22:03 / 30.06.2018
6 273

Ozodbek Nazarbekov bilan suhbat: to‘y-hasham, kimo‘zarga to‘y qilish, boy va kambag‘allar haqida

Ozodbek Nazarbekov bilan suhbat: to‘y-hasham, kimo‘zarga to‘y qilish, boy va kambag‘allar haqida
Foto: “Ozodbek.uz”
Kutilgan ish bo‘lmadi. To‘ylardagi sarf-xarajatlarni, ularda qatnashadigan odam sonini cheklash haqidagi taklif “o‘tmadi”. Bu haqida qonun qabul qilinmaydigan bo‘ldi. Bundan xursand bo‘lganlar oz emas. Ko‘pchilikning hafsalasi pir bo‘lgani ham rost.

Shu mavzuda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov bilan suhbatlashdim.

− Ha, Senatning yalpi yig‘ilishida o‘zim ishtirok etdim va shunday bo‘ldi, Senat bu taklifni ma’qullamadi va tegishli qonunni qabul qilmadi, − dedi Ozodbek Nazarbekov. – Bu avvalo shu bilan izohlanadiki, yurtimiz ko‘p millatli va bundan tashqari, har bir viloyatning to‘y-tantanalari o‘ziga xos. Hatto bir viloyatning ikki tumanida o‘tadigan to‘y, ma’rakalar bir-biridan keskin farq qiladi.

Biz to‘ylarni bir qolipga solib qo‘yadigan o‘sha qonunni qabul qilsak, xalqimizning ko‘p ming yillik an’analarini, tumanlar, qishloqlarda asrlar davomida shakllangan o‘ziga xosliklarni ham cheklab qo‘ygan bo‘lar edik. Axir tillarda doston bo‘lgan Qo‘ng‘irot elining, Boysun qishloqlari aholisining to‘ylari xorazmliklarning to‘yidan, qoraqalpoq ovulidagi to‘ylar Angren shahrida yashovchi, ko‘pchiligi kon ishchilari bo‘lgan odamlarning to‘ylaridan, Samarqandcha to‘ylar bilan Qo‘qonning to‘ylari yer bilan osmoncha farq qiladi-da.

Boysunda odam ajratmasdan jarchi hammani to‘yga aytishi ming yillik odatligini hamma biladi. Qoraqalpog‘istondagi bir ovulda yashaydigan 500 kishining yarmini to‘yga aytmaslikning iloji bormi? Xullas, har bir hududning o‘ziga xos udumlarini saqlab qolish uchun ham shu qarorga kelindi. Bundan tashqari, “Boyliging suratingda aks etsin” degan hadis ham bor-da. Bor odam qisinmay, imkoniyatiga yarasha to‘y qilaversin. Boy odam yaxshi to‘y-tomosha qilib bersa, atrofidagi kamxarjroqlarni taklif qilsa, buning nimasi yomon? Qaytanga ularning ham ko‘ngli yayraydi.

Haqiqatan ham Ozodbek Nazarbekov eslatgan hadis bor. Bir sahoba hech ust-boshiga qaramas, faqirona kiyinib yurar ekan. Ko‘rganning yuragini ezadigan yurish-turishini ko‘rgan Rasululloh sallollohi alayhi vasallam uni huzuriga chaqirib, so‘rabdi:

− Ey falonchi, moling, davlating bormi?

− Bor, − debdi sahoba. – Anovcha molim, manovcha qo‘yim, tuyalarim, bog‘im, do‘konlarim bor.

− Unda shu boyligingning nuqsi o‘zingda ham aks etib tursin, − debdi payg‘ambarimiz alayhissalom. – Mol-davlati bor odamga o‘xshab kiyingin.

− Chiroyli, qimmatbaho kiyimlar kiyishim kibr bo‘lib qolmaydimi? – so‘rabdi sahoba.

− Chiroyli kiyinish kibrga kirmaydi, − debdi murabbiyimiz alayhissalom. – Niyatingda kibr, riyo bo‘lmasa bo‘ldi.

Suhbatimiz davom etdi.

− Ozodbek, unaqada boylar yana haddidan oshib ketmasmikan? Kimo‘zarga to‘y qilishlar avjiga chiqmasmikan?

− Endi bunga faqat targ‘ibot bilan barham berish mumkin. Boyni-ku qo‘yavering, “Otdan qolma, eshagim” qabilida ish tutadigan, o‘zi kambag‘al bo‘la turib, boylar bilan bahslashadigan odamlarga ko‘proq tushuntirish ishlarini olib borish kerak. Ana shunday kishilarga mahalla oqsoqollari, yurt og‘alari borib, “O‘zingning ahvoling elga ma’lum, sen katta to‘y qilma, o‘g‘il uylantirish yoki sunnat to‘y qilish degani to‘ydan keyin sinib qolish degani emas, to‘ydan keyin ham yashashing, yeyishing kerak, shuning uchun sen kichikroq to‘y qil” deb maslahat berishlari kerak.

Aka, shunaqa insonlarning to‘yiga borganmanki, hovlisining darvozasi tugul, salgina nomahramdan to‘sib turadigan devori yo‘q. Uylarining eshik, derazalari yo‘q odamlarning ham to‘ylariga borganman, o‘zlari zo‘rg‘a, qarz-havola bilan to‘y qilishgan, ammo bizning xizmatimizga falon pulni berishgan...

Ozodbekning bu gaplarini tinglab, bir voqea esimga tushdi. Bir kishi to‘yiga O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevni gaplashib berishimizni iltimos qildi. Rahmatli hofiz ukam Furqat Mirzayev bilan haligi odamni olib, Sherali Jo‘rayevnikiga bordik. Sherali Jo‘rayev u kishining hamma gapini eshitib bo‘lib, sekin meni chetga imladi-da, “Shu odamning uy-joyini bir ko‘rib kelinglar, keyin gaplashamiz”, — dedi.

Sherali Jo‘rayev bir qarashda odamlarning siyratini ham bilib oladigan kuchli psixolog ekaniga tan berdim.

Furqat bilan o‘sha odamning uyiga borsak, bir uyki, uyga olib boradigan yo‘l yo‘q. Bir ilonizi so‘qmoqdan kirib borilarkan. Bir uyki, eshik o‘rniga adyol ilib qo‘yilgan. Deraza o‘rniga shakarning xaltasi mixlab qo‘yilgan. Supada bir xotin kir yuvib o‘tiribdi, yuzlari kirning rangidan battar.

Furqatning achchig‘i chiqib ketdi. “Shu holingizga falon pulga Sher akani olib kelaman degani uyalmaysizmi? Shu pulga avval uyingizga eshik-deraza olsangiz bo‘lmaydimi? Qolganiga anovi sho‘rlik ayolga ovqat olib bersangiz bo‘lmaydimi, u hademay qonsirab o‘lib qoladi-ku? E, ketdik, Karimberdi aka, Sher aka bu odamning to‘yiga boraman desa ham o‘zimiz qaytaramiz, sadqayi odam ketsin bunaqalar”, — dedi.

Eng qizig‘i Sherali Jo‘rayevning gapi bo‘ldi: “Darvozasi ham yo‘q ekanmi? Derazalariga oyna o‘rniga yostiq tiqib qo‘ygan ekanmi?”. Furqat qotib qoldi: “Qanday bildingiz, ustoz? Haqiqatan ahvoli juda xarob ekan, darvoza tugul, uyining eshigi ham yo‘q ekan”. “Men uni bir ko‘rgandan bildim. Xotini emas, o‘zi ham to‘yib ovqat yemaydi o‘sha odam. Ularga «To‘yimga Sherali keldi” degan ot kerak. Keyin shu ot bilan o‘lib ketishadi», — degan edi Sherali Jo‘rayev.

Ozodbek Nazarbekovdan to‘ylarga san’atkorlarning ko‘plashib kelishi haqida ham so‘radim.

− Aka, siz o‘zingiz to‘yingizga bitta san’atkorni aytsangiz, boshqasi kelmaydi-ku? Biz aytilmagan joyga bora olmaymiz, aytilmagan joyga borish sharafsizlik. Ammo bu borada ham ishni to‘y egalarining o‘zi buzadi. Bir kunlik to‘y deb bir qancha san’atkorlarni aytib qo‘yadi. Bu sohada ham siz, jurnalistlar, targ‘ibot ishlarini kuchaytiringizlar, elning ongi o‘smasa, odamlarning o‘zi yaxshi-yomonni, foyda-zararni ajratib ololmasa, hech qanday qaror, qonun bilan kimo‘zarga to‘y qilishlarni yo‘q qilib bo‘lmaydi.

Suhbatimiz so‘ngida Ozodbek Nazarbekov xalqimizga ezgu tilaklar bildirdi:

− Xalqimizning yaxshi kunlari ko‘p bo‘lsin, yaxshi kunlarini esa ixcham, holiga yarasha qilib o‘tkazsin, biz esa hamisha elimizning xizmatiga shaymiz!
Karimberdi To‘ramurod

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ozodbek Nazarbekov bilan suhbat: to‘y-hasham, kimo‘zarga to‘y qilish, boy va kambag‘allar haqida