09:05 / 11.02.2018
8 251

Yaponlarning "o‘zbek qizi"...

Японларнинг "ўзбек қизи"...
Bir muxlisimiz tahririyatga qo‘ng‘iroq qilib, «Tanovor»ga qoyilmaqom raqs tushadigan yapon qizi haqida maqola tayyorlashimizni so‘radi.

Albatta, taklif juda ajabtovur edi. Hayratlanarlisi, milliy raqsimiz hisoblangan «Tanovor» Mukarrama Turg‘unboyevadan meros. Ancha murakkab, o‘zbek ayolining ibo-hayosi va odobi mujassam bu betakror raqsni yapon qizi ijro etishi chindan ham hayratlanarli edi.

Shular sabab bo‘ldi-yu, Yaponiyadan O‘zbekistonga tashrif buyurgan «Raqs san’ati akademiyasi» («Arts Dance Academy») xoreografi Aiko Takeuchi xonim bilan uchrashdik. O‘zbek tilida salom berib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib turgan bu ayolni ko‘rganimizda, uning yapon qizi ekaniga ishongim kelmadi. Chunki aynan o‘zbeklarga xos urf-odat, odob uning har bir xatti-harakatida sezilib turardi.

Buning sababini so‘raganimizda, u «O‘zbekistonga bu safar oltinchi marta kelishim. Ilk bor 2011 yilda yurtingizda bo‘lganman. O‘sha mahaldan bu diyorning urf-odatlari, san’ati, odamlari, tabiati meni maftun etgan va katta zavq olganman», deya javob berdi.

Aikoning nega aynan o‘zbek raqsini o‘rganish va targ‘ib qilish istagi bilan qiziqdim. Raqqosaning butun hayoti raqsga bag‘ishlangan, o‘zbek raqsi esa ijodiy faoliyatidagi eng yuqori cho‘qqini egallagan ekan. Raqqosa raqs san’atiga 20 yoshida kirib kelgan. Avvalo, yapon milliy va zamonaviy raqslarini puxta o‘rgandi. Hindiston, Misr va boshqa arab mamlakatlari, AQShda urf bo‘lgan raqslarni ijro etib ko‘rdi. So‘ng o‘zbek milliy raqslariga qiziqishi ortib, bu raqsni katta ishtiyoq bilan o‘rganishga kirishdi.

— Ilk bor «Munojot» raqsini kuzatganman. Shunda ayolning go‘zalligi, ibo-hayosi dardini ko‘rsatuvchi raqs aynan o‘zbek raqslari ekanini bilganman. Men izlagan raqs aynan shu edi.

Aiko oldiniga Buxoro, so‘ng Samarqandda o‘zbek milliy raqs sirlarini o‘rgandi. U yaponlarning bu raqsga munosabati haqida gapirar ekan, o‘zbek raqqosalarining libosi, taqinchoqlari boshqa millatlarnikidan juda farqlanishi, o‘zbek raqsida ayolning hayosi, jozibadorligi, nozikligini namoyish qilinishi tomoshabinda qiziqish uyg‘otishini ta’kidladi. Ayniqsa, ko‘zni olib qochish, yuzlarni berkitish, im qoqish, qoshu yelka uchirish kabi nozik harakatlar faqatgina o‘zbek raqsiga xosligini takrorladi.

Aiko «Tanovor»ni o‘zbek bo‘lib ijro etadi. «Lazgi»ga tushganda xorazmlik, «Yaqqu-yaq»ni surxondaryolik bo‘lib o‘ynab bera oladi. U Yaponiyada bo‘lib o‘tgan turizm festivallarida, «Yaponiyada Navro‘z!», «O‘zbek Navro‘zi Yaponiyada!», «O‘zbekistonning mustaqillik kuni!» kabi bayramlarda o‘zbek raqslari bilan chiqish qilganida, uni hatto o‘zbek deb o‘ylashgan edi.

Bir gal Xalqaro sayyohlar festivalida Andijon, Xorazm, Buxoro, Surxondaryo raqslaridan tashkil topgan «Popuri»ni ijro etganida, festival qatnashchilari eng maftunkor va yangicha raqs ijro etgani uchun e’tirof qilishgan. Aikoning o‘zi o‘sha xotiralarini gapirar ekan, bugun Yaponiyada yapon yoshlarining bu raqsga qiziqishi kundan-kunga oshib borayotganini ta’kidladi.

— O‘zim Tokioda dars beraman. O‘quvchilarga bir qancha millat raqslarini o‘rgatamiz. Bularning ichida o‘zbek raqsi ham bor. To‘g‘ri, o‘zbek raqsi hali juda ommabop emas, ammo targ‘ibotlarimiz orqali yoshlarga ko‘rsatganimizda ularning soni oshyapti. O‘ylashimcha, o‘zbek raqsida juda katta imkoniyat bor. Chunki bu raqslarni bir ko‘rgan odam yoqtirib qoladi. Misol uchun, Tokioga Nagoya, Osaka kabi shaharlardan aynan shu raqsni o‘rganish uchun kelishadi.

Aiko 2014 yilda Yaponiyada «Buyuk ipak yo‘li» o‘zbek raqs ansamblini tuzdi. Undan so‘ng esa «Shirin» bolalar o‘zbek raqs ansambliga asos soldi. Hozir uning ansamblidagi raqslar soni bir konsert repertuarini tashkil etadi. Aikoning muvaffaqiyati u raqslarni shunchaki o‘rganmaydi, har bir harakat, har bir uslubni to‘laligicha nazariy jihatdan puxta egallaydi. Raqsning kelib chiqish tarixi, sahnalashtirilgan vaqtigacha bilishga harakat qiladi. Shu orqali raqqosa ijro davomida o‘sha holatni o‘zida mujassamlashtirishga erishadi va haqiqiy o‘zbekka aylanadi. Albatta, uning muvaffaqiyatiga ustozlarining ham hissasi bor. Chunki u mohir raqqosalar Gulmira va Dilorom Madrahimovadan raqs sirlarini o‘rgandi.

Yapon raqqosasi ketishga chog‘lanar ekan, kelgusidagi rejalarini oshkor etdi:

— Yaponiyada O‘zbekistonni turizm, sport orqali tanishadi. Men esa Yaponiyaga O‘zbekistonni raqsi orqali tanitmoqchiman. Chunki millatingizning juda mukammal raqslari mavjud. Albatta, o‘zim o‘qituvchilik qilayotgan maktabda o‘zbek raqsini o‘rgatadigan guruhlarni kengaytiraman. Kuchim va imkoniyatim boricha Yaponiyada o‘zbek raqsini yoyishga harakat qilaman.

Gulmira MADRAHIMOVA,
O‘zbekiston Davlat ashula va raqs ansambli baletmeysteri:

— Aikoga bir hafta davomida o‘zbek raqs sirlarini o‘rgatdim. Mashg‘ulotlar davomida Aikoning judayam yuksak mahorat egasi ekaniga guvoh bo‘ldim. Chunki mashg‘ulot davomida bitta raqsni o‘rganuvchiga besh yoki olti qismga bo‘lib-bo‘lib o‘rgatardim. Ammo Aikoga bir kunda bitta raqsni boshidan oxirigacha o‘rgatdim. U esa buni bemalol o‘zlashtira oldi. Aikoga shu bir hafta davomida asosan Mukarrama Turg‘unboyevadan meros qolgan «Rohat», «Tanovor» raqsini, Isohor Oqilovning buxorocha yo‘nalishdagi «Larzon» raqsini, «Lazgi», farg‘onacha, surxoncha raqslarni o‘rgatdik.
Go‘zaloy MATYoQUBOVA

Manba: od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Yaponlarning "o‘zbek qizi"...