18:45 / 17.10.2021
800

Bolalar bog‘chalaridagi tashmachilik: qachon autsorsing tizimiga to‘liq o‘tiladi?

Bolalar bog‘chalaridagi tashmachilik: qachon autsorsing tizimiga to‘liq o‘tiladi?
Foto: Videodan kadr
Paxtachidagi bolalar bog‘chasidan xo‘jalik mudiri oshpaz bilan til biriktirib, oshxonadan pishirilgan go‘sht o‘g‘irlab chiqqani va bu ishni bog‘cha mudirasining topshirig‘iga ko‘ra amalga oshirgani haqidagi xabar ko‘pchilikni g‘azablantirdi.

Chunki dunyoda yetimlar va yosh go‘daklarning haqini yeyishdan ham og‘irroq gunoh ham, jinoyat ham bo‘lmasa kerak. Ming taassuflar bo‘lsinki, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining aksariyatida mana shunday illat hamon saqlanib turibdi.

Paxtachidagi holat videotasvir bilan isbotlandi, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ammo men aniq ishonamanki, O‘zbekistonning har bir burchagidagi davlat MTTlarda tashmachilik, o‘g‘rilik va bolalar haqiga xiyonat ehtimoli saqlanib turaveradi.

Nega ishlar qo‘lga tushmagan o‘g‘ri emas, qabilida davom etmoqda?
Birinchi va bosh sabab — davlat tomonidan bog‘cha tarbiyachilari va boshqa xodimlariga berilayotgan maosh juda oz. Unga ro‘zg‘or tebratib bo‘lmaydi. Natijada tashmachilik, bolalar haqiga xiyonat avj oladi.

Bog‘chada yetarlicha ovqatlanmaslik oqibatida bolalar kamqon, nimjon bo‘lib voyaga yetishadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yosh avlodni bolalar bog‘chasidan boshlab tarbiyalashga katta e’tibor qaratila boshlandi. Maktabgacha ta’lim tizimi butkul isloh qilindi. Alohida vazirlik tuzildi. Bu orada ko‘plab bog‘chalar ta’mirlandi. Uy bog‘chalari ochishga ruxsat berildi. Davlat tomonidan 1 foizlik imtiyozli kreditlar ajratildi. Bu ishlar natijasida so‘nggi yillarda yurtimizda maktabgacha yoshdagi bolalarning MTTlarga qamrov darajasi ham keskin oshdi.

Eng taassuflisi, joylarda bu islohotlarni tushunmasdan, mohiyatini anglamasdan, boriga qanoat qilmasdan, eskicha fikrlab, ishlayotganlar uchramoqda.

Nega bog‘chalarda autsorsing xizmati rivojlanmayapti?

Foto: stock.adobe.com
Xorijiy tajribani joriy etib, bolalar bog‘chalarini oziq-ovqat bilan ta’minlashni autsorsing tizimiga o‘tkazish borasida ko‘p gapirildi. Ko‘rgazma va seminarlar o‘tkazildi. Shaxsan o‘zim ularning bir nechtasida qatnashganman.

Bu juda xayrli ish. Autsorsing tizimida bog‘chalarga me’yoriy hujjatlarda belgilangan ratsion bo‘yicha, tender asosida chetdagi korxona tomonidan nonushta va tushlikka oziq-ovqatlar har bir bola uchun alohida-alohida tayyorlab yetkazib beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 iyundagi 407-sonli «Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorida kunlik taomnomalar Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan tuzilib, tasdiqlangan hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan kelishilgan namunaviy, mavsumiy taomnomalar asosida tuziladi, deb belgilab qo‘yilgan.

Nega mana shu tizim ommalashmayapti? Pandemiyagacha hammasi yaxshi ketayotgan edi. «Ura-urachilik» bilan balandparvoz gaplar aytildi. Qilamiz, ommalashtiramiz, deya va’dalar berildi. Keyin, o‘ylashimcha, shunchaki tashlab qo‘yildi.

Toki bog‘chalarda oshpaz, ombor mudiri kabi toifadagi insonlar ishlar ekan, tashmachilik bo‘laveradi, bolajonlarning nonlari «tuya» qilinaveradi.

Bunday yaramas illatdan barchani faqat autsorsinggina qutqarishi mumkin.

Faqat bunda ham o‘ziga yarasha sharti bor. Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan tashkillashtiriladigan tender nihoyatda shaffof va halol o‘tishi kerak. Tanlovda chindan ham barcha imkoniyatlarga ega korxonalar ishtirok etishi va ularning eng munosibi yutishi kerak. Bunday ishlar bilan tuman hokimining jiyani, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirining qaynog‘asi shug‘ullanmasligi kerak.

Bu tizimni manfaatlar to‘qnashuvining oldini olgan holda tezroq joriy qilib, sohada tartib o‘rnatilsagina Paxtachidagi kabi xunuk voqealarga barham beriladi. Ungacha barchasi eski tos, eski hammomligicha qolaveradi.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Bolalar bog‘chalaridagi tashmachilik: qachon autsorsing tizimiga to‘liq o‘tiladi?