14:41 / 21.12.2016
7 091

Haqiqiy ayol bo‘lishimizga yo‘l qo‘ymayotgan 20 to‘siq

Haqiqiy ayol bo‘lishimizga yo‘l qo‘ymayotgan 20 to‘siq

Haqiqiy ayol? U qanday bo‘ladi? Ojizami yo qat’iyatli, sovuqqonmi yo jo‘shqin? Balki har kuni har xildir? Bizning nafosatitimizga soya solib, atrofdagilarga mehr va go‘zallik ulashishimizga qo‘ymaydigan to‘siqlar ham bor. Xo‘sh, ular qaysilar?

1. Siz aksessuarlardan foydalanmaysiz. Bekor qilasiz! Ajoyib, boshqa hech kimda yo‘q ziraklar va bilaguzuklar, sumkayu sharflar – bular shunchaki libosni to‘ldiruvchi, yordamchi vositalar emas, ular sizdagi o‘ziga xoslikni, kayfiyatni ifodalaydi. Ular yordamida har kuni har xil ko‘rinishingiz mumkin.

2. Eringiz yoki bolalaringizni shunchaki quchoqlab qo‘ymaysiz. Vaqt yo‘qmi? Bo‘lmagan gap! Axborotingiz uchun, har qanday insonda kuniga kamida 8 marta quchoqlashish ehtiyoji bor. Bu o‘zimizni xavfdan holi va qulay his qilishimiz uchun kerak. Demak, yaqinlaringizni ko‘proq quchoqlang va ularning quchog‘ida bo‘ling.

3. Kuylash va raqs tushishdan uyalasiz. Hatto yolg‘iz qolganingizda hammi? Bilsangiz, raqs va qo‘shiq o‘zingizni, his tuyg‘ularingizni ifoda etishning ajoyib usuli. Ular stresslar va vahimadan qutulish hamda ichki imkoniyatlaringizning yangi qirralarini kashf qilish uchun ham ajoyib vositadir.

4. Eringizga yori emas, onasidek munosabatda bo‘lasiz. “Boshingizga kiyib oling!”, “Tezroq, kech qolyapsiz!!!”, “Ovqatlandingizmi?” hadeb shunaqa tergab so‘rayverishingiz uning joniga tegadi. Axir, yosh bola emas-ku.

5. Hamma narsani nazoratda ushlab turish istagingiz tufayli doim asabiysiz. Nazorat qilishga juda ko‘p kuch va ruhiy quvvat kerak. Lekin baribir hamma narsani idora qilish qiyin. Bu bilan naqadar muhim, tengi yo‘q beka (xodima, ona, ayol) ekanligingizni doim isbotlagingiz keladi. Bu esa o‘zingizga nisbatan ishonchning kamligini ko‘rsatadi.

6. Oxirgi bir yil davomida siz biron yangi ishni qilib ko‘rmadingiz, yangi hech nima o‘rganmadingiz. Ammo yangi hissiyotlar, taassurotlar va imkoniyatlar – yoshlikni bardavom qilishning eng yaxshi usuli. O‘z-o‘zingiz bilan musoboqa hayotiy quvvat beradi.

7. Uyquga muntazam to‘ymaysiz. Uyquga to‘ymaslik xarakter uchun ham, tashqi ko‘rinish uchun ham zarar, sizga aytsam. Unutmang, tungi soat 24 gacha bo‘lgan vaqt uyquning eng foydali qismidir.

8. Siz oilada lidersiz. Eringizdan ustun bo‘lishga intilasiz. Ushbu hol tashqaridan qaraganda ham shundoq ayon. Bu sizni ojiza, nozik va nafosatli, mehribon ayol degan obrazingizga hecham yopishmaydi. Tizginni turmush o‘rtog‘ingizning qo‘liga topshiring.

9. Doim oxirgi so‘zni aytishni istaysiz. Yaqinlaringiz sizni qattiqqo‘l o‘qituvchi yoki komandir obrazida ko‘rishadi, ammo aslo mehribon ona va sevimli yor emas. Mustaqillik, kuch, qattiqqo‘llik – erkaklarga xos sifatlar. Buni unutmang.

10. Uy ishlarini yomon ko‘rasiz. Ammo toza va sarishta uyda fayz bo‘ladi, odamlar bu uyga talpinadi, uning bekasiga tasannolar o‘qiydi. Bu ham ayollikning yaxshi sifatlaridan biri.

11. Hayotingizda ijodkorlikka umuman o‘rin yo‘q! Ammo xobbilar va qiziqishlar hayotimizni yanada yorqinroq qiladi. Albatta, uy yumushlari ko‘p vaqt va kuchingizni olib qo‘yadi, ammo shuning uchun ham o‘zingizga quvonch baxsh etadigan mashg‘ulot topishingiz kerak. Qani, o‘ylab ko‘ring-chi, sizga nima yoqadi? Rasm chizishmi, to‘qishmi, ovqat pishirishmi yo suratga olish?

12. Doim biron narsadan nolib yurasiz. Pessemizm tufayli faqat muammolarni ko‘rasiz. Bundan qoshlaringiz o‘rtasiga ajin tushib qolishini bilasizmi?

13. Tanangizning o‘ziga xos ishoralarini tushunmaysiz. Qorningiz ochdimi, charchadingizmi – sezmaysiz, ishlayverasiz. Ammo hech kim sizning o‘rningizga ovqatlanib yo dam olib berolmaydi. Tanangizga quloq soling, uni avaylang.

14. Ishingizdan zavq olmaysiz. Balki kasbni ota-onangizning qistovi bilan tanlagandirsiz, balki ish avvalo pul, keyin zavq olib kelishi kerak, deb o‘ylarsiz. Ammo kuch-quvvatni quvonch va baxt baxsh etadigan ishga sarflasang arziydi. Ko‘ngilga yoqadigan ishni tanlashga hech qachon kech emas.

15. Hissiyotlaringizni oshkor etmaysiz. Hammasini ichingizda saqlashga urinasiz. Qichqirmaysiz, yig‘lamaysiz, bor ovozda maza qilib kulmaysiz. “Buncha sershovqin bo‘lmasa bu” deyishlaridan cho‘chiysiz. Biroq ayolning kuchi uning hissiyotlarida, aniqrog‘i, ularni qay darajada va qay yo‘sinda ifodalay olishida. Gap shundaki, hissiyotlarni ichingizda muzlatib qo‘yganingiz bilan ular yo‘qolib qolmaydi, sizni quvonchdan mahrum etadi.

16. Tanqid – sizning qurolingiz. Yaqinlaringizdan doim norozisiz. Ularning xatti-harakatlari, tanlovlari, qarorlarini hech qachon ma’qullamaysiz. Ammo turmush o‘rtog‘ingizga ham, farzandlaringizga ham sizning madadingiz va qo‘llab-quvvatlashingiz juda kerak. Ularning fazilatlarini tez-tez e’tirof etib turing.

17. Uyqudan oldin bolalaringiz bilan gaplashib yotmaysiz va oilaviy yaqinlikni hamda mehrga to‘liq bo‘lgan eng yaxshi daqiqalarni boy berasiz.

18. Dugonalaringiz yo‘q, umuman, dugonalikning ma’nisi nima – bilmaysiz. Balki bolaligingizdanoq tengdosh qizchalar sizga ahmoq va yengiltakdek tuyulgandir? Ammo atrofingizga yaxshilab boqsangiz, dunyoqarashi va fikrlari siznikiga yaqin insonlarni uchratasiz. Ayollar bilan muloqot – bu faqat bola-chaqayu ro‘zg‘or haqidagi suhbat emas, balki sizni yaxshi tushunadigan odam bilan fikr almashinuvidir. Axir, ikkingiz ham ayolsiz-ku!

19. Faqat o‘tmish yoki kelajak bilan yashaysiz. O‘tmishdagi barcha xatoyu gunohlaringizni ikir-chikirlarigacha yodda saqlab, nuqul aybdorlik hissini ortmoqlab yurasiz, bugungi kundagi omadsizliklaringizning bosh sababchisi ham, nazaringizda, sizning o‘zingiz. Bugun bilan yashang, bu ruhiyat uchun juda foydali. “Hozir va shu damda” degan so‘zlar shioringiz bo‘lsin: diqqatingizni ayni paytda sodir bo‘layotgan ishlarga jamlang. Reallik doim qiziqroq-da.

20. Tashqi ko‘rinishingizga kam e’tibor qaratasiz. Garderobingizda tasodifiy buyumlar juda ko‘p, kosmetolog va sartaroshga borishga esa doim vaqtingiz etmaydi. Noto‘g‘ri yondashuv! O‘zingizni parvarishlashni kundalik odatlar sirasiga kiriting va buni hech qachon kanda qilmang.

Ko‘rib turganingizdek, bu 20 to‘siqning birontasi ham siz uchun yangilik emas. Ular sizdan ayollik nafosatini, demakki, ayollik baxtini ham tortib olyapti. Ayrimlari shunchaki ikir-chikir bo‘lib ko‘rinar. Biroq ularni yo‘ldan olib tashlashga nima to‘sqinlik qiladi? Buni hoziroq amalga oshiring, to‘siqlarsiz yashang!


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Haqiqiy ayol bo‘lishimizga yo‘l qo‘ymayotgan 20 to‘siq