11:31 / 15.12.2016
10 284

Bolaning burjiga qarab iqtidorini aniqlaymiz!

Bolaning burjiga qarab iqtidorini aniqlaymiz!

Burjlar nafaqat fe’l-atvor, kelajakdagi taqdirimizni o‘rganishda, balki iqtidorimizni aniqlashda ham muhimdir. Masalan, bolalarni olaylik. Ayni dam bolangizni biror kasb-hunarga yo‘naltirishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, bu tanlov uning iqtidoriga qanchalik mos kelishi va kelajakda qanday foyda berishini bir tekshirib ko‘ring. Mazkur vazifani uddalashda psixologiya fanlari nomzodi, dosent – Feruza Akramova ko‘maklashadi.


Hamal-bolakay (21.03-20.04)


Ushbu burjda tug‘ilgan bolalar juda faol bo‘lishadi. Tezlik va harakatchanlik – ularga xos. Bu bolalardagi etakchilik xususiyatini to‘g‘ri yo‘naltira bilish kerak. Mazkur burjdagi bolalar bir xillik, sokinlik va tanqidni yoqtirishmaydi. Ular musiqa, ilm, kashfiyotchilik va ijodiy izlanish talab etuvchi sohalarda yuqori cho‘qqilarga erishishlari mumkin. Chunki ajoyib lider va notiq bo‘lishadi. Qolaversa, Hamallar yangilik yaratishga moyil hamdirlar. Qaysarliklari, o‘zlarinikini ma’qul bilishlari va yoqtirmagan mashg‘ulotlaridan tez zerikishlari-da bor gap.

Agar farzandingiz mazkur burj vakili bo‘lsa, uning iqtidorini yuzaga chiqarishda ko‘proq faollikni talab etuvchi sohalarni tanlang. Katta-kichik yutuqlarini ham rag‘batlantiring.

Savr-bolakay (21.04-20.05)


Fe’l-atvoriga ko‘ra, tashqi bosimni yoqtirmaydi. Shu bois qay bir sohani tanlash kerakligini bolaning o‘zi hal qilishi kerak. Uning qiziqishlarini qanchalik rag‘batlantirib, xayrixohlik qilsangiz, iqtidori shunchalik sayqal topib boradi. Muhimi, bolangizni shoshiltirmang. Iqtidori asta-sekin namoyon bo‘lishiga sharoit yarating. Savr burjidagi bolakay qo‘l mehnati bilan bajariladigan hunarlar, pianinoda musiqa chalish, kuylash, rassomlik, dizayn yo‘nalishi bo‘yicha iste’dodli bo‘ladi. Ushbu burjdagi bolalardan go‘zallik saloni boshqaruvchisi, restoran va boshqa ko‘ngilochar maskanlar tashkilotchisi, ishbilarmon, kosmetik vositalari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar asoschilari etishib chiqishi mumkin.

Javzo-bolakay (21.05-21.06)

Ushbu burjda tug‘ilgan bolalarning aqliy faoliyatini go‘dakligidanoq shakllantirish darkor. Javzo bolakaylar har qanday ma’lumotni tez ilg‘ab oladigan, atrofidagi hodisalarni tezroq bilishni istaydigan bo‘lishadi. Bunday bolalarning savolini javobsiz qoldirib bo‘lmaydi. Agar uning iqtidorini rivojlantirishni istasangiz, ko‘proq suhbatlashishingiz, yangi ma’lumotlar bilan tanishtirib borishingiz va ishtiyoqini rag‘batlantirib turishingiz lozim. Javzolar boshlagan ishlarini oxiriga etkazmay, yarim yo‘lda tashlab ketishlari ham mumkin. Shu bois bunday bolaning qiziqishini qo‘llab-quvvatlash kerak. Javzo bolakaylar kichikligidan to‘g‘ri yo‘naltirilsa, ulardan iqtidorli jurnalist, muxbir, siyosatchi, sharhlovchi, savdo sohasi mutaxassisi etishib chiqadi.

Saraton-bolakay (22.06-22.07)

Saraton burjida tug‘ilgan bolakayning fe’l-atvoriga diqqat qilsangiz, u o‘z atrofida “kichik uycha” qurib, undan chiqmaslikni yoqtiradi. Ya’ni o‘z bilganini ma’qullab, boshqalarga quloq solishi qiyin. Bunday bolakayga kichikligidan ota-onasining mehri, e’tibori va g‘amxo‘rligi kerak. Shunday bo‘lsa-da, bolaning mustaqil fikrlashiga to‘sqinlik qilmaslik zarurligini ham yodda tuting. Imkon qadar qat’iyati shakllanishiga yordam beruvchi sport turlari, muomalaga kirishimlilikni o‘rganishda notiqlik, san’at, texnika to‘garaklariga jalb qilish lozim.

Saraton burjidagi bolakay bilan shug‘ullanilmasa, keyinchalik o‘z qobig‘ida o‘ralib qolib, biror ishni mustaqil boshlab olishi qiyin bo‘ladi. Bu burjdagi bola iqtidorini tarix, arxeologiya, rassomlik, arxitektura yo‘nalishlariga yo‘naltirsangiz, kelajakda ayni sohalarda etakchi mutaxassis bo‘lishi mumkin.

Asad-bolakay (23.07-23.08)


Bu bolalar haqida gapirganda ular hamisha birinchi bo‘lishni yoqtirishlarini aytish lozim. Asad burji vakillari doimo diqqat e’tiborda bo‘lishni ham xush ko‘rishadi. Ular katta sahnalarda aktyorlik mahoratini namoyon etishga, musiqa, rassomlik, arxitektura yo‘nalishlarida izlanishga moyil bo‘lishadi. Ushbu burjda tug‘ilgan bolada qat’iyat va majburiyat hissi yuqori. Shu bois har qanday vazifani ham a’lo darajada bajarishga urinadi.

Asad burjida tug‘ilgan bolaning iste’dodini ijod, huquq va sportga yo‘naltirsangiz, kelajakda undan etuk huquqshunos, kinotanqidchi, rahbar, tashkilotchi, siyosatchi hamda diplomat etishib chiqadi.

Sunbula-bolakay (24.08-23.09)

Tabiatan o‘tkir zehn sohibi bo‘lgan sunbula burjidagi bolalar xotira mustahkamligi bilan ham ajralib turadilar. Ular har qanday ma’lumotni oxirigacha o‘rganib, mohiyatini tushunishni istashadi. Bunday bolalar bilan shunchaki suhbatlashmay imkon qadar foydali ma’lumotlar, zarur maslahatlar haqida so‘zlashish lozim. Sunbula burjida tug‘ilgan bolalar matematika, fizika, kimyo, tibbiyot, psixologiya, farmasevtika hamda tarix fanlarini mukammal o‘rganishga yo‘natirilsa, kelajakda ilmiy darajaga erishgan mutaxassislar etishib chiqishi mumkin. Ushbu burjda tug‘ilgan bolalar aqliy salohiyat jihatidan chet tillarini yaxshi o‘zlashtirishadi.

Agar farzandingiz sunbula burjida tug‘ilgan bo‘lsa, uning qiziqishini hurmat qilib, ko‘proq o‘z ustida ishlashi va bilimini mustahkamlashiga ko‘maklashing.

Mezon-bolakay (24.09-23.10)


Farzandingiz mezon burjida tug‘ilgan bo‘lsa, hoynahoy, uning ijodiy qiziqishlarini payqagan bo‘lsangiz kerak. Bunday bolalarda barmoq harakatlari, musiqiy ohanglarini farqlash va yodda saqlash qobiliyati shakllangan bo‘ladi. Burjga xos o‘zgaruvchanlikka ko‘ra, ularning qiziqishlari ham o‘zgarib turishi mumkin. Bunday paytlarda ota-onalar bolaga bosim o‘tkazmay, boshqa qiziqishlarini ham sinab ko‘rishga ijozat berishlari va so‘nggi tanlovni uning o‘ziga qo‘yib berishlari lozim. Boladagi muomala san’ati uning kelajakda diplomatik sohada faoliyat yuritishi mumkinligini anglatadi.

Mazkur burjda ko‘plab mashhur rassom, yozuvchi va san’at ustalari hamda davlat arboblari tavallud topgan. Agar farzandingiz iste’dodini qaysi sohaga yo‘naltirishni bilmayotgan bo‘lsangiz, notiqlik, san’at tarixi yoki adabiyotga qiziqishlari haqida o‘ylab ko‘ring.

Aqrab-bolakay (24.10-22.11)

Bu burjda tug‘ilgan bolalar kichiklikdan sinchkov va boshlagan ishlarini oxiriga etkazmay qo‘ymaydigan bo‘lishadi. Agar aqrab burjida tug‘ilgan farzandingiz “Nega shunday?”, “Keyin nima bo‘ladi?”, degan savollarni kanda qilmasa, uni pisand qilmaslik noto‘g‘ridir. Chunki bolangiz o‘ziga kerakli ma’lumotni olmaguncha tinchimaydi. Undagi bu xususiyat tadqiqot ishlari, ilmiy izlanishlar talab qiluvchi sohaga bo‘lgan qiziqishini bildirishi mumkin. Texnika, konstruktorlik, huquq kabi sohalarda iqtidorini sezsangiz, shu yo‘nalishlarga e’tibor qarating. Iste’dodini kashf eta olsangiz, ulg‘aygach, yuridik soha, tibbiyot, kimyo, falsafa, aviasiya va texnika yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassisga aylanishi mumkin.

Qavs-bolakay (23.11-21.12)

Qavs burjidagi bolalarga erkinlik juda muhim. Agar uning fikrini ma’qullamay, pisand qilmasangiz yoki unga bosim o‘tkazib o‘zingiznikini uqtirishga urinsangiz, hech qanday natijaga erisholmaysiz. Bunday bolalarni nimalarnidir kashf qilish, sarguzashtlar qiziqtiradi. Hamisha qandaydir fikrlar, o‘ylar bilan band bo‘lib, yangilik sari intiladi. Shu bilan birga bu burjdagi bolalarda chet tillari, geografiya, jahon adabiyoti fanlariga qiziqish yuqori. Agar Qavs burjida tug‘ilgan farzandingizni chet tillariga yo‘naltirsangiz, undan mohir tarjimon chiqishi mumkin.

Jadiy-bolakay (22.12-20.01)

Tabitan o‘ta jiddiy, kattalarday fikrlaydigan, tartibli va mas’uliyatli bolalar ushbu burj vakillari sanaladi. Bunday bolalar ota-onalarining rag‘bati va e’tiborini his etishsa, yanada g‘ayrat bilan izlanishadi.

Ushbu burjda tavallud topgan bolalarda tashkilotchilik xislati anchayin yuqori. Bolaning qiziqishidan kelib chiqib, uni arxitektura, mashinasozlik, konstruktorlik hamda notiqlik san’ati yo‘nalishlariga jalb qilishingiz mumkin. Jadiy burjidagi bolalarning iste’dodlari kelajakda rahbarlik lavozimlariga mos salohiyatni namoyon etadi. Shunga ko‘ra, bolangizga aniq fanlar, chet tillari hamda falsafa fanlaridan saboq bersangiz, foydadan xoli bo‘lmaydi.

Dalv-bolakay (21.01-20.02)

Farzandingiz kichikligidan mustaqil bo‘lishga, o‘z fikri, dunyoqarashi mavjudligini isbotlashga urinadimi? Tashvishlanmang, bu Dalv burjidagi bolalarga xos fe’l-atvor. Bunday bolalar yangiliklarni, g‘aroyibotlarni yoqtirishadi. Imkoni bo‘lsa, ushbu burjda dunyoga kelgan farzandingizga kompyuter olib bering. Ekstrimal sport turlariga qiziqish bildirsa, bunga to‘sqinlik qilmang. Dalv burjidagilar bir qolipga tushib qolishni yoqtirishmaydi. Sizga ma’qul kelgan biror qiziqishni bolangiz bajarishni istamasa, majburlab ovora bo‘lmang. Shaxs sifatida tan olinish, mustaqillik, majburiyat talab qilmaydigan sohalarda ishlash istagi ularning fe’l-atvoriga xos. Farzandingizni biror hunarga yo‘naltirishni istasangiz, shu omillarni hisobga oling.

Hut-bolakay (21.02-20.03)


Bu burjdagi bolalarning tasavvuri nihoyatda boy bo‘lib, ular hayratlanish, xayoliy o‘ylardan zavqlanish xususiyatlari bilan ajralib turadilar. Bunday bolalar ijodiy iqtidor talab etadigan har qanday sohada ildam odimlashadi. Rang-tasvirni farqlash, musiqa ohangiga mos tebranish, kuy maromini tushunish hut burjida tug‘ilgan bolalarning iqtidoridan darakdir. Agar ushbu burjda tug‘ilgan farzandingizning iste’dodi yuzaga chiqishini istasangiz, uni san’at, aktyorlik, notiqlik kabi ijodiy sohalarga yo‘naltiring.

Samira ULUG‘BEKOVA tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Bolaning burjiga qarab iqtidorini aniqlaymiz!