11:50 / 14.12.2016
7 202

To keyingi tug‘ilgan kuningizgacha... 30 qoidaga amal qilib, hammasini o‘zgartiring!

To keyingi tug‘ilgan kuningizgacha... 30 qoidaga amal qilib, hammasini o‘zgartiring!

Ba’zan hayotingiz izmingizda emasdek tuyuladi, allaqanday bir oqim bo‘ylab shunchaki oqayotganga o‘xshaysiz. Ayniqsa, inson bir yoshga ulg‘ayganda, buni yaqqolroq his qiladi. Nahotki, shunchaki xasdek oqib o‘tish uchun dunyoga kelgan bo‘lsangiz? Aslo! Bugungi kuningiz qaytib kelmaydi. Demak, vaqtni boy bermang, hoziroq baxtli yashashingizga xalaqit berayotgan odatlardan xalos bo‘lish yo‘lini izlang.

Masalan, quyida biz tavsiya qilgan qoidalarga amal qiling va kelajak hayotingizni o‘zingiz istagandek yaxshi tomonga o‘zgartiring.

1. Tabassum qilishingiz va rivojlanishingiz uchun xalaqit berayotgan narsalardan kechib, unutib yuboring. Hayotga chidash emas, undan lazzatlanib yashash kerak. Harakatlanishingiz uchun rag‘bat beradigan yo‘ldan boring. Istasangiz, uddasidan chiqasiz.

2. Ayrim qarashlarni o‘zingiz bilan olib yurmay, o‘tmishda qoldirganingiz ma’qul. Masalan, odamlarning yolg‘onchiligi, xiyonati, hayotning shafqatsizligi haqidagilarni. Zero, odamlar o‘zgaruvchan, hayot esa taraqqiyotdadir.

3. Atrofdagilarning siz haqingizdagi fikrlari haqida o‘ylashni bas qiling. O‘z hayotingiz hikoyasini o‘zingiz yozasiz, bu jarayonda teleseriallar, filmlar, o‘qilgan asarlaru ijtimoiy tarmoqdagi sharhlar emas, faqat o‘zingiz ishtirok etishingiz kerak.

4. Muammolardan qochishga moyilligingizni yo‘qoting. Ming chap bermang, taqdirdan qochib qutulolmaysiz. Muammolarni HAL QILISh kerak.

5. Nolishni bas qiling. Sizga biror narsa yoqmayaptimi, uni o‘zgartiring. Vaziyatni o‘zgartirolmasangiz, unga bo‘lgan munosabatingizni o‘zgartiring.

6. O‘zingizni oqlamang. Biror ishni amalga oshirmoqchi bo‘lsangiz, buning yo‘lini, albatta, topasiz. Qilishni istamasangiz, albatta, bahona izlashga tushasiz.

7. Erinchoqlikni bas qiling. Bir odam doim tinmay mehnat qilsa, buni e’tirof etmay ilojingiz yo‘q. O‘sha mehnatkash inson o‘zingiz bo‘ling. Hayot istaganlarimizni emas, sazovor bo‘lganlarimizni beradi.

8. Bir xatoni takrorlayvermang. Xatoni bir marta takrorlasangiz, balki, bu shunchaki tajribasizlikdir. Ammo ikkinchi, uchinchi marta takrorlayversangiz, bu endi xato emas, odat, sizning tanlovingizdir.

9. Faqat o‘tmishdagi baxtli kunlarni o‘ylayvermay, kelajakka umid bilan boqishni o‘rganing. Hayot o‘tmish emas, kelajakdir. O‘tmish esa faqat xotira. Shu onda, shu erda yashashga o‘rganing!

10. Doim istagan narsamga erishaman, deb o‘ylamang. Ba’zan muvaffaqiyatsizliklar ham bir natijadir. Ular sizga saboq beradi, sizni tarbiyalaydi.

11. Boshqalarning sizdan omadliroq ekani haqida o‘ylamang. Hech kim muvaffaqiyatga oson erishmaydi, hammada ham muammolar bor. Agar ular o‘z muammolarini sizga ayta boshlashsa, qochgani joy topolmay qolishingiz mumkin.

12. Qulay fursatni kutib yashamang, uni o‘zingiz yarating. Aks holda, butun umringiz kutishdan iborat bo‘lishi mumkin.

13. Qiyinchiliklar, noqulayliklardan qo‘rqish odatingizni tashlang. Har qanday taraqqiyot qulayliklaringiz tugagan joydan boshlanadi.

14. Hammasini boshidayoq bilishim kerak edi kabi o‘ylardan voz keching. Oldinga intilayotgan odam hamma natijalarni bilishi imkonsiz, shart ham emas. Shunchaki, ishingizni avvalgidan yaxshiroq bajarishga intiling.

15. Xatolaringizni o‘tmishda qoldiring, ularni bo‘yningizga tumor qilib osib yurmang. Aksincha, oyog‘ingiz ostiga ularni taxlab, pillapoya yasang, toki yuqoriroq ko‘tarilish imkoningiz bo‘lsin.

16. Kundalik qiyinchiliklar sizni engishiga yo‘l qo‘ymang. Og‘ir kunlar insonni yuksaltiradi, toblaydi. Ishonchni yo‘qotmang. Buyuk ishlarning boshi doim qiyin kechadi.

17. Noshukurlikni unuting. Baxt borini qadrlay biladiganlarga nasib etadi. Damak, bugungi kuningizga shukrona ayting. Hayot mukammal bo‘lishga majbur emas, shunchaki yaxshi bo‘lishi mumkin.

18. O‘zingizni baxtsiz his etishingizga sabab bo‘layotgan bahonalaringizni unuting. Baxtsiz bo‘lishga sabablar qidirishni bas qiling. Boringizni qadrlang.

19. Xudoni faqat boshga balo kelganda emas, yaxshi kunlarda ham eslang. Zero, quyosh ham, yomg‘ir ham Uning marhamatidir.

20. O‘zingizni bosa olmaslik odatingizni unuting. G‘azabingizni nazorat qilishni o‘rganing. «Jahlim chiqib turgandi-da» deb o‘zingizni oqlashni o‘ylamang. Yaxshisi, o‘sha paytda hech nima qilmaslik va demaslikka odatlaning.

21. Lug‘atingizni yomon so‘zlardan tozalang. Birovni qarg‘asangiz, so‘ksangiz yoki haqoratlasangiz, endi siz avvalgidan yaxshiroq emas, yomonroq odamga aylangan bo‘lasiz.

22. Odamlarni bir qarashda, tashqi ko‘rinishiga qarab tezgina baholamang. Atrofimizdagi hech kim ochiq kitob emas. Ularga imkon bersangiz, har biri sizni qoyil qoldiradigan nimadir qilishi mumkin.

23. Atrofingizdagilarni o‘zgartirishga urinmang. Aksar hollarda odamlarni o‘zgartirish imkonsiz, shu sababli bu ishga qo‘l urmaganingiz ma’qul. Yo siz ularni boricha qabul qilasiz, yo ulardan voz kechasiz.

24. O‘z muhabbatingizni ko‘rsatishga vaqt yo‘q demang. Vafoni topish qiyin, ishonchni yo‘qotish esa oson. Amallar so‘zlardan ko‘ra ko‘proq va xo‘broq so‘zlaydi. Yaqinlaringizga ularni naqadar sevishingizni har kuni ayting va buni isbotlab boring.

25. Qiyin daqiqalaringizda yordamga kelmagan odamlarni qo‘yib yuboring, o‘z yo‘llarida ketaverishsin. Agar kimdir siz haqingizda chindan ham qayg‘urayotgan bo‘lsa, o‘zi uchun doim kurashishingizni talab qilmaydi, shunchaki yoningizda bo‘ladi – tamom-vassalom. Faqat boshingizga ish tushganda odamlarning asl qiyofasini ko‘rasiz, ushbu qiyofalarni unutib qo‘ymang, saralang.

26. Yomon xayollardan xalos bo‘ling. Hadeb ularni o‘ylayversangiz, hech qachon baxtli bo‘lmaysiz.

27. O‘zingizni ayblashni bas qiling. O‘zingizni seving, kechiring va boringizcha qabul qiling!

28. Birovga o‘xshashga intilmang. Kimdir doim chiroyli, birov aqlli, birov esa yosh. Lekin ularning hech biri siz emas. Shugina sizni atrofdagilar uchun qiziq insonga aylantiradi.

28. Mayda-chuyda dilxiraliklarni unuting. Ular baribir hayotingizni izdan chiqara olmaydi. Shart shuki, bu mayda-chuydalarga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishingiz, ularni katta muammoga aylantirib yubormasligingiz kerak.

29. Boshqalar ham sizga o‘xshashi kerak deb o‘ylamang. Bunga hech kim majbur emas. Odamlar umuman bir-biriga o‘xshamaydi. Biri xiyonat qilsa, boshqasi sadoqat ko‘rsatadi. Ularni umumlashtirmang.

30. Hammasini boshdan boshlashga kech deb o‘ylamang. Unutmang, o‘zingizga kerak bo‘lmagan cho‘qqining eng yuqorisida bo‘lgandan ko‘ra, sizga kerak zinaning eng quyi pillapoyasida turgan ma’qul.

Va nihoyat, eski odatlardan voz kechib, yangilariga o‘rganish hech qachon oson bo‘lmaydi. Ammo siniq odatlar bilan yashab, bir kun kelib o‘zingiz ham sinib qolganingizdan ko‘ra, hozir egilib-bukilsangiz-da, shaxsingizni tarbiyalaganingiz ma’qul. Albatta, aynan biz aytgan yo‘ldan yurishingiz shart emas, balki sizning o‘z baxt «reseptingiz» bordir. Juda yaxshi-da, hoziroq unga amal qilishni boshlang. O‘sing, o‘zgaring!

ShAHINA tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » To keyingi tug‘ilgan kuningizgacha... 30 qoidaga amal qilib, hammasini o‘zgartiring!