13:28 / 26.11.2021
1 522

Piyoda ikkinchi darajali odam emas!

Piyoda ikkinchi darajali odam emas!
Dunyoda transportlar harakati uchun mo‘ljallangan jamiki yo‘llar borki, ularda piyodalar o‘tish yo‘lagi ham ajratilgan bo‘ladi. Ayrim joylarda ularning harakati svetofor bilan tartibga solingan bo‘lsa, ba’zi joylarda piyodalar o‘tish joyi borligini bildiruvchi belgilar o‘rnatilgan, xolos.

Yurtimizdagi ana shunday piyodalar uchun mo‘ljallangan o‘tish joylarini kuzatar ekanmiz, juda ko‘p hollarda ularning yo‘ldan shoshib (ba’zida yugurib) o‘tayotganini ko‘ramiz. Garchi bu yerda piyodaning harakatlanishi ustuvorlikka ega bo‘lsa-da, ko‘pchilik haydovchilar buni inobatga olmaydi. Odatiy tezlikda yo‘lni kesib o‘tayotgan piyoda mashinalarning davomli signallari ta’sirida qanday tezlanish olganini o‘zi ham payqamay qolsa, ajabmas. Zero, bu kabi holatlarni bir emas, bir necha marta guvohi bo‘lganmiz.

Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, avtomobil haydovchisi svetofor o‘rnatilgan yo‘llarda unga harakatni amalga oshirishga ruxsat beruvchi chiroq yonganida ham hali harakatni yakunlamagan piyodaga yo‘l berishi kerak. Biroq hamma haydovchilar ham bunga amal qilmasligi barchamizga kundek ravshan. Ba’zan «falon davlatda haydovchilar piyoda hali transport yo‘liga chiqmasidan turib ularga yo‘l berar ekan» degan mazmundagi gaplar quloqqa chalinadi. Bu kabi taassurotlardan hamyurtlarimizdagi boshqa davlat piyodalariga nisbatan havas hissini sezish mumkin.

Bir yaqin do‘stimning mashinasida yurganimda uning yo‘ldagi barcha piyodalarni o‘tkazib yuborgani, ularga yo‘l berayotganini ko‘rib, bu qadar oliyjanobligining sababini so‘raganman. O‘shanda u «onam uydan chiqishimdan oldin piyoda yurgan vaqtlaringni zinhor unutma. Yo‘lingdan piyodalar chiqsa, albatta yo‘l ber, deb tayinlagan» degandi.

Darhaqiqat, rivojlangan mamlakatlarda mashina bu hashamat belgisi emas. Bizda ham odamlar asta-sekin buni anglab yetishyapti. Agar har bir haydovchi yuqorida aytilganidek, o‘zining mashinasiz yurgan vaqtlarini, istalgan vaqt bu mulkidan ayrilib, avvalgi holiga qaytishi mumkinligini anglaganida, yo‘ldan o‘tayotgan piyodalar bu qadar hadik bilan yurmagan bo‘lishardi, ehtimol.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan #Qoidaga_rioya_qilaylik deb nomlangan loyihani ham e’tirof etish kerak.

Boshqarmaning rasmiy sahifalarida e’lon qilingan xabarda yurtdoshlarimizni yo‘l harakati qoidalariga amal qilishga chorlash nazarda tutilgan. «Tezlikni oshirmang», «Siz bizga keraksiz», «Piyoda – bu bizning ota-onamiz!» kabi yozuvlar aks etgan lavhalar mamlakatimiz fuqarolarini qoidalarga rioya etishga undaydi.

Zero, tezlikni oshirayotgan kishi uyida uni oilasi, farzandlari kutayotganini o‘ylasa, piyodalar o‘tish joyida to‘xtamasdan, signal chalib o‘tayotgan haydovchilar qo‘rquv aralash qadam bosayotgan har bir piyodaning o‘rnida o‘z ota-onasini tasavvur qilib ko‘rsa, so‘nggi vaqtlarda ko‘payib borayotgan yo‘l-transport hodisalarining oldi olingan bo‘lardi, ehtimol.

Diniy tomondan olib qaralsa ham yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish vojib amal deyilgan. Xususan, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid imom noibi, taniqli ulamo Hasanxon Yahyo Abdulmajid hadisi shariflarda ham yo‘lga doir odoblar juda keng yoritilgani, yo‘lning haqi bor, degan tushuncha ham aslida islomda borligini ta’kidlagan.

«1994 yil Bruneyda bo‘lib o‘tgan islom konferensiyasida yo‘l harakati qoidalariga amal qilish shar’iy jihatdan qanchalik asosliligiga doir bahs bo‘lgan. Pokistonlik ulamo Muhammad Taqiy Usmoniy anjuman qatnashchilarga taqdim qilgan maqolalarida taqdim qilgan dalillar 99 foiz ulamolar tomonidan qabul qilingan. O‘sha hujjat va boshqa ulamolarning kitobdagi gaplariga ko‘ra, piyoda bo‘lsin yoki ulovda bo‘lsin yo‘l harakati qoidalariga amal qilish shar’iy jihatdan vojib hisoblanadi.

Barcha yo‘l qoidalari aslida insonning joni va molini asrash maqsadida tuzilgan. Bu esa Islomning ahkomlarida himoya qilish ko‘zda tutilgan hamda shariat maqsadlariga muvofiq hisoblanadi
», – degan edi Hasanxon Yahyo Abdulmajid.

Sherali Soliyev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Piyoda ikkinchi darajali odam emas!