridan eshitib qolardim. Bir gal otam «chexskiy tufli»ni ko‘tarinki kayfiyatda ko‘tarib kirib keldilar. Onam ajablandi.

— Darrov olibsizmi? Magazinda bor ekanmi?

— Nimasini aytasan xotin, podprilavka sotib oldim. Raykomning ikkinchi sekretariga choy bergandim. Magazinga telefon qilib menga kerakli poyafzalni zudlik bilan topib berishlarini aytdi.

— Voyy, buncha yaxshi – onam astoydil quvondilar.

— E, sen so‘rama, men aytmayin onasi, ustiga shapka so‘radi. Raykom boboga aytib yotmang, bizning ham xarajatimiz bor, deyishdi. Topilganiga xursand bo‘lib, shapka o‘lgurni berib olib kelaverdim. Endi bolalarning rizqidan qiyiladigan bo‘ldida... Oyoqni issiq tutmasam ham bo‘lmaydi, azobiga chidab bo‘lmayapti.

Keyinchalik otam onamga o‘n ikki tepki atlas sovg‘a qildilar. Podprilavka sotib olibdilar.

Esimda, xolalarim va ammalarimga ergashib magazinga borardim. Rastalar bo‘m-bo‘sh turardi. Podprilavkadan esa hamma narsa topilardi.

90 yilda 16-17 yoshlarda edim. Maktab tadbirida boshlovchi bo‘lganligim uchun bosh yuvadigan shampun qidirib kirmagan magazinim qolmadi. Mendan ikki uch yosh katta qo‘shnimizning qizi shampun podprlavkada borligini, faqat ishonchli odamlarga sotilishini aytib qoldi. Xullas birinchi marta shapka berib shampun sotib oldim. Endi ancha esim kirib qolgandi. Uncha munchaga farosatim yeta boshlagandi. Ko‘pgina ishlar shapka bilan bitishini anglay boshlagandim.

Shapka esa korrupsiya ekanini yanayam keyinroq angladim.

Xo‘sh korrupsiya nima o‘zi?
Korrupsiya qanday paydo bo‘ladi? Korrupsiya – goh imkoniyatdan, goh ilojsizlikdan, goh borlikdan, goh yo‘qlikdan paydo bo‘ladi!
Korrupsiya — birda to‘qlikdan, birda sho‘xlikdan, birda yo‘qlikdan, birda nohaqlikdan paydo bo‘ladi!
Korrupsiya — boshga tushgan qora kunlarni bartaraf etish imkonini izlaganda qarshingizda paydo bo‘ladi.
Korrupsiya bosar to‘sarini bilmay, ko‘zini shira qoplab qolganlar bilan yonma yon yuradi.
Korrupsiya — shapka, korrupsiya — bir piyola choy, korrupsiya — pul, ko‘k pul, qizil pul, yashil pul, sariq pul.
Korrupsiya — najot. Korrupsiya — hojat. Korrupsiya— ermak. Korrupsiya— bermoq va olmoq...

Hech qachon unutolmasam kerak, 1995 yili ikkinchi farzandimga homilador edim. ToshDUning jurnalistika fakultetida sirtdan o‘qiyman. Sentabr oyida navbatdagi o‘quv semestriga chaqirib qolishdi. Shifokor ko‘rigidan o‘tganimda homilam oktabrning 15larida tug‘ilishini tashxis qo‘yishdi. Demak, o‘qishga borsam bo‘ladi. Rahmatli qaynonam homiladorlikda har narsa bo‘lishi mumkin, deya xotirjam bo‘laman, deb turmush o‘rtog‘imni ham qo‘shib o‘qishga yubordilar. Ne ajabki o‘qishning ikkinchi kuni to‘lg‘oq tutib qolsa deng. Toshkent tug‘ruqxonalariga birma bir bosh suqamiz.

— Propiskada emassiz, qabul qilolmaymiz!!! Bir xil javobdan zada bo‘lib uchinchi tug‘ruqxonaga zo‘rg‘a yetib kelamiz. Kimdir turmush o‘rtog‘imga qistirishni maslahat beradi. Qisti-qistirning kuchi bilan meni tug‘ruqxonaga qabul qilishadi.

2004 yilda uchinchi farzandim dunyoga keldi. Eson omon ko‘zim yoridi. Biroq chaqaloqning yelkasidan sinib ketgan, deb menga berishmadi. 2-3 kunda ham farzandimni berishmaganidan tashvishga tushib qon bosimim oshib ketdi. Bezovtaligimdan ensasi qotgan bir shifokor ayol xonamga kirib o‘zini shu tug‘ruqxonaning chaqaloqlar shifokori ekanini, o‘g‘limga shaxsan qarab turganini yosh bolalarda sinish holati tezda bitib ketishini aytib meni tinchlantirgan bo‘ldi.

Chiqib ketish oldidan eringiz befarosatroq ekan, tug‘dirgan doya shifokorlaru hamshiralarni rozi qildilar, lekin bolasiga qarab turadigan shifokor kaminani unutdilar dedi. Men turmush o‘rtog‘imga bu e’tirozni darhol yetkazdim. Dadamiz shifokor opani topib rozi qildilar.

— Opajon o‘pkalagandan umid qil, deydilar, bor umidimiz sizdan bolamga yaxshi qarang, nimaiki desangiz tayyorman, dedilar.

Shifokor opa negadir tezda o‘zgardilar. Yuzlariga qizillik yugurgandek bo‘ldi. Chaqaloqni menga berishdi. Erim o‘zini yaxshi tutsa bir ikki kunda javob berishini ham eslatib qo‘ydi. Xullas chaqalog‘imning bir qo‘lchasini yelkasi bilan qo‘shib bint bilan chandib tashlashgan ekan. Uning bu holatini ko‘rib ko‘kraklarimdan sut qochdi. Ko‘zlarimdan yosh qurimadi. Shifokor ayol esa uyga ketaverishimizni ehtiyot bo‘lsak chaqaloqning yelkasi 20 kunlikkacha bitib ketishini aytdi. Ota onani yaratmasin ekan chaqaloqni bir kattakon orqali ayttirib bolalar travmatologiga ko‘rsatdik. Yelkasidan sinishi oqibatlaridan havotirimizni ma’lum qildik. Travmatolog shifokor bolani stol ustiga qo‘yib yechintirdi. Bint bilan chandib tashlangan yelkasini bintdan xalos qildi. Ajabki bolajonim yelkaga qo‘shib bog‘lab tashlangan qo‘lchalari bilan bo‘yin sohasini timdalab yara qilib tashlagandi. Travmatolog shifokor bolaning yelkasidan sinmaganini, agar singanida bola barmoqlarini qimirlata olmasligini, bola mutloqo sog‘lomligini, bu bir anglashilmovchilik ekanini ma’lum qildi.

O‘shanda korrupsiya aslida tug‘ruqxonadan boshlanishini anglaganman. Korrupsiyaning ham doyasi bo‘lishini anglaganman. Korrupsiya chaqaloqdek tug‘ilishini anglaganman. Tug‘ilgandayam xuddi chaqaloqdek uni kutayotganlarni xavotir va hadikka burkab tug‘ilishini anglaganman.

Korrupsiya bola kabi ulg‘ayadi, voyaga yetadi. Korrupsiya o‘nib o‘sadi. Nazarimda korrupsiyaning joni borga o‘xshaydi. Korrupsiya o‘z-o‘zidan ko‘payib ketaveradi.

7-8 sinflarda o‘qib yurganimda zoologiya fanidan soxta oyoqlilar sinfiga mansub bir xo‘jayrali umurqasiz hayvon – amyobalar haqida mavzu bo‘lardi. Aynan shu mavzudan a’lo baho olganim esimda. Negadir korrupsiyani ana shu umurtqasiz bir xo‘jayrali hayvonga o‘xshataman. Mazkur hayvon hamma joyda yashay oladi. Suvda, tuproqda, qumda, dengizda, bog‘u rog‘larda, dalalarda...

U o‘z-o‘zidan ko‘paya oladi. Menimcha, korrupsiyaning ham xuddi amyobadek qattiq qobig‘i bo‘lmaydi, shu sababli shakli doim o‘zgarib turadi, men korrupsiyaning juda ko‘p shakllarini ko‘rdim. Temir, makulatura, paxta, uy, mashina, choy, restoran, voajab men korrupsiyani hatto janoza o‘qiladigan xonadonda ham emin erkin yurganini ko‘rdim. Mayitning ustiga qimmatroq materiallardan tashlanmasa, pulni ham ko‘proq qo‘yilmasa, mayitga qiyin bo‘lishini aytib mayitning xonadonidagilarga qiyinchilik tug‘dirgan vaziyatlarda ko‘rdim.

Men korrupsiyani ajiriqqa o‘xshatdim. Ajriqni chopib tashlagan sari uning gurkirab o‘sishini korrupsiyaga mengzadim. Tag-tugi bilan sug‘urib tashlansa ham yana aynan o‘sha yerdan, sug‘urib tashlangan joyidan yana oppoq nish urib chiqadi. Gurkirab-gurkirab chiqadi. Barq urib-barq urib chiqadi. Yarqirab-yarqirab chiqadi. Ko‘karib-ko‘karib chiqadi. Sababi yerning yuragida uning jon tomirlari bo‘ladi. Patila-patila tomirlari bo‘ladi. Qatila-qatila tomirlari bor bo‘ladi. Jamalak-jamalak tomirlari bo‘ladi. Bu tomirlari yerning yuragidan oziq oladi.

Shuningdek, korrupsiya ham har birimizning tomirimizda oqayotgan qonimizning tarkibida. Korrupsiya o‘lganimizda, yoxud qabrda tinadi.

Rayhon Rahimova,
jurnalist

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Janoza o‘qiladigan xonadonda ham korrupsiyani ko‘rdim…»