11:57 / 09.08.2018
8 164

Shahzoda Matchonova nega turmush o‘rtog‘ini ommaga tanishtirishni istamasligini aytdi

Shahzoda Matchonova nega turmush o‘rtog‘ini ommaga tanishtirishni istamasligini aytdi
Nazokatli aktrisa Shahzoda Matchonova ijodiy yangiliklari, shaxsiy baxt formulasi va turmush qurgandan keyingi hayoti haqida.

- Shahzoda, ayni damda nimalar bilan bandsiz? Ijodiy yangiliklar bormi?

- Tomoshabin meni yaqin kunlarda ZO’R TV telekanali orqali namoyish etiladigan Kino Time ko‘rsatuvi boshlovchisi sifatida ko‘rishi mumkin. Ammo, hozircha hech qanday filmlarda rol ijro etayotganim yo‘q. So‘nggi suratga tushgan filmlarimning barchasi keng omma hukmiga taqdim etilgan.

- So‘nggi suratga tushgan filmlaringiz bu, «Ustyurtga yo‘l», «Ma’suma», «Virus», «Isnod», «Oh, Salima, Salima!». Bu filmlarda qahramonlaringiz turli xarakterga ega. Qaysi birining syujeti sizga ko‘proq yoqadi. Bu filmlarda rol ijro etishingizning sababi nimada? Ssenariy ma’qul kelganmi?

- To‘g‘ri bu mening oxirgi ishlarim. Har bir filmda turli obrazlarni yaratdim va bundan hursandman. Albatta ssenariy va menga berilgan rol yoqqanligi bois bu filmlarda suratga tushganman. Rollarim men uchun muhim chunki, har birini qalbimni berib ijro etganman. «Ma’suma», «Isnod», filmlari mening filmografiyamda o‘ziga xos o‘ringa ega deya olaman.

- Ko‘pchilik aktyorlar va aktrisalar bizning kinoda yaxshi ssenariylar kamligini ta’kidlashadi. Siz ham shunday fikrdamisiz?

- Haqiqatda hozirgi kunda yaxshi ssenariylar kam, qiziqtira oladiganlari bo‘lmaganligi uchun ayni kunlarda men kinoda yo‘qman. Rejissyorlar va aktyorlarda hozir ijodiy krizis desa ham bo‘ladi. Vaqti kelib o‘zbek filmida katta o‘zgarishlar bo‘lishiga, avvalgidek yaxshi kartinalar yaratilishiga ishonaman.

- Sizga qanday syujetli filmlar yaqinroq, ma’qulroq?

- Agar aktrisa sifatida, o‘zim rol ijro etish borasida bo‘lsa, dramatik syujetli filmlar yaqin. Ammo filmografiyamda komedik rollar ham ko‘proq bo‘lishini istayman.

- Hamkasblaringiz orasida filmlarda ham, teatrda ham rol ijro etadiganlari bor. Nega tomoshabin Shahzoda Matchonovani teatrda ko‘rmaydi? Takliflar yo‘qmi yoki o‘zingizni teatrda sinab ko‘rishni istamaysizmi?

- Takliflar bo‘lgan. «Diydor» teatr-studiyasida «Dyadya Vanya» spektakli repetitsiyalarida qatnashganman. Ammo o‘sha vaqtda turmushga chiqqanligim va oilamga ko‘proq vaqt ajratishim kerakligi bois repetitsiyalarga bora olmay qolganman. Bilasizmi, aktyor teatrga o‘zini butkul bag‘ishlashi, har kuni repetitsiyalarda qatnashishi lozim. Menda o‘sha vaqtda aynan shunday imkoniyat yo‘q edi. Ammo menga «Diydor»da Bahodir Yo‘ldoshev bilan ishlash nasib etganligi, hamkasblarimning teatrdagi ishlarini kuzatish imkoni berilganidan shodman.

- Hozirgi kunda ko‘pchilik o‘zbek aktrisalari qo‘shiq kuylayotganini, to‘y tantanalarida boshlovchilik qilayotganini va o‘z ishini ochayotganini ko‘zatish mumkin. Sizni esa faqat kinoda ko‘ramiz. Bu sizning qat’iy tanlovingizmi?

- Bu qat’iy tanlov emas. To‘g‘risi men juda ham uyalchangman. To‘y tantanalarida ko‘pchilik insonlar oldida sahnada turib boshlovchilik qila olmayman. Qo‘shiq kuylash esa men uchun emas.

- Agar aktrisalik kasbini tanlamaganingizda, qaysi kasbda o‘zingizni sinay olardingiz?

- Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlaganim uchun doim Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi madaniyat bo‘limida ishlashni orzu qilardim. Agar taqdir taqozosi bilan aktrisa bo‘lmaganimda balki shu yo‘nalishda faoliyat yuritgan bo‘lardim. Chunki aktrisalik faoliyatim boshlanishiga qadar aynan shu yo‘nalishda ishlashni orzu qilardim.

- Sizning fikringizcha qaysi rolingiz orqali tomoshabin orasida tanilgansiz?

- «Qalbim o‘g‘risi» filmidan keyin tomoshabin e’tiboriga tushganman deb o‘ylayman.

- Aktrisalik kasbi uchun nimalardan voz kechdingiz?

- Aktrisalik kasbi uchun hayotimda hech narsadan voz kechmadim. Bilasizmi, mening hayotda hamma ishni muhabbat bilan kilish kerak degan prinsipim bor. Masalan, muhabbat bilan turmush qurish, kasb tanlash, institutga o‘qishga kirish kerak. Ya’ni, sevgan, yoqtirgan ishni qilish lozim. Hayotimda nima qilgan bo‘lsam, qaysi yo‘lni tanlagan bo‘lsam, barchasini muhabbat ila qilganman.

- Sizning kasbingizda tashqi ko‘rinish juda muhim rol o‘ynaydi. Go‘zalligingiz siri nimada?

- To‘g‘ri tashqi ko‘rinish aktyorlik kasbida muhim. Ammo mening fikrimcha, hozirgi go‘zallik industriyasi rivojlangan bir paytda go‘zal bo‘lish muammo emas. Ammo yaratilgan go‘zallik hech qachon ayolning ichki go‘zalligi o‘rnini bosa olmaydi. Mening fikrimcha ayolning ichki jozibasi bo‘lmasa, u hech qachon insonlar e’tiborini o‘ziga qarata olmaydi. Ayolda albatta sir bo‘lishi kerak, ayolning o‘zini tutishi, tarbiyasi uning haqiqiy go‘zalligi. Go‘zal ayol bu - baxtli ayol.

- Shaxsiy baxt formulangiz bormi?

- Mening baxt formulam hech kimga hasad qilmaslik, yomonlik tilamaslik va albatta sevish.

- Siz sayohat qilgan qaysi davlatlar sizning qalbingizdan joy olgan?

- Sayohat qilishni albatta hush ko‘raman. Men ko‘rgan davlatlar orasida Italiyaning go‘zal shaharlari meni o‘ziga rom etgan.

- To‘ydan keyingi hayot, siz uchun nimalar o‘zgardi? Nimalarni angladingiz?


- Men o‘zim butkul o‘zgardim. Hayotga qarashlarim o‘zgardi. Ya’ni, menda endi bir insonni baxtli qilish, uni qo‘llab-quvvatlash, unga ham do‘st, ham suyukli yor bo‘lish, suyanchiq bo‘lish kabi ma’suliyat borligini angladim.

- Nega turmush o‘rtog‘ingiz bilan birgalikdagi suratlaringizni ijtimoiy sahifalaringizda joylashtirmaysiz?

- Agar tarmoqdagi sahifilarimni e’tibor bilan kuzatsangiz, u yerda nafaqat turmush o‘rtog‘im bilan tushgan suratlarim, balki oila a’zolarim bilan tushgan rasmlarim ham yo‘q. Sahifalarimdagi do‘stlar davrasida tushgan suratlardagi insonlarning bari shou-biznes olami vakillari. Shu sababli ham ular bilan birgalikdagi suratlarni joylashtiraman. Mening shaxsiy hayotim, bu mening shaxsiy hayotim va men oila a’zolarimni shu orqali turli xil salbiy narsalardan asrayman.

- Shahzoda Matchonova qanday inson?

- Shahzoda oddiy, samimiy qiz. U o‘z turmush o‘rtog‘ini, kasbini, yaqinlarini, muxlislarini yaxshi ko‘radigan oddiy inson. Men doim o‘zimda kamtarlik, yaxshilik, ochiq ko‘ngillik, samimiylik, oddiylik hislatlarini tarbiyalashga va shunday bo‘lishga harakat qilganman har holda.

Manba: kunutun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Shahzoda Matchonova nega turmush o‘rtog‘ini ommaga tanishtirishni istamasligini aytdi