10:43 / 20.10.2021
667

Ayollar muntazam o‘tishi kerak bo‘lgan 7 tibbiy tekshiruv

Ayollar muntazam o‘tishi kerak bo‘lgan 7 tibbiy tekshiruv
Foto: Medicine
Ko‘pgina kasalliklar boshlanish davrida alohida belgilarsiz rivojlanadi, vaqti-vaqti bilan o‘tkaziladigan tekshiruvlar esa kasalliklarni boshlang‘ich davrida aniqlashga imkon beradi.

Mamografiya tekshiruvi
Ayollarda rivojlanishi mumkin bo‘lgan onkologik kasalliklar orasida ko‘krak bezi saratoni birinchi o‘rinda turadi. Bu kasallik belgilari uzoq vaqt davomida ko‘rinmasligi mumkin. Shifokorga murojaat qilganda o‘simta boshqa organlarga metastaz, ya’ni ko‘chgan bo‘ladi. Kasallik rivojlanishining oldini olish uchun 40 yoshdan oshgan ayollar muntazam ravishda kamida yilda bir marta mamografiya tekshiruvidan o‘tishi kerak. Bu juda oson va og‘riqsiz.

Dermatolog ko‘rigi
Teriga doimo atrof-muhitning turli omillari ta’sir qiladi, bu terida onkologik kasalliklar keltirib chiqarishi mumkin. Yilda bir martda shifokor qabuliga borish kerak. Ayniqsa, terisida xollar, har turdagi dog‘lar, chandiqlar paydo bo‘lgan insonlar uchun ushbu tekshiruv juda muhim.

Qalqonsimon bez tekshiruvi
50 yoshdan oshgan ayollarning 10 foizida gormonal o‘zgarish kuzatiladi. Uning asosiy belgilari uyquchanlik, charchoqning kuchayishi, vaznning keskin o‘zgarishi, ko‘p terlash yoki terining quruqligi. Bularning hammasi yosh ulg‘ayishining alomati deb qaraladi. Kasallikni aniqlashda gormonlar uchun qon tekshiruvi va endokrinolog ko‘rigi yordam beradi. Bir yilda bir marta tekshiruvdan o‘tish kerak.

Ko‘z shifokori ko‘rigi
So‘nggi yillarda glaukoma va katarakta kabi kasalliklar tobora yasharib bormoqda. Bunga sabab telefon, gadjetlar, kompyuterdan ko‘p foydalanish va umuman olganda zamonaviy turmush tarzi. Muammoni aniqlash va yuqori ish qobiliyatini saqlab qolishning yagona yo‘li muntazam ko‘z shifokoriga uchrashib turish. Ko‘zoynak taqadiganlar kamida yiliga bir marta, qolganlar esa ikki yilda bir marta tekshiruvdan o‘tishi lozim.

Xolesterin va glyukoza uchun qon tekshiruvi
Un, shakar mahsulotlarini ko‘p iste’mol qilish, stress, va o‘troq hayot tarzi – bularning hammasi qonda xolesterin va glyukoza miqdori oshishiga olib keladi. Bu o‘z navbatida ateroskleroz, qandli diabet kasalliklarini keltirib chiqaradi. Har yili bir marta qonni tahlil qilish kerak.

Ginekolog ko‘rigi
Xavfli kasallik – bachadon bo‘yni saratoni ayollarda eng ko‘p uchraydigan o‘smalardan biri. U uzoq vaqt davomida hech qanday belgisiz rivojlanadi. Kasallikni aniqlashda sitologik tahlil yaxshi yordam beradi. Shuning uchun har yili ginekolog ko‘rigidan o‘tish lozim.

Umumiy qon va peshob tahlili
Ko‘pgina surunkali yallig‘lanishlar remisiya davrida faqat analizda bilinishi mumkin. Tahlil kasalliklarni tashxislash va davolash uchun yordam beradi. Bir yilda ikki marta yoki kamida bir marta tahlil topshirib turish kerak.

Shifokor Xurshid A’zamxo‘jayev tavsiyalari asosida tayyorlandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Ayollar muntazam o‘tishi kerak bo‘lgan 7 tibbiy tekshiruv