11:05 / 05.02.2018
9 337

Seriallar bizga nimani o‘rgatmoqda?

Seriallar bizga nimani o‘rgatmoqda?
Bugun har sohada, jumladan, O‘zbekiston televideniyesida ham turli yo‘nalishdagi islohotlar ko‘zga tashlanyapti. Kanallarning soni yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Har bir kanalning o‘z yo‘nalishiga mos ko‘rsatuvlar tayyorlashi, zamonaning eng muhim muammolarini yorituvchi tahliliy va tanqidiy chiqishlari maqtovga loyiq. Telekanallar eng so‘nggi texnika yutuqlarini o‘z o‘rnida qo‘llay olayotgani ham e’tirofga arziydi. Ammo deyarli barcha kanallarimiz teledasturlaridan salmoqli o‘rin egallagan seriallar ham borki, ular haqida to‘xtalmay o‘tishning hech iloji yo‘q!!! Hayratga soladigan tomoni, bir kanaldagi serial tugamay, boshqasi kanalda yana bir serial boshlanadi. Qizig‘i shundaki, bu “ajoyib, sarguzashtlarga boy bo‘lgan” seriallarni kattalar, uy bekalari va hatto bolalar ham bemalol tomosha qilishmoqda.

Bu qanchalik to‘g‘ri? Aslida bugungi kunda keng omma e’tiboriga namoyish etilayotgan xorij seriallari bizga qanday ma’naviy ozuqa bera oladi? Ularning barchasi ham orqaga qaytarib bo‘lmas vaqtimizni ketkazib ko‘rishga arziydimi?

Avvalo, shuni aytib o‘tish kerakki, bo‘lar-bo‘lmasga televizor ko‘rish qimmatli vaqtingizni o‘g‘irlaydi. Avvallari bo‘sh vaqt bo‘lsagina televizor ko‘rilardi. Hozir esa ertalabdan to kechgacha televizori uchmaydigan oilalar ham bor! Seriallar yaratilganidan beri insonlar serialdan qolgan bo‘sh vaqtlarida yashay boshladilar.

Televizorni ko‘p tomosha qilish miyaning fikrlash qobiliyati yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Kerak va keraksiz axborotlarni tahlil qilmasdan qabul qilaverish insonni ongsiz “o‘simlik”ka aylantiradi. Ehtimol, shu sabab, uzoq vaqt televizor ko‘rgandan keyin charchoq, kuchsizlik his qilinadi.

Bugun oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha qilinayotgan keng ko‘lamdagi ishlarga qaramay, bu holat kamaymayapti. Bunda ham televideniye orqali qo‘yilayotgan xorij seriallarining “hissa”si, ta’siri borligi sir bo‘lmay qoldi.

Sizga kerak va kerak bo‘lmagan axborotlarni hazm qilar ekansiz, miyangiz o‘z fikrlaringizni emas, o‘sha axborotlarni tahlil qiladi. Bundan ko‘ra, o‘z hayotingiz tahlili muhimroq emasmi?

Farzandlaringiz bilan xiyobonda sayr qilishingiz bir oz cho‘zilib ketsa, jahlingiz chiqyaptimi? Serialingiz o‘tib ketyapti-da! Shuning uchun farzandingizni urishib qo‘ydingizmi?! Demak, serial o‘z vazifasini bajaribdi! Ishoning!

Bugungi kunda hind, yapon, koreys, Pokiston, turk seriallari o‘zbeklarga o‘zga xalqlar madaniyati, urf-odati, qiyofasi, an’analarini har qanday darsliklardan ko‘ra yaxshiroq o‘rgatyapti desak, xato bo‘lmaydi. Ko‘p oilalarda farzandlarimizning maktabdan kelib birinchi qiladigan ishi — televizor ko‘rish. Televizorda esa har xil bo‘lmag‘ur filmlar namoyish etiladi. Bola ularni ko‘rib, hali behayo manzaralarga tayyor bo‘lmagan holda o‘sha manzaralarning guvohi bo‘ladi. Bu ularning miyasini zaharlaydi.

Farzandlar odob-axloqni eng avvalo uyda, ota-onasidan o‘rganadi. Farzandini yaxshi tarbiya qilishni xohlaydigan ota-ona avvalo o‘zining xatti-harakatlari va boshqalarga bo‘lgan munosabatini nazorat qilishi, bolalariga eng yaxshi o‘rnak bo‘lishi lozim.
Zebiniso AXMEDOVA, psixolog.

Manba: tasvir.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Seriallar bizga nimani o‘rgatmoqda?