10:37 / 27.10.2021
1 401

Talaba qizga tegajog‘lik qilgan dekan o‘rinbosari ushlandi

Talaba qizga tegajog‘lik qilgan dekan o‘rinbosari ushlandi
Foto: Nemolchi.uz
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti 3-kurs talabasi Mushtariybonu Komilova Nemolchi.uz loyihasiga murojaat qilib, joriy yilning 18 oktabr kuni u Zulfiya mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari B.Yu.ning xonasiga kirganida mansabdor shaxs unga nisbatan shilqimlik qilganini ma’lum qilgan.

Nemolchi.uz jabrlanuvchining tilidan voqea tafsilotlarini keltirib o‘tgan. Qayd etilishicha, talaba qiz dekan o‘rinbosari bo‘shashini kutib turgan. Xonadan hamma chiqib ketgach, mansabdor shaxs charchaganligini aytib, qizdan qahva damlab berishni so‘rgan. Qiz qahva damlashga chog‘langan paytda erkak eshikni ichkaridan qulflab, chiroqni o‘chiradi. Mushtariybonu nimanidir sezganday yaqin do‘stiga qo‘ng‘iroq qilib, tezroq yetib kelishni so‘ragan.

“Qiz xonadan chiqmoqchi bo‘lganda erkak uni ushlab olib, xonasidagi divanga yotqizmoqchi bo‘ladi. Qiz bunga qarshilik ko‘rsatadi. Bu orada qizning do‘sti yetib kelib, eshikni ochishni so‘raydi.

Mushtariybonu amallab deraza oldiga kelib, yordamga chaqiradi. Shunda qizning aytishicha, erkak uni derazadan itara boshlaydi. Qarshilik ko‘rsatishiga qaramay erkakka kuchi yetmaydi va pastga tushib ketadi. Dekan o‘rinbosari esa derazani yopib, jalyuzini tushiradi va eshikni ochadi.

Qizning do‘sti B.Yu.ni olib pastga tushadi. Atrofda yig‘ilganlarga dekan o‘rinbosari qiz oynadan o‘zi sakraganini aytib, uni o‘zi shifoxonaga olib borishini ta’kidlaydi. Yo‘lda mansabdor shaxs qizning onasiga qo‘ng‘iroq qilib, Mushtariybonu oynadan tushib ketgani, uni shifoxonaga olib borishayotganini aytadi.

Yo‘l-yo‘lakay B.Yu. qizga voqea qanday ro‘y berganini so‘raganlarga oyna artayotib yiqilib tushganini aytishini tayinlaydi. Shu payt mashinaning orqa o‘rindig‘ida kelayotgan qizning do‘sti nima gapligini so‘raydi. Mushtariybonu o‘zini derazadan itarib yuborishganini bildiradi”, deb yozgan Nemolchi.uz.

Mushtariybonuga tos suyagi sinishi, gematomalar va miya chayqalishi kabi tashxislar qo‘yilgan. Nashrga qizning yaqinlari dekan o‘rinbosari nomidan kelgan odamlar ularga o‘z ko‘rsatmalarini o‘zgartirishlari uchun pul taklif qilishganini aytishgan. Mushtariybonu o‘qigan fakultet talabalari to‘liq onlayn ta’limga o‘tkazishgan, biroq ushbu qarorning sababi ochiqlanmagan.

Foto: Nemolchi.uz
Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohruh G‘iyosovning ma’lum qilishicha, B.Yu. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 118 va 205-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda u JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Talaba qizga tegajog‘lik qilgan dekan o‘rinbosari ushlandi