13:21 / 06.09.2016
13 161

Aziza Niyozmetova san’at olamidagi pastkashliklar haqida gapirdi

Aziza Niyozmetova san’at olamidagi pastkashliklar haqida gapirdi

San’at olamidagi eng pastkashlik — sahnada turgan san’atkorning pastdagi va yuqoridagi san’atkorlarni mensimay qo‘yishidir. O‘zidan ketib qolishi juda xunuk holat. Odatda, xonandalarning ma’muri bo‘ladi. Qaysidir ma’murlar bir san’atkor bilan ishlab, keyinchalik, boshqa san’atkorga o‘tganda, avvalgi xonandaning reytingini, bahosini tushirishga harakat qilishadi. O‘zi birga ishlayotgan san’atkorning esa bahosini oshiradi. Ma’murlarning bu dallolliklarini ham pastkashlik, deb bilaman. San’atdagi pastkashlik — bu atrofingga yomon niyatli odamlarning yig‘ilib qolishida, yomon yo‘lga boshlovchilar ham ular buladi. Doim Yaratgandan meni yomon niyatli kimsalardan asragin, deb so‘rayman.

Pul va boylik haqida

Pulni kim yaxshi ko‘rmaydi, pul va boylik hammaga yoqadi. Lekin bu har qanday yo‘l bilan unga erishishga intilish kerak, degani emas, albatta. Mehnat qilib pul topishning o‘zi go‘zal, keyinchalik uning rohatini ko‘rish ham totli. Pulning orqasidan quvish kerak emas, “Mehnat qiling, pul sizni izlab kelsin” degan shior bilan yashayman.

Ayolning suyanchig‘i bo‘lmasa…

Ayolning, har kimning ham suyanchig‘i avvalo, Yaratgan, so‘ng ota-onasi, deb bilaman. Ayol eri topib kelsa ham, “olma pish, og‘zimga tush”, deb o‘tirishi kerak emas. Ayol kishi birinchi navbatda, o‘ziga, kuchiga va aqliga ishonishi kerak. Qachonki, o‘ziga ishonsa, doim yo‘lini topadi. Suyanchiq tanlab, unga ishonib qolish ham har kimning o‘ziga bog‘liq bo‘lsa kerak.

San’atdagi dushmanlarim

San’atda dushmanim bor ekan, deb hech qachon sahnaga chiqmaganman. Maqsadim, Xorazm folklor san’atini, Xorazm etnografiyasi, madaniyati, liboslarini, oddiy garmon va doira bilan aytiladigan qo‘shiqlarini estrada yo‘nalishida kuylab, xalqqa olib chiqish mening yagona maqsadim. Muxlislarim uchun ijod qilaman. Har kimning o‘z yo‘li, muxlislari bor. Menga chalingan qarsak ertaga boshqalarga ham chalinishi mumkin. Buning uchun o‘ta emosional bo‘lib, dushmanlik qilish kerak emas. Men shu san’at maydoniga chiqdimmi, o‘zimga, mahoratimga ishonaman. Mening dushmanim bor ekan, deb, hali unga ko‘rsatib qo‘yaman, degan ma’noda ijod qilish — bu qoloqlik, madaniyatsizlik, deb o‘ylayman.

Ayol san’atkorlarning homiysi erkak kishi bo‘lsa…

Men o‘zimga ishonaman. Mening erkak homiyga suyanadigan joyim yo‘q. Shu paytgacha menda bu borada muammo bo‘lmagan. O‘z aravamni o‘zim tortib o‘rganganman. Bunday hamkorlarga muhtojlik joyim yo‘q.

Oq-qora yo‘lak

San’atning yo‘lini oq-qora yo‘laklarga o‘xshataman. Hammaga birdek yoqa olmaysiz. Kimgadir xonishingiz yoqsa-da, kiyinish uslubingiz yoqmaydi. Kimdir ko‘rinishingizni yoqtiradi-yu, san’atni yoqtirmaydi. Yana kimgadir yuz foiz yoqasiz, kimdir yoqtirmaydi. Bu oddiy hol. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham, san’atkor muxlislari uchun ijod qilishda davom etaveradi.

Diydor sog‘inchi

Ota-onam, farzandlarim yonimda. Muxlislarim, do‘stlarim bor. Toshkentga kelganimdan buyon ota-onam va farzandlarim ham men bilan birga yashaydi. Shunday ekan, diydor sog‘inchi va armonlari men uchun begona.

Aziza Niyozmetova

Manba: diydoraziz.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Aziza Niyozmetova san’at olamidagi pastkashliklar haqida gapirdi