06:30 / 01.06.2018
4 899

Sankt-Peterburgdagi xalqaro kongress qatnashchilariga katta Langar Qur’oni ko‘rsatiladi

Sankt-Peterburgdagi xalqaro kongress qatnashchilariga katta Langar Qur’oni ko‘rsatiladi
Ermitaj va Qishki saroy. Foto: AP
2018 yilning 6—8 iyun kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida “O‘zbekiston madaniy merosi-xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotga yo‘l” Ikkinchi xalqaro kongressi bo‘lib o‘tadi.

O‘zEOAVMA mutasaddilarining “Daryo”ga xabar berishicha, tadbir davomida Qur’oni Karimning Yer yuzidagi eng mo‘tabar nusxalardan biri “Katta Langar Qur’oni” nomi bilan ataladigan sahifalari Sankt-Peterburgda namoyish etiladi.

Eslatib o‘tamiz, “Katta Langar Qur’oni” Toshkent va Buxoro shaharlarida, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida va Sankt-Peterburgda saqlanayotgan qo‘lyozmadir.

Qo‘lyozmaning bizgacha yetib kelgan eng katta qismi — 81 sahifasi bugungi kunda Rossiya Fanlar akademiyasining Sankt-Peterburgdagi Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanadi. Ushbu kitobni chuqur tadqiq etgan rossiyalik olim, tarix fanlari doktori, professor Yefim Anatolyevich Rezvanning yozilishicha, ushbu qo‘lyozmaning yaratilishi VIII asrning oxirgi choragida, arab grammatikasi qoidalari shakllangan davrga to‘g‘ri keladi. Mashhur sharqshunos, akademik I.Yu. Krachkovskiy o‘zining “Arab qo‘lyozmalari ustida” kitobida yozishicha, bu qo‘lyozma 1936 yilda institut tomonidan notanish keksa ayoldan sotib olingan.

Mazkur qo‘lyozma matni sayqallangan hayvon terisi — pergamentga bitilgan. Sahifalarning o‘rtacha hajmi 52,5x34,0 santimetrni tashkil etgan. Matnlar arab alifbosining eng qadimiy turlaridan bo‘lgan kufiy-hijoziy xatida bitilgan. Sahifalarning ayrimlari juda yaxshi saqlangan, ba’zilariga, ayniqsa sahifalarning burchaklariga jiddiy zarar yetgan. Qo‘lyozmaning charm muqovasi XIV asrga tegishli. XVII asr o‘rtalarida u qayta ta’mirlangan. Muqova hamda sahifalarni bir-biriga mustahkam biriktirish maqsadida arab tilidagi matnlar bitilgan qog‘ozlar yopishtirilgan. Ushbu matnlarning asosiy qismini biroz dag‘alroq shaklda, nasx va nasta’liq xatida bitilgan Qur’on oyatlari tashkil etadi.

Qo‘lyozmaning Sankt-Peterburgda saqlanayotgan qismida Qur’oni Karimning 44 ta surasi oyatlari (shundan 22 tasi to‘liq) o‘rin olgan. Dastxatdagi farqlarga qaraganda, bu qo‘lyozma ikkita kotib tomonidan ko‘chirilgan. Kitob hajmining kattaligini hisobga olsak, uni teng ikkiga bo‘lgan holda ko‘chirishgan deb taxmin qilish mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Sankt-Peterburgdagi xalqaro kongress qatnashchilariga katta Langar Qur’oni ko‘rsatiladi