08:02 / 31.08.2018
8 284

“Mening yurtim” telekanali raddiya berdi: Muhimi – tomoshabinga xiyonat qilmaslik (foto)

“Mening yurtim” telekanali raddiya berdi: Muhimi – tomoshabinga xiyonat qilmaslik (foto)
“Mening yurtim” telekanali “Kun.uz” saytida eʼlon qilingan tanqidiy maqolaga munosabat bildirdi.

Shubhasiz, ayol obrazi dunyo adabiyotida muhim oʻrin tutadi. Kino sanʼatini esa ayol obrazisiz tasavvur qilish qiyin. Shunday ekan muallif Xurshid Daliyevning “Milliy serial brendi bilan «milliy xiyonat” targʻibotiga “start” berildimi?» sarlavhasiga biz yoʻq deb javob beramiz. Aslo milliy serial brendi asosida hech qanday xiyonat targʻib qilinmayapti.

Kino sanʼatida xiyonat mavzusi bugun paydo boʻlgani yoʻq. Hayotni aks ettirishni maqsad qilgan har bir ijodkor oʻz asarida hayotda uchraydigan muhabbat, xiyonat, sadoqat, vafo mavzularida ijod qiladi. Bugungi kunda barcha telekanallar turk seriallarni namoyish etib, bizning mentalitetga zid madaniyatni tomoshabin ongiga singdiryapti. Bu seriallarda erini senlaydigan, ota-onasiga hurmat-ehtirom koʻrsatmaydigan qahramonlar toʻlib toshib yotibdi. “Mening yurtim” telekanali bu kanallardan farqli oʻlaroq bugungi kunimiz hayoti va muammolari aks etgan serialga murojaat qildi. Unda esa aynan oʻzbek jamiyatidagi oilalar va ularning hayotiga koʻzgu tutilgan xolos. Zero, donishmand xalqimizda odobni odobsizdan oʻrgan, degan hikmat ham bor bu yerda. Axir hayot tekis bir yoʻl, bir qolipda kechadigan jarayon emaski, uni boʻyab, xaspoʻshlab, ziddiyatlarsiz qilib aks ettirsak.

Oʻz nomi bilan “Fitna” serialida aynan muallif qayta-qayta taʼkidlab oʻtgan ayol xiyonati fosh etilgan. Oʻqituvchi boʻladimi, sotuvchimi yoki sartarosh, oilasiga, turmush oʻrtogʻiga, farzandlariga xiyonat qilgan ayol oxir-oqibatda xor boʻladi. Xiyonat oʻz nomi bilan xiyonat. Kasbi va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, salbiy qahramon xiyonat qilar ekan badiiy asar yoki kinoda ochiq tasvirlanadi. “Fitna” serialida behayo sahnalar, beadab gaplar yoʻq. Ustiga ustak kundalik hayotimizda roʻy berayotgan voqealar ham kiritib borilyapti. Bugun oshkoralik zamoni, muammolarni ochiq-oydin koʻrsatmasak kim koʻrsatadi? Bizga faqat doʻppi kiygan oʻzbek qizining namunali hayoti koʻrsatilgan silliq seriallar kerakmi faqat? Bu serial oʻziga xos dinamikasi bilan boshqa seriallardan ajralib uzundan uzoq voqealar chaynalmaydi. Serial ijodkorlarining maqsadi muallif nazarda tutgandek oʻzbek ayolini tahqirlash emas, balki jamiyatda uchraydigan yovuz illatlarni aks ettirish orqali tomoshabinni mushohada qilishga undashdan iborat.

Rejissyor Dilshod Ahmedov bu xiyonat mavzusini “ixtiro” qilmagan. “Fitna” seriali yozuvchi Jamila Ergashevaning “Qir ustidagi ayol” qissasi asosida suratga olingan. Shunday ekan serialning Oʻzbekiston Yozuvchilar Uyushmasi ruxsati bilan chop etilgan asarga asoslanishining oʻzi Xurshid Daliyevning ““Oʻzbekkino” milliy agentligi nega bu serial ekranga chiqishiga ruxsat berdi? Agentlik badiiy kengashi bu “Fitna”ning ssenariysi va suratga olingan epizodlarning umumiy gʻoyaviy maqsadi bilan tanishib chiqqanmi?” qabilidagi savollariga javob boʻladi.

Serialda nafaqat xiyonat mavzusi balki, firibgarlik, odam savdosi, ommaviy madaniyatning salbiy oqibatlari, uyushgan jinoyatchilik, poraxoʻrlik va giyohvandlik kabi illatlar keskin qoralangan. Bu illatlar zamirida hayotda adashgan, qaltis xatoga yoʻl qoʻygan insonlar taqdiri yotadi. Nozima ana shunday adashgan salbiy qahramonlardan biri. Kelinining xiyonatini oʻgʻlidan yashirmoqchi boʻlgan qaynonaning xatti-harakatlarini nimaga oqlamaslik kerak? Qaynona ham ona. Nabiralarini yetim qilmaslik, butun oilani saqlab qolishni maqsad qilgan, hayotning achchiq-chuchugini totib ulgurgan ayolga nima eʼtirozingiz bor?! Har bir inson qilgan xatosi, gunohi va jinoyati uchun javob beradi. Serialdagi taqdirlar misolida har qanday nojoʻya harakat va gunohning jazosi muqarrarligi koʻrsatib berilgan. Serialda bu illatlar oqlanmayapti, aksincha, real taqdirlar, real voqealar orqali qoralanib, fosh etilyapti. Eng muhimi, serial finalida yaxshilik yomonlik ustidan, muhabbat nafrat ustidan, ezgulik esa yovuzlik ustidan gʻolib boʻladi va ijobiy yakun topadi.

Rejissyor Dilshod Ahmedov “Fitna” serialiga qadar “Toʻqlikka shoʻxlik”, “Qilmish-qidirmish”, “Salom gruppadagilar” filmlari va “Vijdon azobi” seriali orqali tomoshabinlar qalbidan oʻrin egallagan. “Fitna” serialida esa rejissyor yosh ijodkor sifatida jamiyatimizdagi fojiaviy illatlarni aks ettirish orqali ularga qarshi kurashishni maqsad qilgan. Agar biz Dilshod Ahmedov kabi rejissyorlarimizning har bir ijod mahsulini koʻr-koʻrona tanqid ostiga olaversak kino sanʼatimiz qanday taraqqiy etadi? Biz bu ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlamogʻimiz, ularning intilishlariga toʻsqinlik qilmasligimiz kerak. Shu holatdagina xorij seriallariga kunimiz qolmasdan milliy seriallarning ham yaratilishiga imkon bergan boʻlamiz. Unutmasligimiz kerakki, ijod erkinlikni talab qiladi. Ijodkorga biz buyurtma bera olmaymiz. Agar biz oʻz qoliplarimizdan kelib chiqib, buyurtma berar ekanmiz sanʼatga va tomoshabinga xiyonat qilgan boʻlamiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “Mening yurtim” telekanali raddiya berdi: Muhimi – tomoshabinga xiyonat qilmaslik (foto)