12:49 / 22.12.2016
7 401

Maroqli yashashning 5 sharti

Maroqli yashashning 5 sharti

Hayotdan zavqlanib yashash uchun Parij yoki Amsterdamga sayohat qilish shart emas. Bilsangiz, chinakam zavqu shavqni o‘z uyingizdan topa olasiz. Qolaversa, bunday baxtiyorlikning nashidasi bir umrga tatiydi. Ishonmaysizmi? Unda mana bu tavsiyalarni albatta sinab ko‘ring. Natijasi quvontirmay qolmaydi.

1. Saranjomlik mashg‘uloti!


Uy yig‘ishtirishni majburiy emas, balki kayfiyatingizni ko‘taruvchi mashg‘ulot sifatida bajarsangiz, asablaringiz tinchlanib, charchoq nimaligini bilmaysiz. Shu bahona biror yangilik yaratishingiz ham mumkin. Masalan, kiyim javoningizdan urfdan qolgan liboslarni oling-da, kiyilmaydiganlarini alohida ajrating. So‘ng rangi va matosiga ko‘ra bir-biriga yaqinlarini to‘plab, aytaylik, yozgi sumka tikish mumkin. Yoki yozgi shippagingizning ustini ishlatilmaydigan libos matosi bilan qoplasangiz, yangiday bo‘ladi-qoladi.

2. Tuyg‘ularingizni sir tutmang!

Har tongni juftingizning yoqimli tabassumi bilan qarshi olsangiz, kuningiz ham maroqli va yoqimli kechadi. Buning uchun esa avvalo o‘zingiz tashabbus ko‘rsating. Erinmang, barvaqtroq turib, pardozingizni yangilang, mazali nonushta tayyorlang va yaxshi kayfiyat bilan suyukligingiz qarshisida namoyon bo‘ling. Bilsangiz, his-tuyg‘ularni sir tutish emas, borligini bildirib turish kerak!

3. Tabassum — muammolar echimi!


Yaxshi ko‘rgan krujkangizni sindirib qo‘ydingizmi? Hechqisi yo‘q, «Yaxshilikka bo‘lsin» deng. Kompyuteringizning biror detali ishlamay qoldimi? Kayfiyatingizni tushirmang! Bahonada yangisiga almashtirib olasiz. Bu kabi kichik muammolarga xotirjamlik bilan qarasangiz, echimi ham shunchalik osonlashadi. Axir gilamdagi dog‘ni ketkazaman deb, yangi gilam to‘qiy olmaysiz-ku! Shunday ekan, kichik muammolarni kattalashtirib, o‘zingizga muammo axtarmang.

4. 15 daqiqalik diqqatni jamlash...

Anchadan beri bajarilishini kutib turgan yumushlar hammamizda topiladi. Ammo ular uchun kunning asosiy qismini sarflash shart emas. Misol uchun, qaydlar yozilgan telefon daftarchasini qaytadan yozish yoki ta’til vaqtidagi suratlarni fotoalbomga joylash kabi mashg‘ulotlar uchun bor-yo‘g‘i 15 daqiqa vaqt kifoya. Har kuni atigi 15 daqiqa vaqtingizni ana shunday yumushlarga ajratsangiz, qarabsizki, uch-to‘rt kun deganda natijasi mana man deya ko‘zingizni quvontiradi!

5. Xursandchilik o‘z qo‘lingizda!


Hayotimiz kutilmagan voqealarga boy. Hatto eski kurtka cho‘ntagidan topilgan besh-olti yuz so‘m pul, sumkaning bir burchagida qolib ketgan konfet ham kayfiyatni ko‘tara oladi. Hursandchilik ulashishni siz ham uddalay olasiz. Buning uchun bayramni kutish shart emas. Shunchaki o‘zingizning eng mazali pishirig‘ingizni tayyorlab, yaqinlaringizni dasturxon atrofiga chorlang. Qarabsizki, yaqinlar diydori bilan chinakam shodiyona sababchisiga aylanasiz!

Xonadoningiz ko‘nglingiz talpingan maskan bo‘lishini istasangiz, uyingizni o‘zingiz yoqtirgan narsalar bilan bezating!

Uyingiz xonalarini hayotingizning eng esda qolarli lahzalari aks etgan suratlar bilan bezating. Ehtimol o‘sha onlardagi quvonchni takrorlashni istab qolarsiz!

Samira ULUG‘BEKOVA

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Maroqli yashashning 5 sharti