15:15 / 03.07.2018
4 116

Xonanda Bunyodbek Saidovning qisqa savollarga javobi

Xonanda Bunyodbek Saidovning qisqa savollarga javobi
“Agar omad kelmasa, mashhur bo‘lish oson emas” degan gaplarni ko‘p eshitamiz. Qahramonimiz Bunyodbek Saidovga mashhurlik tez keldi, deb aytolmaymiz, ammo u omadli! Sal kam 15 yildan buyon ijod qilayotgan xonanda bilan esa qisqa savollarga javob olish orqali yaqinroqdan tanishamiz.

— Nimadan ko‘proq afsuslanasiz?
— Maktabda ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirmaganimdan.

— Bolalaringizning qaysi iltimosini bajara olmayapsiz?
— O‘g‘lim mashinalarga juda qiziqadi. O‘yinchoq mashinalarining yangilarini olib beraman degandim, vaqtim bo‘lmayapti.

— Oila qurishdan oldin “Men izlagan ayol shu” degan qarorga kelishingizga nima sabab bo‘lgan?
— Rafiqam — xolamning qizi. Uning ovqatlarni shirin tayyorlashini oldindan bilardim. Erkak kishining ko‘ngliga oshqozon orqali yo‘l topsa bo‘ladi, deganlari rostga o‘xshaydi, oila qurdik.

— To‘yingiz tantanasining videotasvirini ko‘rganingizda qaysi kadrlarni qayta va qayta tomosha qilasiz?
— To‘g‘risini aytsam, to‘yimni videotasmada to‘liq ko‘rmaganman. Qaysidir lavhalarini tomosha qilganman, xolos. Sababi vaqtim yo‘qligida bo‘lsa kerak.

— Siz uchun iqtisod va san’atni bog‘lab turuvchi sabablar?
— Iqtisod yo‘nalishi bo‘yicha o‘qiganman, faoliyatim esa san’at sohasida. Bugungi kunda san’atni iqtisodsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu bizning sohada pul hamma narsani hal qiladi degan emas, lekin ijod qilish, uni xalqqa taqdim etishning ham o‘ziga yarasha xarajatlari bor.

— “Lo‘ppi-lo‘ppi” qo‘shig‘ingizning ommalashib ketishiga 3 sabab?
— Mazkur qo‘shig‘imning bu darajada mashhur bo‘lishini o‘zim ham kutmagandim. Chunki boshqa qo‘shiqlarimga nisbatan, hatto, kamroq e’tibor bilan ishlangandi. Ommalashishining birinchi va eng asosiy sababi bu omad bo‘lsa kerak. Ikkinchidan, do‘mboq qiz-ayollarimizga qo‘shiq so‘zlari juda yoqqan. Uchinchidan esa, qo‘shiqning birinchi talqini jonli ijrodan yozib olingan edi. Ya’ni uni tadbirlarning birida muxlislar bilan muloqot qilib kuylaganman. Samimiylik bilan ijro etilgani tinglovchiga manzur bo‘lgan, nazarimda...

— Ota-onangizdan nima sabab tarsaki yeganingizni eslay olasizmi?
— To‘g‘risini aytsam, yolg‘iz o‘g‘il bo‘lganim uchun erka edim. Ammo tantiq yoki gapga kirmaydigan bola bo‘lmaganman. Hozirgiga nisbatan a-a-ancha bosiq bola edim.

— Rejissyorlardan kinoga taklif tushsa, bu yo‘nalishni qay darajada eplay olaman, deb o‘ylaysiz?
— Takliflar bo‘lgan. Eplolmasam-chi, degan qo‘rquv sabab vaqtim yo‘qligini bahona qilib rad javobini berib kelayapman. Xorazmliklar yaxshi bilishadi, o‘zimizda suratga olingan bir-ikki filmlarda ko‘rinish bergandim. Menimcha, yomon chiqmagan. Ammo butun Respublika ko‘radigan kartinalarda suratga tushishdan cho‘chiyman.

— Nega poytaxtda ijod qilmaysiz?
— Ota-onam, oilam Xorazmda. Qolaversa, minglab tinglovchilarimni sog‘intirib shahri azimga kelishim qiyin.

— Bunyod va Romeoning o‘xshash tomonlari bormi?
— Ha, men ham bu mashhur qahramon kabi romantik va muhabbatimga sodiqman!
Aliya suhbatlashdi.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Xonanda Bunyodbek Saidovning qisqa savollarga javobi