14:52 / 25.09.2021
2 955

«Uchta ‘kal’ berasan, darslarni bir kunga qo‘yib beraman» - maktab direktori dars sotishga urindi

«Uchta ‘kal’ berasan, darslarni bir kunga qo‘yib beraman» - maktab direktori dars sotishga urindi
Faxriddin Xoliqov.
Foto: «Daryo»

Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi maktab direktori o‘quv dargohidagi mavjud 10 soat darsni 300 dollarga sotishga urindi, deya xabar berdi «Daryo».

Qayd etilishicha, maktabida informatika o‘qituvchisi yetishmagan 49-maktab direktori Faxriddin Xoliqov dars o‘tish ishtiyoqida dars so‘rab borgan o‘qituvchidan 300 dollar bersagina, darslarni berishini, shuningdek, bir kunga qo‘yib berishini ma’lum qilgan.

«Uchta ‘kal’ berasiz, darslarni bir kunga qo‘yib beraman», — deydi maktab direktori dars so‘rab borgan o‘qituvchiga yuzlanar ekan.

Audioyozuvdan anglashilishicha, buncha pul so‘ralganini eshitgan o‘qituvchi, avvaliga ajablanadi. So‘ngra «o‘ylab gapiryapsizmi?», deya savol beradi direktorga. Bunga javoban esa maktab direktori savdolashishga o‘tadi. «Ikkita bo‘lsa-chi?», — deydi. O‘qituvchi esa buni rad etadi va buncha puli bo‘lsa, dars ham kerakmasligini bildiradi.

«Daryo» muxbiri G‘uzor tumani markazidan 30 kilometr uzoqlikdagi, borish-kelish qiyin, texnika qatnovi kam bo‘lgan Qorayli qishlog‘idagi 49-maktabda bo‘lib, dars sotishga uringan direktor bilan suhbatlashdi.

«Adashganman, ammo o‘sha pulni olmaganman, — deydi maktab direktori audioyozuvdagi holatga izoh berar ekan. — Bu o‘qituvchi bizdagi informatika darsini olish uchun kelgan. Keyin o‘zi bu yer uzoqlik qiladi, bu yerda qor qalin yog‘ar ekan degandi», — deydi maktab direktori Faxriddin Xoliqov.

Maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, maktabdagi dars taqsimotiga mas’ul Faxriddin Pirmatov maktabda dars sotishga urinishni o‘z kelajagiga bolta urish deya baholashini ma’lum qildi.

«Yoshlar bizning kelajagimiz deya tarbiyalaymiz, kim dars sotsa ham uning farzandi ham shu yerda ta’lim oladi. Shifokor bilimsiz bo‘lsa, bir insonning umriga zomin bo‘lishi mumkin, ammo ustozlar, ta’limdagi insonlar shunday bo‘lsa, butun bir jamiyatga zarar yetkazadi», — deydi direktor o‘rinbosari.

Faxriddin Pirmatov muxbirning «Dars sotishga uringan shaxs maktab direktori bo‘lsa nima qilasiz?», deya bergan savoliga «Dars sotgan odam direktormi u yoki o‘qituvchimi, baribir kushanda», — deya javob berdi.

G‘uzor tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Risolat Eshqobilova audioyozuvni eshitib ko‘rib, ovoz maktab direktori Faxriddin Xoliqovning ovoziligini, ovozni taniganini aytib, tasdiqladi.

«Men bu maktab direktoridan kutmagandim, judayam katta xatoga yo‘l qo‘yibdi. Eng yomoni, direktor dars soatini sotishga urinib, hatto savdolashishgacha boribdi», — deydi Risolat Eshqobilova.

Mazkur jarayonni o‘rgangan va voqeadan xabar topgan bloger Kapitan Karimov jamiyatda vijdoni uyg‘oq, haq-huquqini talab qila oladigan, vazir Sherzod Shermatov chaqirig‘i va u ko‘rsatgan yo‘ldan yurishga urinayotgan o‘qituvchilar ko‘payayotganini aytmoqda.

«Men shu direktorning pastkash va oqlab bo‘lmas harakatini jamoatchilikka oshkor qilishga ahd qilgan o‘qituvchining harakatini oqlayman va qo‘llab-quvvatlayman. Uning dovyurakligini olqishlayman. Demak, o‘qituvchilarimiz o‘z haq-huquqini anglab yetib, vazir Sherzod Shermatov talab qilgan yo‘ldan yurmoqda. Xalq ta’limi vazirining jon kuydirib ishlayotganini his qilib, ta’limning rivojlanishini istamoqda. Qo‘rqmasdan aytishimiz mumkinki, ana shunday o‘qituvchilar qo‘lida ta’lim-tarbiya olgan o‘quvchining kelajagi bor. Vijdoni uyg‘oq o‘qituvchilarimiz ko‘payaversin», — deydi bloger voqeani o‘rganar ekan.

Mazkur audioyozuvni tinglagan viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi mas’ullari hozircha bunga biror-bir izoh yoki munosabat bildirmadi. G‘uzor tumani hokimi Bekzod Suyunov esa direktorning o‘ylaymay qilgan ishi tumanda olib borilayotgan ijobiy ishlarga soya solganini, shu sabab ushbu voqeaga jim qarab turmasligini ma’lum qilib, «Holat Xalq deputatlari tuman kengashi sessiyasida muhokama qilinadi va adolatli to‘xtamga kelinadi», — dedi «Daryo» muxbiri bilan suhbatlashgan hokim Bekzod Suyunov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Uchta ‘kal’ berasan, darslarni bir kunga qo‘yib beraman» - maktab direktori dars sotishga urindi