18:53 / 20.09.2021
1 315

Toshkentda Chirchiq daryosi bo‘yidagi yerlar sotuvga qo‘yilishi boshlandi

Toshkentda Chirchiq daryosi bo‘yidagi yerlar sotuvga qo‘yilishi boshlandi
Foto: Daryo bo‘yi Business City
Toshkentda Chirchiq daryosi bo‘yidagi yerlar sotuvga qo‘yilishi boshlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Daryo bo‘yi Business City direksiyasining hokimlikka ma’lum qilishicha, ayni paytda uchastkalarni tayyorlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan bo‘lib, ilk 9 ta lot e-auksion.uz portali orqali sotuvga qo‘yilgan — bu yer maydonlarini sotib olishda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlaydi.

Chirchiq daryosi bo‘ylab Toshkentdan oqib o‘tuvchi daryo qismining uzunligi 16 kilometrni tashkil qiladi. Auksion orqali sotuvga daryo o‘zanining birinchi besh kilometri bo‘ylab yer maydonlari tayyorlangan.

«Auksionga qo‘yilgan yer maydonlarida savdo markazlari, logistik korxonalar, restoran va kafelar, yengil sanoat korxonalarini qurish taklif qilinmoqda. Sotuv uchun taklif qilingan lotlarda turar joy qurish ko‘zda tutilmagan.

Shahrimiz ahli uchun eng muhimi — Chirchiq sohillari obodonlashtiriladi va ko‘kalamzorlashtiriladi, sayr qilish hududlari, xiyobonlar, sport maydonchalari, yugurish va velosport uchun yo‘laklar paydo bo‘ladi
», — deyiladi hokimlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Chirchiq daryosi qirg‘og‘ida Daryo bo‘yi Business City tashkil etilishi haqida 2020 yilning iyulida ma’lum bo‘lgandi. «Bugungi kunda suv sathi avvalgi ko‘rsatkichlardan past. Daryo sohillari juda uzun, biroq, afsuski, hozirda inson aralashuvi sababli achinarli ahvolga kelib qolgan. Ko‘rinib turibdiki, tutash hududlar karerga aylanib qolgan, bu yerda mashinalar ko‘p. Bu ekologiya uchun juda katta zarar, chunki bu yerdan tabiat resurslari — tuproq va shag‘al olib chiqib ketilmoqda», — degan edi Business City direksiyasi investorlar bilan ishlash menejeri Iroda O‘rinova.

Shavkat Mirziyoyev Chirchiq daryosi sohili bo‘ylab turli infratuzilma ob’ektlarini qurish ko‘zda tutilgan loyiha taqdimoti bilan 31 may kuni tanishgandi. Taqdimotda Toshkent hokimi o‘rinbosari — Investitsiyalarni boshqarish va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Sharof Rahmonov Daryo bo‘yi Business City loyihasi ikki yil davomida amalga oshirilishini ma’lum qilgan. Bunda Bektemir tumanidagi birinchi bosqichni 2021 yilda yakunlash rejalashtirilmoqda.

Prezidentning «Respublika hududlarida Business city zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Moliya vazirligi daryoning qirg‘og‘ini toraytirish ishlarini moliyalashtirish uchun poytaxt ma’muriyatiga 300 milliard so‘m miqdorida foizsiz ssuda beradi. Ajratilgan mablag‘ni qaytarish bo‘sh yer maydonlarini investorlarga sotish orqali amalga oshiriladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda Chirchiq daryosi bo‘yidagi yerlar sotuvga qo‘yilishi boshlandi
[/banner_pushhouse