10:10 / 22.09.2017
6 599

Omonat g‘or siri (18-qism)

Omonat g‘or siri (18-qism)
Berdimurod shotirlarini, kelishilganday, halqa yo‘l bo‘yidagi choyxonada kutib oldi. Kasalxonadan qochishganda tumtaraqay bo‘lib ketgan nashavandlar uzun-qisqa bo‘lib, oldinma-ketin kirib kelishdi.

— Sening oldingda uyatli bo‘p qoldik, — dedi Mansur kelgan zahoti. — Ishni eplolmadik.

— Men senlarni boqib semirtiraman, deb va’da bermaganman, shekilli, — Berdimurod qovog‘ini uydi.

— O‘zing ko‘rding-ku. Keyin, buyruqniyam o‘zing berding.

— Shefga nima deb javob qilaman endi?

— Tinchitdik, deb qo‘ya qol, shef xabar topgunicha, baribir, ishni hal qilamiz. Qay go‘rdan kelib qoldi anavilar?

— Agar bilganimda hozir bunaqa qilib o‘tirmasdim, — dedi Berdimurod va cho‘ntagidan sigareta chiqarib labiga qistirdi. — «Ment»larga o‘xshamadi, ular bunday kelmaydi.

— Bunisi aniq, men derazadan ichkariga qaraganimda Doniyorning palatasida ikkita qiz bilan do‘xtir ko‘rindi. Anavi, bizga o‘xshab niqob kiyib olganlar ikkita qizni yelkalarida ko‘tarib ketishdi. O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, — dedi Mansur.

— Demak, o‘sha qizlardayam ishkal bor. Avval ularning nega Doniyorning oldiga kelganini, keyin kim ularni olib ketganini aniqlash kerak. Endi, og‘aynilar, shu ishlarni qilmagunimizcha hech kim tinchimaydi. Men qolganlarga aytaman, ularam harakatga tushadi. Hozircha hammang iningda bosib o‘tir. Birovingdan mentlar xitlanib qolsa, kallangni olaman. Keyin mening oldimda qarzdorliklaring eslaringdan chiqmasin.

Berdimurodning gapidan nashavandlarning boshlari egildi. Kayf xuruj qilgan paytda ular o‘zlaridan kichkina go‘dakning qoshidayam bosh egishga tayyor turishardi.

— Bo‘pti, surlaring, ertaga vaziyatga qarab o‘zim telefon qilaman. Qaralaring, agar birontangni vaqtida topolmasam, “ovqatsiz” qolasan.

— Hozir qittak-qittak urib olmaymizmi? — xavotirlanib so‘radi Egamqul. Uning aft-angoridan ot hurkadi: Basharasi husnbuzarga to‘lgan, oriqligidan yelka suyaklari bo‘rtib chiqqan. Qoshlarining qalinligi boshbarmoqday, gapirganda burnining kataklari ko‘tarilib tushadi. U Berdimurodning aynan shu gapidan bezillab turgandi. Chunki dori oladigan vaqti biroz o‘tayotganidan uni qaltiroq tuta boshlagandi.

— Yana tekinga-ya, ishtahang ochilib ketayaptimi?!

— Qarz bo‘lsam jonim garovda!

— Bo‘pti, hozir ozginadan olasanlar, — muruvvat ko‘rsatdi Berdimurod nashavandlarga bir-bir qarab chiqib. Shotirlarning yuzida tabassum paydo bo‘ldi.

Berdimurod xojasinikiga kirib borganida, Xalil boyvachcha hali-hanuz zinada o‘tirardi. Uni bunday ahvolda ko‘rgan Berdimurodning ichidan zil ketdi.

— Keldingmi? — dedi xasta ovozda Xalil boyvachcha.

— Xo‘jayin, tinchlikmi? — dedi Berdimurod hayratini yashirolmay.

— Nima, bu yerda o‘tirish mumkinmasmi?

— Yo‘q, endi…

— Ishni nima qilding?

— Tinchitdik.

— Hech kim xitlanmadimi?

— Imi-jimida.

— Bo‘pti, uyga kir, — boyvachcha uning qo‘liga tayanib o‘rnidan turdi.

Ular xojaning ish xonasiga kirishdi. Xizmatkor avval choy, keyin mayda-chuydalar bilan birga aroq keltirib qo‘ydi.

— Men to‘y qilishni o‘ylab qoldim, — dedi boyvachcha qadahlarni aroqqa to‘ldirarkan. — Nima deysan, boshlayversam bo‘ladimi, yo‘qmi?

— Zo‘r-ku, — dedi o‘zini majburlab, biroz hushi boshidan uchgan Berdimurod. Xalil boyvachchaning o‘g‘li yo‘q. Demak, qizlaridan birini turmushga uzatadi. Albatta, Nilufarni. Chunki uni erga bermay turib, Lazokatni uzatishi urf-odatga zid. — Nilufar singilchaga sovchi keldimi?

— Manavini ol, — boyvachcha javob qilishga shoshilmay aroq quyilgan qadahga ishora qildi, keyin to‘qishtirmay o‘zining qadahini bo‘shatdi-da, likopchadagi to‘g‘ralgan pomidordan bir bo‘lakni og‘ziga tashladi. Berdimurodning vujudi quloqqa aylanib xojasining og‘zini poylardi. Boyvachcha esa bahuzur og‘zidagi nasibasini chaynash bilan ovora.

— Sovchi biznikiga kelgani yo‘q. U senikiga boradi, — dedi luqmani yutib, tomdan tarasha tushganday.

Berdimurod tosh qotdi, u boyvachchaning gaplariga mutlaqo tushunmayotgandi. Yordamchisining dovdirashiga boyvachcha kuldi. Keyin salmoq bilan gap boshladi:

— Berdimurod uka, sen bilan anchadan beri birodarmiz. Nimaiki topsam, sening haqingniyam darrov ajratib beraman, xuddi ota-o‘g‘ilday bo‘p ketdik. Bugun tunda o‘ylab qarasam, o‘zimga merosxo‘r kerak ekan. Bilasan, singillaring baribir qiz bolaligiga boradi. Ularni begonaga uzatsam, misqollab yiqqan obro‘im ham, mol-davlatim ham shamolga sovuriladi. Shunga… seni o‘zimga o‘g‘il-kuyov qilib olsam, degandim… Sen nima deysan?

Berdimurodning boshi egildi. Quvonganidan yuragi toshdi. Ayni damda ko‘p yillardan beri unutilib ketgan uyat tuyg‘usi ham uning qalbiga bir zumgina mehmon bo‘ldi, yuzi qizardi.

— Nilufar, — gapini davom ettirdi boyvachcha, — o‘qiydi. Hali-beri uni turmushga uzatolmasam kerak. Lazokatni…

— Lazokat?!

— Nega hayron bo‘layapsan?

— Endi… Haligi, katta qiz qolib, kichkinasi…

— Hamma gap shunda-da. Aslida Nilufarni uzatib, yana bir ikki-yildan keyin singlisini erga berish niyatim bor edi. Qarasam, ahvol chatoq. Har kuni uyni sovchi bosadi. Tuzukroq odamlardan kelsa qaniydi. Hammasi tuturuqsizlar. Ularga bergandan ko‘ra, qariqiz qilib uyda saqlaganim afzal… Tag‘in o‘ylanib qoldim. Lazokat hali yosh, misoli novda, qaysi tomonga egsang, egilib ketaveradi. Yana bitta-yarimtasi yo‘ldan urib, betayin odamlar bilan quda bo‘lib qolmay, har qalay, sen o‘zimiznikisan. Nima deysan shunga?

Berdimurod butkul dovdirab qoldi. Bo‘lg‘usi qaynotasiga nima deb javob qilishni bilmas, ko‘ngli qandaydir noxushlikni his etib turardi.
* * *
— Oppoq qiyz, — Baronning ko‘zlari o‘t bo‘lib yonardi. — Endi manga mehmonsiyz.

Nargizaning tili mumlanib qolganday, u ro‘parasidagi badbashara kimsaning yutoqib suqlanayotgan ko‘zlariga bardosh berolmay, karavotga suyanib qoldi.

— Baron?! — dedi Lola hayratini yashirolmay.

— Sizniy topdiym oxiyr, — Baron o‘rnidan sekin qo‘zg‘alib, qizlarga yaqinlashdi. Yuraklari qinidan chiqqudek tez urayotgan qizlar jon holatda bir-birining pinjiga tiqildi. Buni ko‘rib Baronning zavqi toshdi. Shu zumda ikkalasini ham bag‘riga bosib, lazzat olgisi keldi.

— Yaqinlashmang! — zorlandi dag‘-dag‘ titrayotgan Nargiza. — Hozir milisa chaqiramiz!

— He-he-he, milisa devopsanmiy? Man milisa. Lola manga xotiyn, san “lyubovnitsa” bo‘lasan! Bugun to‘y qilamiyz, — Baron qop-qora kosovday qo‘lini uzatib, qizlarning iyaklarini tutdi va sekin o‘ziga torta boshladi. Qizlar hushni yo‘qotgudek ahvolga tushishdi. Shunda Lolaning miyasiga bir shumlik keldi: u bor kuchini o‘ng oyog‘iga yig‘ib, tovoni bilan Baronning qorniga tepdi.

— Voy, mochag‘ar! — og‘riqning zo‘ridan bo‘kirib yuborgan Baron ortiga tisarilgancha bukchayib qoldi. Qizlar joylaridan sapchib turishib, Baronga tashlanishdi. Lola uning sochiga chang soldi, Nargiza esa yuzini timdalashga tushdi.

— Og‘iyr narsaniy top! — chinqirdi Lola. — Boshiyga…

Ammo u gapini oxirigacha aytolmadi, shovqin-surondan xabar topgan Baronning shotirlari otilib kirishdi. Biri Lolaning sochidan burab tortdi, ikkinchisi Nargizaning biqiniga tepdi. Umrida kaltak yemagan qiz: “A-a!” deya chinqirgancha yerga quladi. Sochiga qo‘shilib boshining terisi ham shilinib ketguday bo‘lgan Lola og‘riqni ham unutib, dugonasining yerga qapishib qolganini ko‘rdi-yu yuragi «shig‘» etib ketdi.

O‘ziga kelgach, Baron quturib ketdi. U Lolaga ishqini ham, qizning go‘zalligini ham butkul unutdi, go‘yo qarshisida ashaddiy yov turganday edi. Baron devordagi gilamga osig‘liq turgan qamchini qo‘liga oldi. Qamchi ilib qo‘yilgan joyda o‘tkir qilich olmosday sovuq yaltirab turardi.

Yelkalari, beli aralash shuvillab urilayotgan qamchi zarbidan lo‘li qiz chinqirib yubordi va yerga o‘tirib qoldi. Bo‘yniga, keyin ochiq badaniga kelib tushgan zarbalar Lolaning jonini sug‘urib olayozdi — ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Badanining oppoq terisi shilinib, qon sizib chiqdi, qamchining keyingi «siylov»larini Lola eslay olmadi…

Bu payt Nargiza biqinidagi og‘riqdan o‘ziga kelolmay, yerda g‘ujanak bo‘lib yotardi. Baron uning tepasiga kelib, bir zum qarab turdi-da, keyin qo‘lini dast ko‘tarib, qamchini ishga soldi.

Qizlarni savalab holdan toygan Baron ko‘zi qonga to‘lib, aslida uyini bezash uchun otning kallasiday pulga sotib olgan qilichiga yopishdi. Buni ko‘rgan shotirlarining ko‘zlari qinidan chiqib ketayozdi.
* * *
Bobur joyida yotolmadi: u tinimsiz tipirchilar, baqirar, yig‘lardi. Ammo hadeganda uning holidan xabar oladigan bo‘lmadi. Vrachni hushidan ketkazib, opasi bilan lo‘li qizni olib ketishdi-yu, hammayoq suv quyganday jimib qoldi, xuddi bo‘rondan keyingi sokinlikday.

Nihoyat palataga harsillagancha do‘xtirlar, ular ortidan hamshiralar yugurib kirishdi. Do‘xtirlarning ikkitasi Fathullaning tomirini ushlab ko‘rib, uni o‘ziga keltirishga urina boshlashdi. Bittasi esa Boburning atrofida girdikapalak bo‘ldi. Oradan hech qancha o‘tmay shifoxonani militsionerlar bosib ketdi. Ular Bobur yotgan palataga kirmoqchi bo‘lishdi. Avvaliga shifokorlar bemorni so‘roqqa tutishlariga yo‘l qo‘yishmadi. Ammo vaziyat qaltis edi. Qizlar o‘g‘irlangan, vrachga shikast yetkazilgan… Tezkorlik bilan harakat qilinmasa, qizlarning hayoti barbod bo‘lishi mumkin. Shu bois, vrachlar bosh tergovchi bilan uning yordamchisiga Boburni so‘roq qilish uchun ruxsat berishdi. Jabrlanuvchi Fathulladan tuzuk-quruq javob chiqmadi. “Men palatadan chiqmoqchi bo‘lib eshikni ochganimni bilaman, kimdir peshonamga bir narsa bilan urdi. Shundan keyin hech narsani eslolmayman”, dedi u. Hamshiralar niqobli odamlarni ko‘rishganini aytishdi. Lekin ularning qay yo‘l bilan bu yerga kirishgani, nega qizlarni olib chiqib ketishgani qorong‘i edi. Qorovuldan ham tuzukroq ma’lumot undirishning iloji bo‘lmadi. Umid yolg‘izgina guvoh Boburdan edi.

Nuriddin ISMOILOV


(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Omonat g‘or siri (18-qism)