08:02 / 30.08.2018
5 498

Milliy serial brendi bilan “milliy xiyonat” targʻibotiga “start” berildimi?

Milliy serial brendi bilan “milliy xiyonat” targʻibotiga “start” berildimi?
Odam Ato zamonidan to bugungi kunga qadar ayol nozik xilqat sifatida erkak bilan birga umrguzaronlik qilib, insoniyat hayotining davomiyligini taʼminlab kelmoqda.

Real hayotda boʻlganidek janridan qatʼiy nazar badiiy adabiyot yoxud kino boʻlsin, uni ayol obrazisiz tasavvur qilish qiyin. “Ming bir kecha” ertaklari orqali ayol obrazi eng yuqori moʻʼjizaviy estetik xilqat sifatida tasvirlandi. Sharq sheʼriyatida esa ayolga boʻlgan taʼrifu tavsif “Ming bir kecha"nikidan kam boʻlmadi. Oʻrta asrlarda real hayotda ayollarni jodugarlikda ayblab gulxanda kuydirish oddiy holat edi, lekin Shekspir zamonasidagi dramaturglar ayol obrazini ijobiy maʼnoda yangi bir choʻqqiga olib chiqdi. Shu oʻrinda eslatish joizki, Dante qalamiga mansub “Ilohiy komediya” asarining “Aʼrofa” qismi bevosita biz bilgan Toʻmarisning jasoratiga bagʻishlangan. Shekspir Toʻmaris obrazini Yevropa ayollariga namuna qilib koʻrsatgan. Fransuz adabiyotida esa Toʻmaris fransuz milliy qahramoni Janna Dark darajasida ulugʻlangan. Ammo bugungi kunda oʻzimiz oʻzimizning oʻzbek ayolini tahqirlab, loyga chaplab, botqoqqa botiryapmiz. Qanday qilib?..

Albatta, yangi davr Yevropasi romantizmida ayol obrazi yengil-yelpi ishqiy romanlar mavzusi uchun qurbon qilindi. Biroq aynan XIX-XX asr Gʻarb adabiyoti, xususan, rus romanchiligida ayol obrazi mukammal koʻrinish kasb etdi. Bu davrgacha xalq dostonlariyu, badiiy asarlardagi ayol qahramonlar oʻz davrining yetuk ziyolisi va goʻzal ayoli sifatida tasvirlangan boʻlsa, Turgenev, Dostoyevskiy, Tolstoy, Chexov kabi yozuvchilarning asarlari orqali ayol ruhiyatining oʻziga xos psixologik xarakteri yuksak badiiy boʻyoqlar bilan tasvirlandi. Ayniqsa, Tolstoyning Anna Kareninasi, Kiti Shcherbaskayasi, Turgenevning Marya Nikolayevnasi, Dostoyevskiyning Nastasya Filippovnasi jahon adabiyotida ayol obrazini yangi choʻqqiga olib chiqdi.

Oʻzbek adabiyotida Abdulla Qodiriyning Kumushi oʻzbek romanchiligidagi ilk ayol qahramon sifatida yuzaga keldi. Albatta, Shoʻro davri adabiyotida ayol obrazi mafkuraviy xususiyat kasb etib, unga oʻziga xos talablar yuklandi. Bu davr ayollaridan sunʼiy ravishda zamon qahramonlari yasalib, taqdim qilindi. Ammo tan olish kerakki, bu davrda oʻzbek adabiyoti va sanʼatida tasvirlangan ayol obrazlari har qanday majburiyatlar yuklanmasin, u ayollik shaʼni va jozibasini yoʻqotmadi. Yaʼni, kino, teatr va adabiyotda ayol ulugʻlansa ulugʻlandiki, lekin, bugungi kundagi oʻzbek kinosidagidek tahqirlanmadi. Hatto Shoʻro davrida ham oʻzbek ayoli sharmandali tarzda tahqirlanmagan.

“Mening yurtim” telekanalida namoyish etilayotgan “Fitna” serialidagi “fitna”lar haqida gapirmoqchimiz.

Yuqorida biroz mulohaza yuritganimiz boisi shuki, ushbu serial ijodkorlari va “Mening yurtim” telekanali masʼullariga qisqacha boʻlsada, dunyo badiiy tafakkurida ayolga boʻlgan munosabat, xususan, ayol obrazi nechogʻli ulugʻligining xronoligik evolyutsiyasini bilmasa bildirishni, bilsa eslatishni joiz, deb bildik.

Rejissyor Dilshod Ahmedov tomonidan suratga olingan va bugungi kunda “Mening yurtim” telekanali orqali efirga uzatilayotgan ushbu serial tomoshabinlarga milliy serial tamgʻasi ostida taqdim etilmoqda. Turfa taqdirlar, muhabbat va nafrat, sadoqat, xiyonat, ezgulik, yovuzlik xullas, bu mangu mavzularni rejissyor oʻzbekning maishiy hayoti misolida juda primitiv tarzda tasvirga tushirgan. Dastlab toʻy mojarosi bilan boshlangan serial voqeligining ilk planlaridayoq anglashiladiki, bosh qahramonlardan biri 2 farzandning onasi boʻlgan oʻqituvchi ayol. Bu ayol erini, qaynota va qaynonasini koʻrgani koʻzi yoʻq. Sartarosh er oilasi uchun har narsaga tayyor. Qaynota va qaynona esa oxirgi qiz farzandlarini turmushga bergandan soʻng haj safari uchun navbatga yozilgan. Xullas, bu oila oʻzgalarga oʻrnak boʻladigan oilalardan. Biroq oilaning kelini Nozimaning qalbi negadir nafratga toʻlib-toshgan. Rejissyorning “isteʼdodi”ni qarangki, Nozima oʻz eriga xiyonat qilishi uchun hech qanday asos yaratmasdan turib, rejissyor janoblari “oʻz qahramonini xiyonatga boshladi”. Albatta, uning nazdida Nozimaning xiyonati serialning “fishkasi” boʻlib, serial tomoshabinlarini koʻpaytiradida. Ustiga-ustak, Nozima maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlaydi. Ha, xato oʻqimadingiz – oʻqituvchi.

Shu oʻrinda “Fitna” serialidagi oʻqituvchi ayol Nozimaning xiyonatiga asos masalasiga biroz toʻxtalsak. Shu paytgacha adabiyot yoki kinoda ayolning eriga xiyonati haqidagi yuzlab syujetlarga duch kelganmiz. Biroq har bir ijodkor yaratayotgan asariga umuminsoniy axloqiy meʼyorlardan kelib chiqib yondashishga harakat qiladi. Yaʼni, ayol xiyonati masalasida ijod qonuniyatlaridan kelib chiqib, oʻziga xos manyovrlar ishlatadi. Bu manyovrlar ayolni xiyonatga undaydigan jamiyatdagi fojiaviy holatlar boʻlishi mumkin. Har qanday holatda ham xiyonat qurboniga aylantirilayotgan ayol uchun ijodkor asoslar yaratadi. Bu asoslar aslo xiyonatni oqlamaydi balki, xiyonatning kelib chiqishiga turtki boʻlgan omillarni koʻrsatadi va kerak boʻlsa qoralaydi, boring ana ogohlikka chaqiradi.

Bugun kino sanoatida, ayniqsa, teleseriallarda konflikt va intrigani kuchaytirish maqsadida xiyonat, xususan, ayol xiyonati juda koʻp tasvirlanmoqda. (Bu kabi mavzudan tarmoqlardagi turli roliklar sarlavhasidayu guruhlarga chaqiriqlarda ham unumli foydalanilmoqda.) “Fitna”dagi Nozimaning xiyonati ham aynan konflikt va intriga uchun qilingan manyovr boʻlsada, aslida manyovr, yaʼni xiyonat uchun yuqorida aytganimizdek aytarli asosning oʻzi yoʻq. Eng yomoni, serialning intrigasini oshirish maqsadida bu manyovr oʻzbek oʻqituvchi ayolining tahqirlanishi asosiga qurilgani kino sanʼatining hech qanday axloqiy meʼyorlariga toʻgʻri kelmaydi.

Shu yili hokimiyat tomonidan koʻcha supurishga chiqarilgan oʻqituvchi ayol Diananing fojiasi koʻpchiligimizni larzaga soldi. Endi ekrandagi oʻzbek oʻqituvchisi Nozimaning xiyonatkor ayol tarzida gavdalantirilishi, ichki olami nafratga toʻla, eriga xiyonatkor, qaynona va qaynotaga hurmatni bilmaydigan, xiyonat va oʻz nafsini har narsadan ustun qoʻyib, yana kamiga xiyonatni toʻgʻri, deb biladigan axloqsiz ayolni millat koʻzgusi boʻlgan oʻqituvchi obrazida koʻrsatilishi bugungi kunning, bugungi jamiyatning, bugungi maʼnaviyatning eng mudhish fojiasi emasmi?

Eʼtibor bering, Nozima eriga va qaynonasiga boʻlgan nafrati hamda boylik hirsida xiyonatga qoʻl urdi. Bu xiyonatni dastlab, qaynsinglisi va qaynonasi bilib qoldi. Qaynsingil bildiki, kelinoyisi uning erining oʻrtogʻi Hamdam bilan xiyonat koʻchasiga kirgan. Shundan soʻng qaynsingil eriga shikoyat qiladi. Ayanchlisi, uning eri bu voqeadan xabardor va oʻzini loqaydlarcha tutadi. Shu joyiga, toʻgʻrisi, tushunmadik. Bu loqaydlik bilan tomoshabin jamiyatni shunday holatlarga loqayd boʻlishga chaqirilyaptimi yoki targʻib qilinyaptimi?

“Fitna” serialidagi qaynona goʻyoki oilasining tinchligi va mavqeini oʻylab, kelini bilan gaplashib oladi va uning xiyonatini kechirib, Nozimaning xiyonatini oʻgʻlidan sir saqlaydi. Ana senga tomoshayu mana senga tomosha. Dod devorging keladi, toʻgʻrisi. Nimalar boʻlyapti? Nimalar qilyapmiz oʻzi? Nimani targʻib qilishyapti bu serial orqali? Kimga nimani oʻrgatyapmiz?

Ammo Nozima xiyonatda davom etadi. Nihoyat, serial kulminatsiyasida Nozimaning eri uni xiyonat ustida tutib olib, taloq qoʻyadi. Mana sizga konflikt, mana sizga intriga! Mohiyatan serial emas, havaskor videomahsulot boʻlgan bu “sanʼat asari”dan istaganingizcha hayratlaning. Qahramonlarining “iztirob”i va “azoblari”ga sherik boʻling. Goʻyo, Arastu nazarda tutgan katarsis misol.

Yodingizda boʻlsa, “Zoʻr TV” efirga bergan “Kara sevda”, yaʼni, “Sevgi iztirobi”ni aynan xiyonat targʻiboti sifatida efirdan olib tashlash uchun butun jamoatchilik oyoqqa turgandi. “Yoshlar” telekanalida efirga ketgan “Ishani”, yaʼni, “Senga oshiqman” teleseriali ham jamoatchilik noroziligi ostida axloqiy jihatdan buzuq boʻlgan gʻoyalarni targʻib qilgani uchun efirdan olindi.

Endi esa milliy serial brendi bilan “milliy xiyonat”ni targʻib qiladigan serial bera boshlandi. Hozircha jamoatchilik ovozi eshitilgani yoʻq.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi, texnik va badiiy jihatdan kino sanʼatining talablariga toʻgʻri kelmaydigan bu “sanʼat asari” qanday qilib “Mening yurtim” telekanali efirigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi?

“Oʻzbekkino” milliy agentligi nega bu serial ekranga chiqishiga ruxsat berdi? Agentlik badiiy kengashi bu “Fitna”ning ssenariysi va suratga olingan epizodlarning umumiy gʻoyaviy maqsadi bilan tanishib chiqqanmi? Agar tanishib chiqqan boʻlsa, nega buzuqlikni targʻib qiluvchi bu mahsulot efirga chiqishiga yoʻl qoʻydi?

“Mening yurtim” telekanalining badiiy kengashi bormi? Agar bor boʻlsa, bu kengash qaysi meʼyor va talablarga koʻra bu “Fitna”ga “sherik” boʻldi va uning efirga chiqishiga ijobiy xulosa berdi?

“Fitna”ning efirgacha boʻlgan shonli yoʻlida ishtirok etgan bu masʼullar “Bu serialda hayotda uchrab turadigan yovuz illatlar qoralangan, rejissyor bu serial orqali barchamizni ogohlikka chaqirmoqchi”, degan iddaoni qilishlari mumkin. Qanday ogohlik haqida gapirish mumkin bu yerda? Nima, oʻzbek ayoli, millat koʻzgusi boʻlgan oʻzbek oʻqituvchisini ichki olami nafratga toʻla, eriga xiyonatkor, qaynona va qaynotaga hurmatni bilmaydigan, xiyonat va oʻz nafsini har narsadan ustun qoʻyib, yana kamiga xiyonatni toʻgʻri, deb biladigan axloqsiz ayol obrazida gavdalantirib, jamiyatning qaysi yomon jihatidan ogohlikka chaqirmoqchi boʻlishyapti? Aslida, shu serialning oʻzidan ehtiyot boʻlish kerak boʻlib turibdiku? Ogohlikka chaqirmoqchi boʻlganlarga soʻzimiz: baraka topgurlar, “Fitna”ni kino sanʼatining hech qaysi talablariga koʻra teleserial deb boʻlmaydi! Ayniqsa, oʻqituvchini shu qiyofada tasvirlash ortiqcha.

Tabiiyki, ushbu serialni maktab, kollej, litsey oʻquvchilari va talabalar koʻradi. Endi savol, ularga oʻqituvchini kim qilib koʻrsatyapmiz? Kattalariku esi bor deylik, salbiy taʼsiri kamroq boʻlar, ammo kichkinalarining ongu shuurida oʻqituvchini qanday obrazda gavdalantiryapmiz?

Endi bu kabi “Fitna”larni qoʻyuvchi telekanallarni monitoring qiluvchi tashkilotlar diqqatiga. Siz faqat qonunchilikka zid keluvchi shafqatsizlik yoki pornografiya chiqib qolganda chora koʻrasizmi? Nega milliylikka zid keluvchi “Fitna”lar tahlil etilib, unga qarshi choralar koʻrilmaydi?

Xullas, yana mashhur serialdagi gap yodimizga tushdi “Ot izi it iziga aralashib ketibdi”.

Bugun prezident boshchiligida oʻqituvchilarni davr va jamiyatning eng hurmatli insoniga aylantirishga harakat boshlangan. Oʻqituvchi zamon qahramoni boʻlsa qanday yaxshi. Zamon ziyo bilan burkanadi. Har qalay xonanda zamon qahramoni boʻlganidan koʻra, oʻqituvchi zamon qahramoni boʻlgani ming emas, million marta yaxshida.

Aytgancha, oxirgi paytlarda tungi klublar maʼnaviyatimizga bolta uryapti, degan gapni koʻp eshityapmiz. Avvalo, maʼnaviyatli odam tungi klub taʼsirida buzilib qolmaydi. Ha, buzilmaydi, chindan ham uning maʼnaviyati bor boʻlsa. Mustahkammi, mustahkammasmi, bu ikkinchi masala. Axir tungi klublarga asosan kimlar boradi? Oʻqituvchisidan yaxshi taʼlim olmagan, oʻqituvchisini oʻz qahramoni deb bilmagan yoshlar. Endi yana savol, oʻzimiz oʻqituvchini axloqi buzuq qilib televizorda koʻrsatib oʻtirsak, yoshlardan nimani kutish kerak?
Xurshid DALIYEV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Milliy serial brendi bilan “milliy xiyonat” targʻibotiga “start” berildimi?