07:30 / 22.09.2021
3 853

4—10 oktabr kunlari «Keksalar haftaligi» o‘tkaziladi

4—10 oktabr kunlari «Keksalar haftaligi» o‘tkaziladi
O‘zbekistonning barcha hududlarida 4—10 oktabr kunlari «Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish — xalqimizga xos ezgu fazilat» g‘oyasi ostida «Keksalar haftaligi» o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 21 sentabrda o‘tkazilgan brifingda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mas’ul xodimi Farhod Eshmo‘minov ma’lum qildi.

Uning bildirishicha, Vazirlar Mahkamasining «Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan har yili oktabr oyining birinchi haftasida respublika miqyosida «Keksalar haftaligi»ni o‘tkazish belgilangan.

4—10 oktabr kunlariga rejalashtirilayotgan ushbu haftalik doirasida joylarda qator ma’naviy-ma’rifiy, sport, obodonlashtirish va xayriya tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan.

Xususan, haftalik doirasida:
  • mamlakatning barcha mahallalarida nuroniylar, shu jumladan, «Saxovat» va «Muruvvat» internat uylarida istiqomat qilayotgan keksalar ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, tanlovlar, xayriya tadbirlari, jumladan, nuroniy va yoshlar o‘rtasida shaxmat-shashka bo‘yicha «Aql charxi» turniri, voleybol, mini-futbol, stol tennisi va boshqa sport musobaqalari;
  • jamoatchilik vakillari ishtirokida hududlardagi yangi qad rostlagan «Nuroniylar maskani», «Mahalla markazi» majmualari, fuqarolar yig‘ini binolari hamda mahallalardagi boshqa ijtimoiy ob’ektlarning ochilish marosimlari;
  • mahallalarda hunarmand-ustalar, kulollar tomonidan yaratilgan milliy mahsulotlar hamda turli millat vakillarining amaliy san’at, hunarmandchilik buyumlari, liboslari ko‘rgazmalari;
  • nuroniylar ishtirokida muzey, ziyoratgoh va qadamjolar, shuningdek, O‘zbekistondagi diqqatga sazovor joylarga sayohatlar;
  • ziyoratgoh va qabristonlar, yakka, yolg‘iz keksalar xonadonida hashar asosida obodonlashtirish ishlari;
  • 100 yosh va undan katta yoshdagi nuroniy otaxon va onaxonlar ishtirokida «Asr bilan yuzma-yuz» mavzusidagi tadbirlar;
  • ta’lim muassasalarida ibratli hayot yo‘li va mehnati bilan aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan keksalar ishtirokida «Nuroniylar — yoshlar nigohida» mavzusida uchrashuv va ko‘rik-tanlovlar, rasmlar ko‘rgazmasi;
  • mahallalarda «Bobom, buvim va men kitobxon» shiori ostida kitobxonlik aksiyalari;
  • oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida keksa avlod vakillari ishtirokida «Keksa avlod oilaviy ajrimlarga qarshi», «Biz bor joyda jinoyatga o‘rin yo‘q», «Hayotning qadriga yet» mavzularida davra suhbatlari tashkil etiladi.

Shuningdek, «Keksalar haftaligi» davomida pensioner, yakka va yolg‘iz yashovchi keksalar holidan xabar olinib, ularning uy-joy, maishiy muammolarini hal etishga ko‘maklashiladi, oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etiladi.
  • Turli sohalarda faoliyat yuritib, nafaqaga chiqqan keksa avlod vakillari ishtirokida uchrashuvlar uyushtiriladi;
  • Malakali shifokorlardan tashkil topgan «Tibbiyot avtobuslari» orqali respublikaning barcha hududlari, jumladan, chekka va olis hududlarda joylashgan mahallalarda yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj nuroniylar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi hamda zarur dori-darmon vositalari bilan ta’minlanadi. Nogironligi bor keksa ayollarga reabilitatsiya vositalari, ya’ni nogironlik aravachasi, hassa va qo‘ltiqtayoq, eshitish moslamalari taqdim etiladi;
  • «100 yosh bilan yuzlashganlar» nomli kitob-albom, «Keksalik va ma’naviy meros», «Keksalari e’zozlangan yurt» nomli risolalar taqdimoti o‘tkaziladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 4—10 oktabr kunlari «Keksalar haftaligi» o‘tkaziladi