18:25 / 29.11.2021
1 535

Oliy sud: 4 yil ichida 62 nafar O‘zbekiston fuqarosi terrorizmni moliyalashtirganlik uchun sudlangan

Oliy sud: 4 yil ichida 62 nafar O‘zbekiston fuqarosi terrorizmni moliyalashtirganlik uchun sudlangan
2016—2020 yillar hamda 2021 yilning o‘tgan olti oyi mobaynida sudlar tomonidan ko‘rilgan terrorizmni moliyalashtirishga oid ishlar umumlashtirildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmatiga tayanib, «Gazeta.uz» xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, ushbu davr mobaynida sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlar bo‘yicha jami 62 nafari terrorizmni moliyalashtirish uchun sudlangan. Ularning 18 nafari (29 foizi) 18 yoshdan 30 yoshgacha, 43 nafari (69,4 foizi) 31 yoshdan 60 yoshgacha, 1 nafari (1,6 foiz) 60 yosh va undan yuqori yoshdagi shaxslar hisoblanadi.

Qayd etilishicha, sudlanganlarning 2 nafari ayollar hisoblanadi. Sudlangan shaxslarning 41 nafari (66,1 foiz) jinoiy qilmishni terroristik tashkilot, ularning vakillari yoki unga aloqador shaxslarga pul mablag‘larini taqdim etish yoki ularning hisob raqamlariga pul ko‘chirish yo‘li bilan sodir etgan bo‘lsa, 21 nafari ularning moliyaviy xarajatlarini qoplash yo‘li bilan sodir etgan.

«Terrorizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, sudlangan shaxslarning asosiy qismi pul ishlash maqsadida xorijiy davlatlarga borgan shaxslar hisoblanib, jami 62 nafar shaxsning 43 nafari jinoiy qilmishni xorijiy davlat hududida sodir etgan», — deyiladi xabarda.

Sud amaliyotida ekstremizmni moliyalashtirish bilan bog‘liq jinoiy qilmishlar Jinoyat kodeksining 244−2-moddasi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan kvalifikatsiya qilinadi.

2016—2020 yillar hamda 2021 yilning 1-yarmi davomida mazkur toifadagi jinoyatlarni sodir etgani uchun jami 9 nafar shaxs sudlangan bo‘lib, 5 nafari (55,6 foizi) 18 yoshdan 30 yoshgacha, 4 nafari (44,4 foizi) 31 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etgan.

Sudlanganlarning asosiy qismi, ya’ni 8 nafari (88,9 foizi) jinoiy qilmishni xorijiy davlat hududida turib sodir etishgan.

Avvalroq O‘zbekistonda terrorizm, qo‘poruvchilik sodir etishda gumonlanib 15 yildan buyon xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxs Abu-Dabida qo‘lga olingani, prezident farmoni bilan O‘zbekistonda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish strategiyasi tasdiqlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oliy sud: 4 yil ichida 62 nafar O‘zbekiston fuqarosi terrorizmni moliyalashtirganlik uchun sudlangan