20:27 / 19.10.2021
720

Aliment jazo emas, balki farzand oldidagi majburiyatdir

Aliment jazo emas, balki farzand oldidagi majburiyatdir
Joriy yilning 17 oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqaro Jahongir Otajonov murojaat qilib, unda xorijga chiqishi uchun Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan taqiq qo‘yilganligi sababli, chetga chiqa olmaganligini bildirgan.
Majburiy ijro byurosi tomonidan mazkur murojaat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganish ishlari davomida, fuqaro Jahongir Otajonov tomonidan sudlar qarorlariga asosan - fuqarolar S.F., M.S. va Ye.I.larga 3 nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment undiruviga oid 3 ta ijro ishlari mavjudligi aniqlandi.
Ushbu ijro ishlari bo‘yicha Byuro organlari tomonidan majburiy ijro harakatlari olib borilgan:

Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor Jahongir Otajanovdan undiruvchi S.F. foydasiga aliment undirish belgilanib, Byuroning Olmazor tuman bo‘limi tomonidan majburiy ijro harakatlari olib borilgan va undiruvchi S.F. ijro hujjatini ijrosiz qaytarish yuzasidan ariza bilan murojaat qilganligi sababli, 21.01.2020 yilda ijro hujjati undiruvchiga qaytarilgan va ijro ishi tamomlangan.

Xususan, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining ijro hujjatlariga asosan qarzdor Jahongir Otajanovdan undiruvchilar M.S. va Ye.I. foydasiga aliment undirish belgilanib, Byuroning Yunusobod tuman bo‘limi tomonidan majburiy ijro harakatlari olib borilgan va uning O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqi vaqtinchalik cheklangan.

O‘rganishda, ushbu taqiqlar O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 42-1-moddasiga muvofiq qo‘yilganligi aniqlandi.

Ma’lumki, Majburiy ijro byurosi organlari - sud va boshqa organ hujjatlari ijrosini ta’minlaydi.

Konstitutsiyamizning 114-moddasida - sud hokimiyati chiqargan hujjatlar barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy ekanligi belgilangan.

Aliment masalasiga keladigan bo‘lsak, respublikamizda sud qarorlariga ko‘ra, 300 mingdan ortiq alimentga oid ijro ishlari mavjud bo‘lib, 400 mingdan ortiq voyaga yetmagan farzandlarning huquqiy manfatlarini himoya qilish bugungi kunning dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Bosh Qomusimizda ham ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburiyligi belgilangan.
Shunday ekan, ushbu to‘lovlar farzandlarning munosib tarbiya topishi va moddiy ta’minoti uchun muhim vosita hisoblanishini unutmaslik lozim.

Qolaversa, qarzdor fuqarolar o‘z vaqtida aliment bo‘yicha to‘lovlarni to‘lab borsa yoki o‘zaro kelishuvga ko‘ra, to‘lovlarni amalga oshirib, moddiy ta’minoti masalasiga e’tibor bersa, undiruvchilar tomonidan sudlarga ham murojaat qilishiga hojat ham qolmaydi.

Majburiy ijro byurosi


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Aliment jazo emas, balki farzand oldidagi majburiyatdir