00:13 / 30.11.2021
4 352

Qashqadaryoda so‘kong‘ichligi sabab ishdan olingan sobiq hokim yana lavozimga qaytdi

Qashqadaryoda so‘kong‘ichligi sabab ishdan olingan sobiq hokim yana lavozimga qaytdi
Baxtiyor Rajabov (arxiv fotosi).
Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Qashqadaryoda so‘kong‘ichligi sabab ishdan olingan sobiq Mirishkor tumani hokimi Baxtiyor Rajabov yana katta lavozimlarning birida ish boshladi, deya xabar berdi «Daryo» nashri.

Qayd etilishicha, sobiq so‘kong‘ich hokim viloyatning sobiq rahbari Zoir Mirzayev lavozimidan ketishi arafasida Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ish boshlagan.

«Boshqarmamizda 2021 yilning 16 noyabr kuni yangi rahbar — Baxtiyor Rajabov ish boshladi», — deydi boshqarma axborot xizmati rahbari Dilshod Karomov.

Eslatib o‘tamiz, Baxtiyor Rajabov viloyatning ikki tumanida — Koson va Mirishkor tumanlarida rahbarlik qilishdan tashqari, viloyat hokimi o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat yuritgan. 2020 yilning 2 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanining sobiq hokimi Baxtiyor Rajabovga tegishli audioyozuv tarqaldi. Audioyozuvdan ma’lum bo‘lishicha, voqea tuman hokimi va mahalla raislari ishtirokidagi yig‘ilishda bo‘lib o‘tgan.

Audioyozuvda hokim yig‘ilish ishtirokchilarini soliq tushumlarini o‘z vaqtida ta’minlamagani uchun turli so‘zlar bilan haqoratlagani va so‘kkani, shuningdek, ba’zilarni urgani eshitiladi.

Audioyozuv bo‘yicha Qashqadaryo viloyati hokimligi munosabat bildirib, ovoz haqiqatan ham Mirishkor tuman hokimiga tegishli ekanligini tan oldi.

Keyinroq Baxtiyor Rajabov «Daryo» muxbiri bilan bo‘lgan muloqotda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ovoz unga tegishli ekanini tan olib, mazkur qilmishini mahalla raisining bepisand muomalasi bilan izohladi. «Yig‘ilishda so‘kinganim rost, ammo hech kimga qo‘l ko‘tarmadim», — degandi hokim.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram’dagi kanali orqali mazkur voqeaga munosabat bildirib, «Kim bo‘lishidan qat’i nazar, tuban inson ekanligini namoyon etibdi», – degandi. Qashqadaryo viloyatining o‘sha paytdagi hokimi Zoir Mirzayev esa Mirishkorning zo‘ravon hokimi viloyat nomiga dog‘ tushirganini aytgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryoda so‘kong‘ichligi sabab ishdan olingan sobiq hokim yana lavozimga qaytdi