16:43 / 30.11.2021
2 186

Adliya vazirligi deputat Rasul Kusherbayev dollarni «qora bozor»dan almashtirganini qoraladi

Adliya vazirligi deputat Rasul Kusherbayev dollarni «qora bozor»dan almashtirganini qoraladi
Foto: Telegram / Rasul Kusherbayev
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Facebook’da jonli efirga chiqib, o‘zi istiqomat qiladigan Yangiyo‘l shahrida 27 noyabr, shanba kuni bir soat davomida valyuta ayirboshlash shoxobchasini izlagani, biroq ularning barchasi yopiqligi sabab 50 dollarni «qora bozorda» almashtirishga majbur bo‘lganini yozib, Markaziy bankni tanqid qilgandi. Holatga Adliya vazirligi munosabat bildirib, uning bu harakatini qoraladi.

Unda ta’kidlanishicha, deputat bu harakati bilan O‘zbekiston qonun va tartiblarini buzganini hamda o‘z harakati uchun javobgar bo‘lishga tayyor ekanini namoyishkorona ma’lum qildi. Vazirlik xabarda ko‘tarilgan muammo hayotda uchrayotganini inkor etmagan holda, uning aynan huquqiy tomoniga alohida e’tibor qaratdi.

«Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan yuqoridagi qoidalar va qonun talablari kimgadir qulayligi yoki qulay emasligi, yoqishi yoki yoqmasligi, uning fikridan, qarashlaridan va ijtimoiy maqomidan yoxud haftaning qaysi kuni ekanidan qat’iy nazar bajarilishi majburiydir.

O‘zbekistonda huquqiy ong va madaniyat, qonun ustuvorligini ta’minlash va huquqiy davlat qurish bo‘yicha jamiyat birlashib, shu maqsadlar sari intilib yashab kelmoqda.

Albatta mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlashda hali qator muammolar mavjud va bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Buni har kungi hayotimizda, jamiyat vakillari fikrlarida, xalqaro kuzatuvchilar va tashkilotlar reytinglarida ham ko‘rib turibmiz. Shunday ekan, ushbu muammolarni yechish va qonuniylikni ta’minlash ustida bosh qotirish kerakmi yoki teskarisini targ‘ib qilish kerakmi, degan haqli savol tug‘iladi.

Ikkinchidan, jamiyatni qiynayotgan, o‘z yechimini kutayotgan muammo va kamchiliklar ochiq va shaffof barcha darajada muhokama qilinib, yechimlar o‘rtaga tashlanmoqda. Bunda aholining barcha qatlamlari, deputatlar, senatorlar va mutaxassislar o‘z fikrlarini erkin bayon etmoqda.

Lekin deputat Rasul Kusherbayev tomonidan qonun bilan javobgarlik belgilab qo‘yilgan huquqbuzarlikni bila turib sodir etib, bu xatti-harakatini keng ommaga namoyishkorona ma’lum qilinishi jamiyatni qonun ustuvorligi tomon emas, teskari tomonga chorladi, noqulay paytda qonunlarni buzish mumkin, yoqmaydigan talablarga ko‘z yumsa bo‘ladi, javobgarlikdan qo‘rqmayman degan eng noto‘g‘ri va asossiz signalni jamiyatimizga yubordi.

Ayniqsa, bu harakatlar, qonun qabul qiladigan eng oliy organ vakili tomonidan, o‘zi qabul qiladigan qonunlarga rioya etilishini targ‘ib qilishi kerak bo‘lgan mas’ul inson tomonidan sodir etilgani eng achinarli holatdir.

Kelajakda hurmatli deputat qonun ustuvorligini boshqalardan talab qilganda, o‘zining ushbu harakatlarini jamiyat a’zolari unga eslatishlari aniq.

Uchinchidan, Qonunchilik palatasi deputati sifatida Rasul Kusherbayev o‘z vakolatlari doirasida masalani tizimli hal qilish maqsadida tegishli so‘rov bilan mutasaddi idoralarga murojaat etishi, qonunlarga o‘zgartirish bo‘yicha tashabbus bilan chiqishi ham mumkin edi (valyuta sohasidagi qonunlarga).

Afsuski, Rasul Kusherbayevning shaxsiy o‘rnak sifatida qonunlarni buzish orqali muammoni hal etish va bunday huquqbuzarlikni ma’nan yoqlash usulini tanlagani, shu orqali huquqiy nigilizmni targ‘ib qilishga olib kelayotganini oqlab bo‘lmaydi.

To‘rtinchidan, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasiga asosan deputat o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, ...qonunlariga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi. Mazkur qonunning 11-moddasiga asosan deputat odob qoidalariga qat’iy rioya etishi lozimligi, deputatning o‘z maqomidan jamiyat va davlatning qonuniy manfaatlariga ziyon yetkazadigan tarzda foydalanishiga yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilgan», — deyiladi vazirlik munosabatida.

Rasul Kusherbayevning yuqoridagi xatti-harakatiga uning deputatlik maqomini e’tiborga olib, faqat tegishli vakolatli organ huquqiy baho berishga haqli ekani va bu jarayon amalga oshmaguncha hech kim uni qonunbuzar deb e’tirof etish mumkin emas emasligi ham bildirib o‘tilgan.

Shuningdek, «Hamkorbank» ATB Yangiyo‘l filiali tomonidan bildirilgan munosabatga tayanib, bank binosida joylashgan valyuta ayirboshlash shoxobchasi shanba kunlari xorijiy valyutani sotib olish xizmatini ko‘rsatishi qo‘shimcha qilingan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019 yil avgust oyida ko‘p yillardan beri birinchi marta chet el valyutasini naqd ko‘rinishda sotib olishga ruxsat berildi. Bunga qadar odamlar dollarni faqat xalqaro bank plastik kartalari orqali (Visa, MasterCard va boshqalar) sotib olishlari mumkin edi.

Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazganlik uchun esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 170-moddasida javobgarlik belgilangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Adliya vazirligi deputat Rasul Kusherbayev dollarni «qora bozor»dan almashtirganini qoraladi